Turk sudi Gulanga tegishli maktablarni yopish qarorini bekor qildi

Turkiya konstitutsion sudi ulamo Fathulloh Gulanga tegishli ekani ishonilgan xususiy maktablar tarmog‘ini yopish bo‘yicha chiqarilgan qonunni bekor qildi.

Prezident Rajab Toyib Erdo‘g‘on o‘zining sobiq ittifoqchisi va hozirda muxolifi bo‘lgan janob Gulanni unga qarshi fitna uyushtirishda ayblagan.

Mazkur maktablar AQShda yashaydigan janob Gulanning 50 yillik "Xizmat" harakati uchun eng asosiy daromad manbaidir.

Bu maktablar mustaqillik yillarining boshida O‘zbekistonda ham ochilgan, biroq 90-yillar oxirlariga borib yopilgan. Maktabning o‘zbek talabalari esa "Nurchilik" diniy oqimiga a‘zolikda ayblanib ta‘qib qilinganlar va bir nechasi qamoq jazosiga hukm qilingan.

Turkiyada millionlab talabalar janob Gulanning litseylarida o‘qib universitetlarga tayyorlanadilar.

Mazkur maktablarni man etuvchi qonun 1 sentyabrdan kuchga kirishi mo‘ljallangandi.

O‘tgan dekabrь oyida Turkiya sudi janob Gulanni "qurolli terrorchi guruh"ni tuzish va yuritishda ayblab, unga qarshi hibs sanktsiyasini chiqargandi.

Janob Gulan barcha ayblarni keskin rad qiladi.

Prezident Erdo‘g‘on yangi qonunni ta‘lim sohasi islohotlari doirasida taqdim qilgandi.

Turkiya ta‘lim sohasi savodxonlik, matematika va ilm-fan bobida aksar rivojlanayotgan davlatlardan orqada qolib kelmoqda. Qonun qabul qilinayotganida janob Erdo‘g‘on amaldagi tizimni "nosog‘lom" deya qoralagandi.

Janob Gulan bir vaqtlar bugungi prezidentning ittifoqchisi bo‘lgan, biroq oxirgi yillarda uni hukumatni ag‘darish urinishlarida ayblashdi.

Ikki yil avval Turkiya politsiyasi va adliya tizimdagi "Xizmat" harakatiga a‘zo yoki xayrixoh bo‘lgan mulozimlar u paytda bosh vazir bo‘lgan Erdo‘g‘onning tarafdorlarini yoppasiga tergov qila boshlaganida, Gulan va Erdo‘g‘on o‘rtasidagi aloqalar taranglashgan.

75 yoshli Fathulloh Gulan Anatoliya sufiylaridan ta‘sirlangan sunniy xanafiy musulmon ulamosidir.

Uning "Xizmat" harakatida muayyan struktura yo‘q, biroq uning 150ta mamlakatda millionlab a‘zolari bor.

Bi-bi-si O‘zbek xizmati bilan Whatsapp, Telegram va Viber orqali bog‘lanishni istasangiz, telefonimiz: +44 78-58-86-00-02. Instagram – BBC UZBEK Twitter – BBC UZBEK Odnoklassniki – BBC UZBEK Facebook- BBC UZBEK Google+ BBC UZBEK YouTube - BBCUZBEK (https://www.youtube.com/user/bbcuzbek) Skype - bbcuzbekradio