Yunoniston bo‘yicha OI sammiti qoldirilgan

Image caption Yevrozona moliya vazirlari muzokaralarini yakuniga yetkazolmaganlar.

Muzokaralar “juda qiyin”ligi sababli Ovro‘po Ittifoqiga a‘zo mamlakatlar rahbarlarining 12 iyulga mo‘ljallangan sammiti bekor qilingan.

Bunga Yevro pul birligi muomalada bo‘lgan mamlakatlar moliya vazirlarining Yunoniston hukumati taklif qilgan rejani ma‘qullab uchinchi qarzni ajratishga rozi bo‘lish yoki Yunonistonning Yevro zonasidan chiqarib yuborishga qaror qilish bo‘yicha bir yechimga kelinmagani sabab bo‘lgan.

Yevrozona moliya vazirlari muzokaralari shanba kuni boshlangan, ular qabul qilgan qaror Yevrozona tarkibidagi 19 mamlakat rahbari ishtirokida muhokama etilishi, ana undan keyin Ovro‘po Ittifoqi rahbarlari sammiti boshlanishi rejalangan edi.

Biroq moliya vazirlari muzokaralarini yakuniga yetkazish imkoni bo‘lmagan, yakshanba kuni ham bahslarni davom ettirishga qaror qilingan.

Ovro‘po Kengashi Donald Tusk OI sammiti bekor qilingan bo‘lsa ham Yevrozona rahbarlari uchrashuvi yakshanba kuni boshlanishi va “Yunoniston bo‘yicha muzokaralarimizni yakuniga yetkazmagunimizcha” davom etishini ma‘lum qilgan.

Yunoniston shu paytgacha yig‘ilgan qarzlarini qoplash uchun kreditorlardan 2018 yilgacha 53,5 milliard Yevro yoki 59,47 milliard AQSh dollariga teng qarz so‘ramoqda.

Oxirgi besh yil davomida kreditorlar islohotlar o‘tkazish talabi bilan Yunonistonga 200 milliard Yevrodan ko‘p qarz berishgan.

Yunoniston shu vaqtgacha yig‘ilgan qarzlarining hammasini to‘lash imkonsizligini aytib kelmoqda, bu qarzlar restrukturizatsiya etilishini talab qilmoqda.

Ayni paytda inqirozdan qutqarish yangi rejasi 74 milliard Yevrogacha ko‘tarilishi mumkin.

Yunonistonga berilgan qarzlardan qutulish va‘dasi bilan hokimiyatga kelgan "Siriza" partiyasi rahbari, joriy Bosh vazir Aleksis Tsiprasning inqirozdan chiqishga qaratilgan yangi takliflarini Yunoniston parlamenti tomonidan ma‘qullanishi ham oson kechmagan.

Yunoniston parlamenti ham 10 iyuldan 11 iyulga o‘tar kechasi qattiq bahs-munozaralardan keyin bosh vazir takliflarini ma‘qullagan.

Xabar qilinishicha, yangi rejada bir necha taklif borki, yaqinda o‘tkazilgan referendumda xalq ana shu amallarga qarshi chiqqan.

Aytilishicha, Bosh vazir Tsipras Yunonistonni Yevro zonasidan chiqarib yuborilishi oldini olish maqsadida Ovro‘po Komissiyasi, Ovro‘po Markaziy Banki va Xalqaro Valyuta jamg‘armasi talab qilayotganidek soliqlarni oshirishga, pensiya tizimini isloh qilishga rozi bo‘lgan.

Shuningdek, byudjet xarajatlarini 12 milliard Yevroga qisqartirishga ham rozilik bildirilgan.

Bi-bi-si O‘zbek xizmati bilan Whatsapp, Telegram va Viber orqali bog‘lanishni istasangiz, telefonimiz: +44 78-58-86-00-02.

Instagram – BBC UZBEK

Twitter – BBC UZBEK

Odnoklassniki – BBC UZBEK

Facebook- BBC UZBEK

Google+ BBC UZBEK

YouTube - BBCUZBEK (https://www.youtube.com/user/bbcuzbek)

Skype - bbcuzbekradio