"Ko‘p inson o‘limini tan olish noqonuniy konchilikka yo‘l qo‘yib berilganini tan olishdir"

Image copyright asiaterra.info

Toshkent viloyatidagi oltin konlaridan birida ro‘y bergan fojea oqibatida kamida 11 inson halok bo‘lgan.

11 iyul kuni ro‘y bergani aytilgan hodisa haqida O‘zbekiston rasmiylari hozirgacha hech qanday axborot bermayaptilar.

Ayrim xabarlarga ko‘ra, tashlandiq konda noqonuniy oltin qazish bilan shug‘ullanadigan konchilar ikki guruhi o‘rtasida janjal kelib chiqqan va yutqazgan guruh o‘t qo‘yib yuborgani oqibatida gaz portlashi ro‘y bergan.

Bu paytda kon ichida kamida 70 inson bo‘lgani haqida aytilmoqda.

BBC ushbu turli-tuman xabarlarning qay biri tasdiqlanganini angrenlik jurnalist Dmitriy Tixonovdan so‘radi.

Dmitriy Tixonov: Oltin qazib chiqaruvchilar bilan bog‘liq vaziyat menga juda yaxshi tanish. Men nafaqat so‘nggi hodisa tafsilotini, balki oltin qazib chiqarish ishi Angrenda qanday yo‘lga qo‘yilganini yaxshi o‘rganganman. Bu mavzuni men bir necha yillardan buyon o‘rganib kelaman.

BBC: Angren yaqinidagi konda ko‘plab insonlar nobud bo‘lgani haqida xabarlar tarqalganiga ancha bo‘ldi. Bu borada rasmiylar biror ma‘lumot taqdim qildilarmi?

Dmitriy Tixonov: Bu haqda rasman hech qanday axborot yo‘q.

BBC: Siz o‘zingiz ham 11 iyul kuni konda qanday hodisa yuz berganini aniqlashga harakat qilgansiz. Va bugunga kelib qaysi xabar to‘g‘ri, tekshirilgan va tasdiqlangan deb ayta olasiz?

Dmitriy Tixonov: Rasman tasdiqlanmagani tufayli turli xabar manbalariga tayanishga to‘g‘ri keladi. Odatda turli manbalardan olingan har xil axborot to‘planib, umumiy bir xulosaga kelinadi. Ammo oltin konidagi fojea bo‘yicha turli manbalarning xabarlari bir-biridan keskin farq qilmoqda. Ayniqsa, hodisaga nima sabab bo‘lgani borasida. Biroq barcha manbalar tasdiqlayotgan jihatlar quyidagilar: birinchisi, qurbonlar chindan ham bor. Ikkinchisi, ular noqonuniy oltin qazish bilan shug‘ullanib kelgan insonlar bo‘lganlar. Halokatga nima sabab bo‘lgani haqida esa bir manba aytishi bo‘yicha, yer ostida to‘plangan noqonuniy konchilar o‘rtasida janjal kelib chiqqan. U yerda 70-100 tacha odam bir vaqtning o‘zida ruda qazib olish bilan shug‘ullanadilar. Ichida tillosi bor ruda topilgan joy chegaralangan, bu joyda hamma o‘zini ulushini olib qolishni istaydi. Odatda ular bir-biri bilan kelishib, navbat tashkil qilib qazish bilan shug‘ullanadilar. Ana shu navbatning ustidan ikki guruh o‘rtasida janjal kelib chiqqani, yutqazgan guruh benzin yoqqani, olov esa gaz balloniga tutashgani aytilmoqda. U yerga gaz ballon va benzin qanday borib qolgan? Yer ostida 4-5 kun ishlash uchun "konchilar" pastga ovqatlanish va dam olish uchun zarur hamma narsani olib tushishgan, gaz plitalarida ovqat pishirishadi. Elektr generatori benzin bilan ishlaydi va u ham yoritib, ham elektr perforator bilan ruda qazib olinadi.

BBC: Qurbonlar soniga aniqlik kiritish imkoni bo‘ldimi sizda?

Dmitriy Tixonov: Bu vaziyatning o‘ziga xosligi shundaki, kondan olib chiqilgan jasadlarning hammasini ham rasman ro‘yxatga olmayaptilar. Qonun bo‘yicha har qanday o‘lim holati sud-tibbiyot ekspertizasidan o‘tkazilishi, o‘lim sababi qayd etilishi talab qilinadi. Hozir morgda 11 inson qayd etilgan. Qolgan insonlar jasadi nega rasman qayd qilinmagan, bizga noma‘lum. So‘nggi hodisada 45 dan ortiq inson hayot ko‘z yumgan, deb ham aytishayapti. Aytishlaricha, qarindoshlari kondan olib chiqib dafn qilganlar. Shunday taxmin aytilayaptiki, shu yo‘l bilan qurbonlar sonini kamaytirishmoqchi. Chunki ko‘p inson o‘limini tan olish tashlandiq konda 70-100 odamning noqonuniy oltin qazib olishiga yo‘l qo‘yib berish deganini anglatadi. So‘nggi hodisa Ko‘chbuloq qishlog‘i yaqinidagi konda ro‘y bergani xabar qilinayapti. Ammo bu kon eniga va bo‘yicha yer ostida 10 kilometrga cho‘zilib ketgan. Tashlandiq kon og‘zi yopilib ko‘mib tashlanganiga qaramasdan, har doim noqonuniy oltin izlovchilar konni ochib oltin qidirishgan, bu amaliyot o‘nlab yillardan buyon davom etib keladi. Buni mahalliy militsiya ham, xavfsizlik xizmati ham, konlarni qo‘riqlaydigan harbiy qo‘riqlash xizmati ham juda yaxshi bilishadi. Bu ishlar qonunga zid, xavfli ekaniga qaramasdan, bunga yo‘l qo‘yib berilgan.

BBC O‘zbek xizmati bilan Whatsapp, Telegram va Viber orqali bog‘lanishni istasangiz, telefonimiz: +44 78-58-86-00-02.

Instagram - BBC UZBEK

Twitter - BBC UZBEK

Odnoklassniki - BBC UZBEK

Facebook - BBC UZBEK

Google+ - BBC UZBEK

YouTube - BBCUZBEK (https://www.youtube.com/user/bbcuzbek)

Skype - bbcuzbekradio

Your contact details
Disclaimer

Bu mavzuda batafsilroq