O‘zbekistonda Ramazon hayiti bayram qilinmoqda

Image copyright bbc
Image caption O‘zbekistonda diniy bayram kunlari boshqa qo‘shni mamlakatlardagidan farq qilishi bilan bog‘liq Bi-bi-si savoliga javob berar ekan, Ulug‘bek nomidagi Astronomiya instituti direktori o‘rinbosari Sobit Ilyosov O‘zbekiston Musulmonlar idorasi Astronomiya instituti tavsiyalariga tayanishini aytdi.

18 iyul kuni ertalab O‘zbekistondagi jome‘ masjidlarida Ramazon hayiti namozlari o‘qilgan.

Har yili kuzatilganidek, Ramazon Hayiti kunini belgilash bo‘yicha O‘zbekiston prezidentining qarori e‘lon qilingan.

Bu qarorda diniy bayram O‘zbekiston Musulmonlari diniy idorasining qarorini e‘tiborga olib belgilangani aytilgan.

O‘zbekiston muftiyati Ramazon hayitining birinchi kuni 18 iyulga to‘g‘ri kelishini aytgan.

Dunyoning aksar musulmon mamlakatlarida Ramazon hayiti ibodatlari 17 iyul kuni ado etildi.

Xususan, O‘zbekistonning qo‘shnilari Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Tojikiston va Afg‘onistonda bayram juma kuni boshlandi.

O‘zbekistonda diniy bayram kunlari boshqa qo‘shni mamlakatlardagidan farq qilishi bilan bog‘liq Bi-bi-si savoliga javob berar ekan, Ulug‘bek nomidagi Astronomiya instituti direktori o‘rinbosari Sobit Ilyosov O‘zbekiston Musulmonlar idorasi Astronomiya instituti tavsiyalariga tayanishini aytdi.

Jumladan, bu yil yangi oy tug‘ilishi 16 iyulga to‘g‘ri kelgan.

Biroq yangi oy tug‘ilgan soniyalar dunyoning ko‘plab mamlakatlarida tonggi quyosh chiqqandan keyingi soatlarga to‘g‘ri kelgan.

Musulmonlar yangi oyni ko‘rib ro‘za tutishlari va yangi oyni ko‘rib ro‘zani to‘xtatishlari haqidagi hadisga rioya qilar ekanlar, oddiy ko‘z bilan yangi oyni faqat 17 iyul kuni ko‘rish mumkin bo‘ldi.

Shuningdek, bu yil O‘zbekiston Musulmonlari diniy idorasi ham nega O‘zbekistondagi Ramazon hayiti kuni qo‘shni mamlakatlaridan farq qilganiga izoh bergan.

Diniy idora matbuot xizmati maqolasida shunday deyilgan:

"Ramazon hilolini hamma ko‘rishi juda kam bo‘ladigan holat. Havo bulutli yo chang bo‘lganidan hech kim ramazon hilolini ko‘rmasa, muftiy sha‘bonni o‘ttiz kunga to‘ldirilishini va keyingi kun ramazon ro‘zasi boshlanishini e‘lon qiladi. Ya‘ni, bu holda ramazon ro‘zasi boshlanishini faqat muftiy e‘lon qiladi."

"Ibodat masalalarida ehtiyot bo‘lish kerak. Falon yurtda bugun hayit ekan, deb og‘izni ochib yuborish mumkin emas. Zero, ramazon ro‘zasining boshlanishi ham, tugashi ham muftiy e‘lon qilishi bilan aniq bo‘ladi."

Ulamolarning bu masaladagi ittifoqi shuki, hokimning hukmi yoki boshliqning qarori ixtilofli masalalarda ixtilofni to‘xtatadi. Agar bir musulmon yurtda yangi oy chiqishini aniqlashga mas‘ul idora: oliy mahkama yoki fatvo hay‘ati yoki diniy ishlar boshqarmasi yoki boshqasi ro‘za tutish yoki ro‘zani ochish bo‘yicha qaror chiqarsa, o‘sha yurt musulmonlari bunga itoat qilishlari, bo‘ysunishlari kerak. Chunki bu yaxshilik yo‘lidagi itoatdir. Garchi bu boshqa yurtda tasdiqlangan ishga xilof bo‘lsa ham. Chunki bu hukm “Har bir yurt ahli o‘zlari yangi oyni ko‘radilar”, degan qarashga asoslangan bo‘ladi”, deyiladi maqolada.

Bi-bi-si O‘zbek xizmati bilan Whatsapp, Telegram va Viber orqali bog‘lanishni istasangiz, telefonimiz: +44 78-58-86-00-02.

Instagram – BBC UZBEK

Twitter – BBC UZBEK

Odnoklassniki – BBC UZBEK

Facebook- BBC UZBEK

Google+ BBC UZBEK

YouTube - BBCUZBEK (https://www.youtube.com/user/bbcuzbek)

Skype - bbcuzbekradio