O‘zbekistonda bu yil shakar narxlari ko‘tarilmadi

Image copyright Thinkstock

Joriy yoz O‘zbekiston shakar ta‘minotida muammolarga duch kelgani yo‘q va narxlar ham osmonga sapchish kuzatilmadi.

Mazkur holat kuniga 1, 000 tonna shakar ishlab chiqarayotgan yangi sanoat inshooti faoliyati bilan bog‘lanadi.

Sabablardan yana biri, kuzatuvchilarga ko‘ra, mevalar narxining balandligi bois qish uchun murabbo g‘amlash mavsumi u qadar qizimagani hamdir.

Uz24.uz internet nashri 2015 yilning birinchi yarmida O‘zbekistonda shakar ishlab chiqarish hajmi o‘tgan yilning xuddi shu davri bilan solishtirganda 50 foizga ortgani haqida xabar berdi.

"Go‘sht konservalari - 3,2 martaga, shakar - 1,5 martaga, uzoq saqlanmaydigan non mahsulotlari - 21,2 foizga, sariyog‘ - 17,7 foizga va non (birinchi navli undan tayyorlangan bug‘doy noni) - 11,6 foizga ortdi...", deyiladi Davlat statistik qo‘mitasi hisobotidaga tayanilgan xabarda.

Davlat statistik qo‘mitasi hisobotida oziq-ovqat mahsulotlarini ishlab chiqarishni oshirish va turlarini kengaytirish bo‘yicha amalga oshirilgan choralar oziq-ovqat sanoati ishlab chiqarishining barqaror o‘sishiga olib kelgani qayd qilingandi.

2014 yilning oktyabrida Toshkent viloyati Angren shahrida kuniga 1,000 tonna shakar ishlab chiqaruvchi yangi inshoot ishga tushirilgandi.

Shuningdek, O‘zbekiston shimoli-sharqida "Xorazm-shakar" OHJ (Xorazm shakar zavodi) ham 1998 yildan beri faoliyat qiladi.

Mazkur zavod kuniga 3,000 tonna qand lavlagini qayta ishlash imkoniyatiga ega.

2014 yilgi shovqin

O‘zbekistonda shakarga talab murabbo mavsumida oshadi. O‘tgan yil narxlar ikki baravarga ko‘tarilgandi.

Xususiylashtirish, monopoliyadan chiqarish va raqobatni rivojlantirish davlat qo‘mitasi shakar bozorida yuzaga kelgan shov-shuv ortidan shakar mahsuloti savdosi uchun maksimal narxi belgilab qo‘ygandi.

Qo‘mita O‘zbekistonda shakar savdosi bilan bog‘liq sun‘iy taqchillik kelib chiqishiga oddiy chayqovchilik, olibsotarlik sabab bo‘lgani haqida aytgandi.

Shakar narxlari 2014 yil onlayn matbuoti va ijtimoiy tarmoqlardagi eng dolzarb mavzuga ham aylangandi.

Ijtimoiy tarmoqlar shakar olish uchun paydo bo‘lgan uzundan-uzoq navbatlar aks etgan suratlarni chop qilishgan bir paytda mahalliy websahifalar narxlar ko‘tarilishi ortidagi sabablar borasida maqolalar chop qilishdi.

O‘shanda websaytlardan biri O‘zbekistondagi shakar narxlari AQShdagidan ikki baravar balandga chiqqani haqida yozgandi.

Bu yil mevaga yetganlar bor, yetmaganlar bor...

O‘tgan mart oyi havo haroratining keskin tushib ketishi oqibatida O‘zbekistonning ayrim hududlarida meva daraxtlarini sovuq urgan.

Bu esa, tabiiy ravishda mevalar narxlarining ko‘tarilishiga olib kelgan. Ko‘plar bu yil meva sotib olishga qurblari yetmayotganini aytishadi.

Matbuot xabarlarida meva narxlari o‘tgan yilgiga qaraganda 6-8 barobar yuqori ekani haqida gapiriladi.

BBC O‘zbek xizmati bilan Whatsapp, Telegram va Viber orqali bog‘lanishni istasangiz, telefonimiz: +44 78-58-86-00-02.

Instagram - BBC UZBEK

Twitter - BBC UZBEK

Odnoklassniki - BBC UZBEK

Facebook - BBC UZBEK

Google+ - BBC UZBEK

YouTube - BBCUZBEK (https://www.youtube.com/user/bbcuzbek)

Skype - bbcuzbekradio

Bu mavzuda batafsilroq