Rahmatilla Mirzayevning o‘limi yuzasidan hukm chiqarilgan

Image caption Taniqli suxandonning o‘limi yuzasidan u uzoq yillar ishlagan O‘zbekiston televideniyesi biror bir xabar bermagan.

O‘zbekistondagi internet saytlari xabariga ko‘ra, taniqli suxandon Rahmatilla Mirzayev o‘limida gumon qilinganlar ustidan hukm o‘qilgan.

Toshkent shahar jinoyat ishlar mahkamasi Qudrat Shoazizov va Umid Mirzayevni qotillikda aybdor deb topib, uzoq yillik qamoq jazolari belgilagan.

Qudrat Shoazizov 14 yilga, Rahmatilla Mirzayevning o‘g‘li Umid Mirzayev esa 18 yilga ozodlikdan mahrum etilgan.

O‘zbekiston televideniyesi suxandoni, 61 yoshli Rahmatilla Mirzayev 2015 yil 2 martida Toshkent viloyati Zangiota tumanidagi uyida pichoqlab o‘ldirilgani xabar qilingandi.

Voqeadan so‘ng, O‘zbekistondagi shou-biznesga aloqador manbaning Bi-bi-siga aytishicha, qotil Rahmatilla Mirzayevning uyida, shkaf ichida yashirinib o‘tirganida topilgan.

Sodir etilgan qotillikdan ko‘p vaqt o‘tmasdan Rahmatilla Mirzayevning o‘g‘li Umid Mirzayev ham qo‘lga olingan. Uning onasi, Rahmatilla Mirzayevning birinchi turmush o‘rtog‘i Raisa Mirzayeva o‘g‘lining qotillikka aloqasi borligiga ishonmasligi, ota-bolaning munosabatlari juda yaxshi bo‘lganini gapirgan "Darakchi" gazetiga bergan intervьyusida.

"Umidning hayotida ota-ona asosiy inson edi. U otasini juda yaxshi ko‘rardi, unga g‘amxo‘rlik qilardi, tez-tez oldiga borib turar, uydagi ishlarni bajarardi. Rahmatilla aka 15 fevral kuni Umidning to‘yi haqida gaplashish uchun kelgan edi. 27 fevral kuni oxirgi marta telefon orqali gaplashgandik. Rahmatilla aka o‘limidan bir necha kun oldin Umidga Lacetti avtomobilini sovg‘a qilganini aytgandi. Uning Sparki borku, nima uchun yangi mashina kerak, deganimda, men Umidga va‘da bergandim", degandi", deya xotirlaydi marhumning xotini suhbatda.

Shu bilan birga, Umid Mirzayevning himoyachisi orqali "Uzmetronom" saytida bosilgan iqrornomasida keltirilishicha, u voqeadan xabarsiz otasini ko‘rgani uyiga borganida militsiya xodimlari tomonidan ushlab olib ketilganini aytgan. Umid Mirzayev Keles militsiyasida so‘roq qilinib, qiynoqqa solinganini ham so‘zlab bergan.

"Uzmetronom" saytidagi xabarga ko‘ra, ilgari prokuraturada ishlagan shaxs Umid Mirzayevning advokati bo‘lgan, lekin ishni oxirigacha olib borishiga imkon berilmaganidan so‘ng Umid Mirzayevning iqrornomasini internetda bosishga qaror qilganini aytgan.

Rahmatilla Mirzayev uzoq yillar O‘zbekiston teleradiokompaniyasida suxandon bo‘lib ishlagan. Biroq Rahmatilla Mirzayevning qotilligi yuzasidan O‘zbekistondagi rasmiy ommaviy axborot vositalari biror bir xabar tarqatmagan.

Instagram - BBC UZBEK

Twitter - BBC UZBEK

Odnoklassniki - BBC UZBEK

Facebook- BBC UZBEK

Google+ BBC UZBEK

YouTube - BBCUZBEK (https://www.youtube.com/user/bbcuzbek)

Skype - bbcuzbekradio