To‘y ziyofati o‘rniga 4000 qochqinga oziq-ovqat tarqatildi

Image copyright Serhat Kilis Gazetesi

Turkiyaning Suriya chegarasiga yaqin Kilish viloyatidagi g‘ayrioddiy nikoh jahon ommaviy axborot vositalarining diqqatiga tushdi. Turkiyalik kelin-kuyov o‘z hayotlaridagi baxtli hodisani 4000 Suriya qochqinini to‘ydirish bilan nishonlashdi.

Shu hafta Fathulla Uzumchio‘g‘li va Eshra Po‘lat barcha sevishganlar kabi nikohdan o‘tishdi. Odatda turk to‘y marosimlari bir necha kun davom etib, oxirgi kun katta bazm -ziyofat bilan tugaydi. Biroq an‘anaviy dabdabali dasturxon o‘rniga ular Suriyadan fuqarolar urushi oqibatida chegaradosh hududda boshpana topgan minglab qochqinlarga oziq-ovqat tarqatishgan. Miskin va muhtojlar bilan non bo‘lashish g‘oyasi kuyov bolaning otasi Ali Uzumchio‘g‘lidan kelib chiqdi. Uning mahalliy Serhat Kilis gazetasiga aytishicha, boshqalar ulardan o‘rnak olib, suriyalik birodaru opa-singillar bilan to‘y ziyofatlarini birga bo‘lashishlariga umid bildirgan.

Ali Uzumchio‘g‘lining aytishicha, oilasi Kimse Yok Mu (Hech kim yo‘qmi?) deb nomlangan xayriya tashkilotiga murojaat qilgan.

"Biz o‘z xursandchiligimizni suriyalik aka-ukalarimiz, opa-singillarimiz bilan birga nishonlamoqchi edik. Shuning uchun biz mazkur tashkilotdan yordam sifatida og‘ir yuk mashinasini ajratishini so‘radik. Inshoolloh, bu boshqalarga ham yo‘l ochib beradi. Bizning to‘y ziyofatimiz juda mazmunli va samarali o‘tdi deb o‘ylayman."

Otaning aytishicha, u kelin-kuyov yangi hayotini shunday savob amal bilan boshlayotganlaridan juda mamnun. Taklif qilingan mehmonlar yuk mashinasidan oziq-ovqatlarni tashishda yordamlashib, kelin-kuyov doxil qochqinlarga yeguliklarni tarqatishda qatnashganlar.

Image copyright kimseyokmu

Hatice Avci xayriya tashkiloti xodimasi aytishicha, kelin-kuyov shahar atrofida turgan qochqinlar bilan birga to‘y o‘tkazish uchun o‘zlarining ikki oilalaridan yillab yiqqan mablag‘larni sarflashga muvaffaq bo‘lganlar. Kimse Yok Mu tashkiloti Gülen harakatining bir qanoti bo‘lib, aholiga xizmat qo‘rsatish faoliyati bilan shug‘ullanib keladi.

Kelin Eshra Po‘latning Britaniyaning Independent ro‘znomasiga aytishicha, ayanchli holda bo‘lgan odamlar bilan birga ovqatlarni baham ko‘rishganidan u juda ham xursanddir.

"Birinchi marta Fathulla menga aytganida men hayron bo‘ldim. Lekin keyinchalik men uning g‘oyasini qo‘llab-quvvatladim, chunki bu juda ajoyib tajriba!", dedi Eshra Po‘lat.

Kuyov bola esa boshqalarni baxtli qilish o‘zi uchun katta iftixor ekanligini aytadi.

"Suriyalik bolalarning ko‘zlarida xursandchilikni ko‘rish - men uchun bu...bebaho narsadir. Biz baxtli hayotga safarimizni tanimagan odamlarni baxtli qilishdan boshladik," dedi u.

Mahalliy matbuot xabarlariga ko‘ra, turkiyalik xonanda Rashit Muxtor ham xayriya tadbirlarida qatnashib, mehmon qochqinlarga yemak tarqatgan.

Turkiya qariyb ikki million suriyalik qochqinga boshpana bergan.

Kilish viloyatining o‘zida 4000 qochqin vaqtinchalik istiqomat qilmoqda.

Ularga Turkiyaning Kimse Yok Mu xayriya tashkiloti oziq-ovqat yetkazib berishda yordam bermoqda.

Bi-bi-si O‘zbek xizmati bilan Whatsapp, Telegram va Viber orqali bog‘lanishni istasangiz, telefonimiz: +44 78-58-86-00-02.

Instagram – BBC UZBEK

Twitter – BBC UZBEK

Odnoklassniki – BBC UZBEK

Facebook- BBC UZBEK

Google+ BBC UZBEK

YouTube - BBCUZBEK (https://www.youtube.com/user/bbcuzbek)

Skype - bbcuzbekradio