Moskva Tojikistonga rus tili o‘qituvchilarini yubormaydi

Rossiya Dushanbening Tojikistonga rus tili va adabiyoti o‘qituvchilarini yuborish iltimosini rad etdi va Tojikistonning o‘zidagi ta‘lim sohasini isloh qilishni tavsiya qildi.

Prezident Imomali Rahmon ikki yil avval mazkur g‘oya bilan Moskvaga murojaat qilgandi.

Unda prezident rus tili o‘qituvchilariga Tojikistonda maoshdan tashqari, turar joy, yer uchastkalari va boshqa ijtimoiy imtiyozlar berilishini va‘da qilgandi.

Ikki yil o‘tar ekan, Dushanbedagi "Rossotrudnichestvo" tashkilotining rahbari Lyubovь Glebova mazkur g‘oyani Kremlь qo‘llab-quvvatlamaganini bildirdi.

"Tojikiston prezidentining tashabbusi bor edi. Unga Rossiya tomoni majburiyatlar kiritmadi. Balki bu masalani yechishning boshqa yo‘llari bordir? Balki bu yerga o‘qituvchilarni yuborish kerak emasdir? O‘n ikkita tojik oliy o‘quv yurti rus tili o‘qituvchilarini tayyorlayapti. Lekin, baribir o‘qituvchilar yetishmayapti. Demak, yo noto‘g‘ri o‘qituvchilarni tayyorlashayapti, yoki tayyorlasha olmayapti. Bu masalaning tez va arzonroq yechimini topish zarur", - dedi u.

Choralar sifatida Glebova xonim tojik o‘qituvchilarning malakasini oshirish dasturlarini faolroq ishlatish va bu kurslarga kirayotgan tojiklar kvotasini oshirishni taklif qiladi.

Sovet Ittifoqi qulashi ortidan Tojikistonda rus tilini qo‘llash sezilarli darajada susaygan, ko‘plab professional o‘qituvchilar esa mamlakatni tark etganlar.

Biroq, oxirgi yillarda rus tilini o‘rganishga qiziqish ortdi.

Tojikiston ta‘lim vazirligiga ko‘ra, mamlakatdagi 3800ta o‘rta maktabdan 28tasida ta‘lim rus tilida olib boriladi. Ulardan 15tasi Dushanbeda joylashgan.

Ta‘lim vazirligidan Bi-bi-siga aytishlaricha, rus maktablari migratsiya tufayli kamaygan, yangilarini ochishga esa zarurat yo‘q.

Statistik ma‘lumotlarga ko‘ra, Tojikiston aholisining atigi 0,5 foizini rusiyzabonlar tashkil qiladi.

Bi-bi-si O‘zbek xizmati bilan Whatsapp, Telegram va Viber orqali bog‘lanishni istasangiz, telefonimiz: +44 78-58-86-00-02.

Instagram - BBC UZBEK

Twitter - BBC UZBEK

Odnoklassniki - BBC UZBEK

Facebook- BBC UZBEK

Google+ BBC UZBEK

YouTube - BBCUZBEK (https://www.youtube.com/user/bbcuzbek)

Skype - bbcuzbekradio