Xirosimaga atom bombasi tashlanganiga 70 yil to‘ldi

Image copyright Reuters

Yaponiyada Xirosima shahriga atom bombasi tashlanishi oqibatida halok bo‘lganlarni xotirlash marosimlari o‘tkazilmoqda.

Ilk xotira tadbirlari 5 avgust kuni diniy marosimlar bilan boshlangan.

Atom bombasi uloqtirilgan soniyada bir daqiqalik sukut saqlangan.

1945 yil 6 avgust kuni ertalabki soat 8:10 larda Amerikaning B-29 Enola Gay bombardimonchi uchog‘i Xirosima shahriga uran bombasini uloqtirgan.

Bombaning kuchi 20 ming tonna trinitrotoluol yoki TNTga teng bo‘lgan.

Bomba yer sathidan 600 metrcha balandlikda portlagan.

Portlash oqibatida havo harorati 60 million darajaga yetgan, yaqin-atrofdagi insonlarni shu zahoti halok etgan.

Image copyright AFP

O‘sha kuni kamida 70 ming inson nobud bo‘lgan.

Bomba tashlanganidan keyingi kunlar, haftalar va oylarda radiatsiyadan zaharlanish oqibatida minglab insonlar hayotdan ko‘z yumganlar.

O‘sha paytda Xirosima shahrining aholisi soni 245 ming bo‘lgan.

Atom bombasi oqibatida hayotdan ko‘z yumgan insonlarning soni Xirosimada kamida 140 ming kishini tashkil etgan.

Ayrim manbalar Xirosima qurbonlari soni 200 mingga yetishini aytadilar.

Bugun ertalab Xirosimada bomba epitsentri yaqinida tashkil etilgan xotira bog‘ida 40 ming kishi to‘plangan.

Image copyright AP

To‘planganlar qarshisida Yaponiya Bosh vaziri Shinzo Abe nutq so‘zlagan.

Bomba Xirosimada minglab odamlarni halok etibgina qolmasdan, tirik qolganlarga chidab bo‘lmas azob-uqubatlar keltirdi, deb aytgan bosh vazir.

"Bugun Xirosima qayta tiklandi va madaniyat va farovonlik shahriga aylandi. Oradan 70 yil o‘tib men yana butun dunyoda tinchlik zarurligini urg‘ulamoqchiman", deb aytgan janob Abe.

U butun dunyoda yadroviy qurolsizlanish muhimligini ta‘kidlagan.

Kechroq Motoyasu daryosiga minglab qog‘oz chiroqlar oqizishgan.

Image copyright EPA

Qog‘oz chiroqlar yaponlarning e‘tiqodi bo‘yicha bu dunyodan o‘tganlarning ruhi safarini anglatadi.

Xotira marosimida Bosh vazir Shinzo Abedan tashqari Xirosima shahri hokimi Kadzui Matsui, AQShning Yaponiyadagi elchisi Kerolin Kennedi ham qatnashganlar.

Ushbu marosimlar Bosh vazir Shinzo Abening Yaponiya harbiy qudrati bilan qonunchilikka o‘zgartirish kiritishga intilayotgani manzarasida kuzatilmoqda.

Janob Abe dunyodagi Yaponiyaning harbiy roli oshirilishi lozim degan fikrda va parlamment orqali bu boradagi qonun qabul qilinishini istamoqda.

Biroq Yapon jamiyatida ushbu g‘oyaga qarshilik kuzatiladi.

BBC O‘zbek xizmati bilan Whatsapp, Telegram va Viber orqali bog‘lanishni istasangiz, telefonimiz: +44 78-58-86-00-02.

Instagram - BBC UZBEK

Twitter - BBC UZBEK

Odnoklassniki - BBC UZBEK

Facebook - BBC UZBEK

Google+ - BBC UZBEK

YouTube - BBCUZBEK (https://www.youtube.com/user/bbcuzbek)

Skype - bbcuzbekradio