Afg‘onistonlik ayollar nomlarini aytishni nega istamaydilar?

Image copyright AFP
Image caption Afg‘onistondagi ayollar ismlarini aytmasliklari ko‘pincha oilaviy holatlariga bog‘liq bo‘ladi.

Ayrim ayollar shifokorga murojaat qilganlarida, shifokor ro‘yxatiga o‘z ismlarini kiritmasdan, ko‘pincha turmush o‘rtoqlarining nomini berishni ma‘qul ko‘radilar.

Afg‘onistonning O‘zbekistonga chegaradosh Kaldor tumanilik ayol shifokor bergan nusxada o‘z ismini yozmagani sababini shunday tushuntiradi: "Sababi o‘z otimni yozdirsam erimga xush kelmaydi, qavmu-xeshlariga ham yoqmaydi. Agar kasal bo‘lib qolsam yo bolalarimning yo turmush o‘rtog‘imning otini beraman", deydi ayol.

Bu holat nafaqat tuman, qishloqlardan kelgan ayollar o‘rtasida tarqalgan, balki shahar ichida hayot kechiradigan oilalar orasida ham kuzatiladi.

Shifokor qog‘ozida nomini bermagan yana bir ayol gapirayotib, o‘z ismini aytishni ham istamaydi.

U oilaviy qiyinchiligi borligi, sharoiti mos emasligini izhor etadi.

"Erim o‘z nomimni berishga ruxsat etmaydi. Ko‘pincha ular or-nomus qiladilar va hayotimizda ham mushkulliklar bor. Odamlarning bilim darajasi -savodi farhangi ortda qolgan. Shuning uchun erkaklar ayollarining otini do‘xtirga aytishga ruxsat bermaydilar. Biz shaharda hayot kechiramiz. Lekin ruxsat berishmaydi nomimizni nusxada berishga", deb aytadi u.

Abdul Bashir ismli kishi ayrim ayollar o‘z nomlarini shifokor nusxasida bermasliklarini turli qiyinchilikka duch kelishlari bilan izohlaydi: "Har kimning fikriga ko‘ra ham, bu yaxshi ish emas. O‘zi mushkulotlarga qoladi. Boshqa bir joylarga murojaat qilgan paytlar masalan, do‘xtirga yoki pasport olmoqchi bo‘lsa yoki Pokiston, Eronga borganda ham muammolar tug‘iladi keyin. Bundaylar ko‘proq savodi bo‘lmagan kishilar, ba‘zan esa savodi borlar orasida ham uchraydi. Savodlilari ham shunday qilganini, o‘zini otini o‘rniga erkakni otini berganini ko‘rish mumkin. Odamlar ayolni ismini aytishni o‘ziga uyat deb biladi".

Afg‘onistondagi kasalxonalardan birida ishlovchi Doktor Abdul Sattor Samadiyning aytishicha, kasallar shifokorga murojaat qilishlarida ularning shaxsiy ma‘lumotlarini olish zarur bir masala. "Bu ko‘p muhim masalaki, har bir qog‘oz nusxada o‘sha kasalning o‘z oti bo‘lishi kerak. Bu kasalning otidan boshqa detallari ham bo‘lishi kerak. Yoshi qancha, jinsiyati nima, adresi qayerda, hatto zarurat vaqtda ba‘zan do‘xtir o‘sha mijozini telefon nomerini olish kerak. Unga yordam etish uchun. Ba‘zi hidoyatlarni berish uchun. Shuning uchun har kasalning ismini qog‘ozga bitish bir zaruriyat. Nima uchun? Ba‘zan qog‘ozlar almashib yoki o‘zgarish bo‘lib qolishi mumkin. Esimga ikkita kasal keladi. Ikkalasiniyam oti bir xil. O‘sha ma‘lumotlarga qarab bu necha yoshda, nima jinsda, va boshqalar haqida bilish mumkin. Lekin bir xil paytlar ikkita nusxa bir xil ismda bo‘lsa bu qiyinchilik tug‘diradi. Bunday holatlar esa afsuski ko‘p uchraydi. Har kasal foyda olishi uchun o‘z ismini aytishi kerak deb bilaman", deydi doktor Samadiy.

Ba‘zi afg‘onistonliklardan onalarining ismini so‘ralsa, aytishni istamaydilar. Yoki oilada ona ismi umuman ishlatilmagani bois, farzandlar ona ismini bilmasliklari ham mumkin.

Zamon o‘zgarishi bilan Afg‘oniston xalqining aksarisi hanuz ko‘zga ko‘rinmas urfu-odatlarga suyanib kelar ekan, ularning ayrimlari savoddan bebahra qolganliklari, turli masalalardan ogoh emasliklari hayotlarida qo‘shimcha qiyinchiliklarni paydo qiladi.

Bi-bi-si O‘zbek xizmati bilan Whatsapp, Telegram va Viber orqali bog‘lanishni istasangiz, telefonimiz: +44 78-58-86-00-02.

Instagram – BBC UZBEK

Twitter – BBC UZBEK

Odnoklassniki – BBC UZBEK

Facebook- BBC UZBEK

Google+ BBC UZBEK

YouTube - BBCUZBEK (https://www.youtube.com/user/bbcuzbek)

Skype - bbcuzbekradio