Urugvaylik futbolchi Luis Suares Samarqandga kelgan edimi?

Image copyright Getty

O‘zbekiston Milliy axborot agentligi tomonidan Luis Suaresning Samarqandga kelib ketganligi to‘g‘risidagi xabar hozircha tasdig‘ini topmadi.

Maqola muallifi Bekzod Hidoyatov xabarning rost yolg‘onligini tasdiqlay olmasligini ma‘lum qildi. O‘zA muxbiri manba sifatida tayanayotgan championat.asia sayti esa xabarni 1 aprel hazili bo‘lganligini bildirdi.

5 avgust kuni "Maftunkor yurtning jozibador brendi" sarlavhasi ostida chop qilingan maqolada mashhur futbolchi Suaresning Samarqand shahriga oilasi bilan kelib ketgani haqida yozildi.

"Suares oilasi bilan Samarqandga kelib ketgan. Bu haqda futbolchining o‘zi xabar tarqatgan. Registon maydonida suratga tushib, "Instagram"dagi shaxsiy sahifasiga joylashtirgan", - deyiladi Bekzod Hidoyatov tomonidan yozilgan maqolada.

Biz jurnalist Bekzod Hidoyatov bilan bog‘lanib Luis Suaresning Samarqandga kelgani haqidagi xabar nimaga asoslanganligini so‘radik.

"Odnoklassiki va Vkontaktida muhokama bo‘lgandi. Lekin maqolaga aynan bu narsa asos bo‘lmagan. Bundan tashqari futbolga ixtisoslashgan saytlarda orqasida g‘isht bilan terilgan fonda oilasi bilan tushgan surati qo‘yilib Luis Suares Samarqandga keldi, degan xabar paydo bo‘lgan. Adashmasam, championat.asia da edi. Qaysi saytda ko‘rganim aniq esimda yo‘q. Bu xabarning chiqqaniga ko‘p bo‘lgandi. Ancha shov shuv ko‘tarilgandi", - deydi Bekzod Hidoyatov.

Jurnalistning aytishicha, maqolada ushbu xabar rost yoki yolg‘onligi borasida aniq bir nima deyolmaymiz, deb alohida ta‘kidlangan.

Suaresning Samarqandga sayohati borasidagi xabar Facebook ijtimoiy tarmog‘ida 2 aprel kuni paydo bo‘lgan edi.

Futbolga ixtisoslashgan championat.asia saytining Facebookdagi sahifasida futbolchining qisqa ta‘tildan foydalanib Samarqanddagi tarixiy obidalarni oilasi ziyorat qilgani yozilgandi.

Ushbu xabarda Suaresning oilasi bilan loysuvoq devor fonida tushgan surati keltirilgan.

Championat.asia portali rahbari Nodirxo‘ja Yo‘ldoshev ushbu xabarning 1 aprel hazili ekanligini bildirdi.

"Bu 1 aprel kuni munosabati bilan chiqqan xabar va u ijtimoiy tarmoqqa tegishli edi, saytda chiqmagan", - deb yozdi Nodirxo‘ja

Suaresning Samarqand ziyoratiga kelgani xaqida xabar bergan O‘zA muxbiri Bekzod Hidoyatov ushbu xabar 1 aprel hazilligi borasida bilmaganligini aytdi.

"Unda bilmadim, xabarga aniqlik kirita olmaganim uchun ham uning nechog‘lik to‘g‘ri yoki noto‘g‘riligi haqida bir narsa deyolmaymiz, deb abzatsning boshidayoq berganmiz", - deydi Bekzod Hidoyatov.

Ushbu xabarni tez orada boshqa internet nashrlari ham O‘zAga manba keltirgan holda o‘z sahifalarida chop etdi.

Xabarga isbot sifatida futbolchining oilasi bilan loysuvoq devor fonida issiq kiyimlarda tushgan rasmini keltirishdi.

Ushbu rasm urugvaylik futbolchining instagram sahifasida rostdan ham bor, ammo u yerda Samarqand haqida gap yo‘q.

Futbol ishqibozlari bu xabarlarni shubha bilan qarshi olishdi.

"Jiddiymi? Samarqandga kelib issiq kiyimlarda bitta rasmga tushib ketibdimi, shaharning boshqa go‘zalliklari oldida suratga tushmaptimi?", - deydi Doston Mamatov.

"Uz24, qanaqa bo‘lmag‘ur narsani ko‘chirib bosgansizlar? Uning instragramida bunaqa izoh yo‘q, rasm esa aprelning boshida olingan. Oliy toifali jurnalistika", - deya kinoya qiladi Maksim Didenko.

Jasurbek Normetov soddalik qilmaslikka chaqiradi:

"Soddalik qilmanglar, kelmagan u. Kelganda, rostdan ham bunaqa mavhum tushmasdan registon fonida tushardi".

2009 yili prezidentning to‘ng‘ich qizi Gulnora Karimova boshchilik qilgan "O‘zbekiston madaniyat va san‘at jamg‘armasi" tashabbusi bilan O‘zbekistonga mashhur futbolchi Krishtiana Ronaldu kelgan edi.

2008 yilda esa, O‘zbekiston futbol federatsiyasi Barselonaning yulduzlari Leonel Messi, Xavi, Andres Inesta va Samyuel Eto’Olarni Toshkentga bir muddatga olib kelgandi.

BBC O‘zbek xizmati bilan Whatsapp, Telegram va Viber orqali bog‘lanishni istasangiz, telefonimiz: +44 78-58-86-00-02.

Instagram - BBC UZBEK

Twitter - BBC UZBEK

Odnoklassniki - BBC UZBEK

Facebook - BBC UZBEK

Google+ - BBC UZBEK

YouTube - BBCUZBEK (https://www.youtube.com/user/bbcuzbek)

Skype - bbcuzbekradio

Bu mavzuda batafsilroq