Tojik-Qirg‘iz chegarasida yana janjal

Image copyright bbc
Image caption Chegaraosha nizo ilk bor kuzatilayotgani yuq

4 avgust kuni Qirg‘izistonning Botkent tumanidagi Tojikiston bilan chegaradosh Ko‘k Tosh qishlog‘i yashovchilari va tojikistonliklar o‘rtasida to‘qnashuv bo‘lib o‘tgan.

Xabarlarga ko‘ra, chegara oldi hududida yashovchi 200 ga yaqin fuqaro o‘rtasida avvaliga tosh otilgan, keyinchalik o‘q otar qurollar ham ishlatilgan.

Janjal bartaraf etilgan bo‘lsa-da, vaziyat qaltisligicha qolayotgani aytilmoqda.

"Aziya-plyus" nashri o‘z manbasiga iqtibosan ma‘lum qilishicha, Qirg‘iziston chegarachilari Tojikistonning Somoniyon qishlog‘i turg‘unlarini qurol bilan otgan, natijada ikki tojikistonlik jarohat olgan. Bir necha uylarga o‘t qo‘yilgan.

Biroq, Qirg‘iziston chegara xizmati matbuot kotibi Gulmira Bo‘ribayeva ushbu ayblovlarni rad etib chiqdi. "Qirg‘iziston davlat chegara xizmati chegarachilar Tojikiston va Qirg‘iziston fuqarolari o‘rtasidagi janjalda qurol ishlatmaganini rasman ma‘lum qiladi", - deydi Gulmira Bo‘ribayeva.

Matbuot kotibiga ko‘ra, ikki o‘rtadagi mojaro 3 iyul kuni kelib chiqqan. Tojikistonliklar qirg‘iz qabristoniga o‘tuvchi yo‘lni to‘sib qo‘ygan. Gulmira Bo‘ribayeva qabriston yo‘li nima sababdan to‘silgani borasida ma‘lumotga ega emasligini aytdi.

Bunga javoban qirg‘izistonliklar tojik qishlog‘iga oqib o‘tuvchi kanalni yopib qo‘yishgan.

Tojikiston tomoni esa, qabriston yo‘li suv yopib qo‘yilganidan so‘ng to‘silganini aytmoqda. Natijada janjal kattalashgan.

Qirg‘iziston chegara xizmati tarqatgan xabarga ko‘ra, 4 avgust tushga yaqin TojikistonSo‘g‘d viloyati Somoniyon qishlog‘i tomonida to‘plangan 120 kishi va Qirg‘iziston tomonida to‘plangan 80 kishi o‘rtasida bir biriga qarata tosh otilgan.

Hodisa joyida hozir bo‘lgan huquq tartibot organlari janjalni bartaraf etishga muvaffaq bo‘lgan bo‘lsa-da, voqea joyida odamlar to‘planib turgani va vaziyatning hamon qaltisligi aytilmoqda.

Bi-bi-si Qirg‘iz xizmatining Botkent tumanidagi hamkori Asqar Boymuratov voqeani kuzatish maqsadida Ko‘k Tosh qishlog‘iga borgan.

"Ayni vaqtda ikki tomonda ham 100 ga yaqin odam to‘planib turibdi. Qirg‘izistonliklarning uylariga zarar yetganini ko‘rib turibman. Bu kechagi to‘qnashuvlarda bo‘lgan ekan. Uylarga bostirib kirishib buyumlar va derazalarni sindirib ketishgan", - deydi Asqar Baymuratov. Baymuratovning ma‘lum qilishicha, tinchlikni saqlash uchun ikki tomonda ham militsiya kuchlari jalb qilingan. Oqsoqollar va rasmiylar o‘rtasida kelishuv ishlari olib borilmoqda.

Biroq hozirgacha biror natijaga erishilmagan. "Kelishuvlar bo‘layapti, lekin natijasi yo‘q. Lekin tosh otishlarni to‘xtatishdi. Militsiya organi xodimlari tartibni saqlash uchun turishibdi. Tojikiston tomonida ham miltsionerlarning jalb qilinganini ko‘rish mumkin. Ularning soni 100 dan ortiq", - deydi Asqar Baymuratov.

Keyingi yillarda Qirg‘iziston, Tojikiston va O‘zbekiston chegarasidagi bahsli hududlar yuzasidan fuqarolar va harbiylar o‘rtasida tez-tez janjallar yuzaga kelishi kuzatiladi.

Sho‘rolar zo‘ri bilan yaratilgan sun‘iy Markaziy Osiyo davlatlari mustaqillikka erishgach o‘zaro sarhadlarni aniqlashtirish boshog‘riq masalaga aylandi.

Markaziy Osiyoning boshqa hududlarida bo‘lgani kabi Tojikiston shimoli va Qirg‘iziston janubidagi mintaqada ayrim holatlarda bir qishloqdan o‘tgan yo‘lning ikki tarafi deyarli bir kecha kunduzda ikki mamlakatning "mulki"ga aylanib qoldi.

O‘zbekiston o‘z qo‘shnilari bilan birin-ketin viza tizimini joriy qilib, chegaralarga mina ekib chiqar ekan, Qirg‘iziston va Tojikiston sarhadlariga doir asosan maishiy, mayda janjallar ro‘y bera boshladi.

Bi-bi-si O‘zbek xizmati bilan Whatsapp, Telegram va Viber orqali bog‘lanishni istasangiz, telefonimiz: +44 78-58-86-00-02.

Instagram – BBC UZBEK

Twitter – BBC UZBEK

Odnoklassniki – BBC UZBEK

Facebook- BBC UZBEK

Google+ BBC UZBEK

YouTube - BBCUZBEK (https://www.youtube.com/user/bbcuzbek)

Skype - bbcuzbekradio