Toshkentda yana xususiy mulklar buzildi, yana ogohlantirishsiz

Image copyright gazeta.uz

Toshkentning "Buyuk Ipak yo‘li"(sobiq Maksim Gorkiy) metrosi atrofida joylashgan do‘konlar sohiblariga 26 iyul tunida zudlik bilan binolarini bo‘shatishlari shartligi haqida buyruq bo‘lgan.

Bu kimning buyrug‘i, qaysi qonunga yoki boshqa me‘yoriy hujjatga asoslangan, hech kimga tushuntirish berilmagan.

Har holda sobiq "Svetlana" gastronomi binosi atrofida joylashgan tijorat do‘konlari, dorixona, bank bo‘limi, internet-kafelarda ish bilan band bo‘lgan insonlar, yozning jaziramasida shu yerdagi fontan atrofida salqinlashishni xush ko‘rgan yashovchilar nega bularning barini buzishga to‘g‘ri kelgani sababini bilmaganlar.

Na Toshkent shahar hokimligi, na poytaxtning Mirzo Ulug‘bek tumani hokimligi amaldorlari jamoatchilikka so‘nggi buzish ehtiyojini tushuntirishni o‘zlariga ep ko‘rganlari yo‘q.

Odamlarning bilganlari faqat bu nuqtalar "prezident trassasi" yoqasida joylashgani va ko‘pincha prezident xavfsizligini bahona qilib yo‘l chetlari "ship-shiydon" qilinishidir.

O‘zbekistondagi Internet nashrlari navbatdagi "obodonchilik" ishlari haqida xabar tarqatganlar, fotosuratlarni e‘lon qilganlar.

Chorrahaga barcha kommunal xizmatlarga tegishli avtomobillar, boshqa texnika haydab kelingan, avtobus bekatlari ham buzib tashlangan.

Do‘konlardan birida yong‘in kelib chiqqan, ammo alanga tezda o‘chirilgan.

Metro bekati yaqinidagi bank bo‘limi peshtoqidagi yozuvlarni olib tashlashga buyruq berilmagan.

Shu sababdan ham tijorat do‘konlari egalari bu yerda faqat ofislarni qoldirishga qaror qilingan, qolgani buziladi, degan fikrga borganlar.

O‘zbekiston qonunlarida xususiy mulk daxlsizligi kafolatlanishi yozib qo‘yilgan.

Biroq Toshkent shahrida shaxsiy uylar mutanosib tovon pulisiz buzib tashlanishi, do‘kon yoki boshqa tijorat ob‘ekti egalariga binoni bo‘shatib qo‘yish talab qilinishi singari noqonuniy amallar juda ko‘p marta kuzatilgan.

Bu amallari uchun biror hokimlik mansabdori javobgarlikka tortilgani jamoatchilikka ma‘lum emas.

Balki bu hokimlikda ishlab turganidan foydalanib mo‘may daromad keltiradigan gavjum joyni o‘zi yoki yaqinlari nomiga rasmiylashtirishni xohlab qolgan mahalliy "to‘racha"ning o‘zboshimchaligidir?

O‘zbekiston sharoitida ushbu taxminning ham asosga ega ekaniga ishonch hosil qilish imkonsiz, bunday taxmin hokimlikdan ishdan bo‘shab jinoiy javobgarlikka tortilgan amaldor haqidagi xabar tasdiqlanganida ham jamoatchilik bundan kamdan-kam hollarda xabardor bo‘lib qoladi.

"Shok terapiyasi" deya bo‘layotgan ishlarga ta‘rif bergan tijoratchi ayollardan biri.

Internetdagi forumlarda foydalanuvchilar noroziliklarini izhor qila boshlaganlar, "ana endi bu atrofda ichadigan suvni sotib oladigan joy ham qolmadi", deb yozgan Facebook foydalanuvchilaridan biri.

Siz bu haqda nima deysiz?

BBC O‘zbek xizmati bilan Whatsapp, Telegram va Viber orqali bog‘lanishni istasangiz, telefonimiz: +44 78-58-86-00-02.

Instagram - BBC UZBEK

Twitter - BBC UZBEK

Odnoklassniki - BBC UZBEK

Facebook - BBC UZBEK

Google+ - BBC UZBEK

YouTube - BBCUZBEK (https://www.youtube.com/user/bbcuzbek)

Skype - bbcuzbekradio

Bu mavzuda batafsilroq