Urganchda kontsert payti fojea ro‘y bergan

Image copyright BBC World Service

Xorazm viloyati markazi Urganchdan olinayotgan xabarlarga ko‘ra, avgust kuni kechqurun kontsert payti ko‘l yoqasida qurilgan panjara qulab tushgani oqibatida tomoshabinlar suvga qulaganlar.

Bi-bi-si manbasi xabar qilishicha, fojea juda ko‘p odam to‘plangani oqibatida ro‘y bergan.

Kontsertga kelganlarning aksariyati yoshlar bo‘lib, Xorazmning boshqa tumanlari va qo‘shni viloyatlardan ham tashrif buyurishgan.

Xabar qilinishicha, Urganchdagi "Yoshlar ko‘li"da Navro‘z Sobirovning kontserti payti ko‘p odamni ko‘tarolmagan sun‘iy orolga olib o‘tadigan ko‘prik panjarasi qulagan.

Bi-bi-si manbasi xabar qilishicha, 16 inson cho‘kib ketgan.

13 inson shifoxonaga yotqizilgan.

Favqulodda vaziyatlar vazirligi xodimlari yakshanba tongigacha qutqaruv-qidiruv ishlarini olib borganlar.

Cho‘kib ketgan insonlarning aksari suzishni bilmaydigan bolalar bo‘lgani xabar qilinmoqda. Ko‘lning chuqurligi kamida ikki metrga yetishi aytiladi.

Xorazmdagi yana bir manbaning bizga aytib berishicha, ayni paytda hamma joyda shov-shuv, vahima bo‘lib ketgan. Ko‘chalarda militsiya xodimlari ko‘paygani kuzatilgan.

Voqea joyi va "Yoshlar ko‘li" ga boradigan yo‘llar ichki ishlar xodimlari tomonidan o‘ralgan. O‘lganlar orasida yosh bolalar va ayollar bo‘lganini aytdi u.

O‘zbekiston Prezidenti Islom Karimov topshirig‘iga binoan, Urganchdagi fojea bo‘yicha hukumat komissiyasi tashkil etilgan.

Hukumat komissiyasiga hodisa sabablarini aniqlash, oqibatlarini bartaraf etish, halok bo‘lganlarning oilalariga va jabrlangan shaxslarga ijtimoiy–moddiy yordam ko‘rsatish vazifalari yuklangan.

Bi-bi-si O‘zbek xizmati bilan Whatsapp, Telegram va Viber orqali bog‘lanishni istasangiz, telefonimiz: +44 78-58-86-00-02.

Instagram – BBC UZBEK

Twitter – BBC UZBEK

Odnoklassniki – BBC UZBEK

Facebook- BBC UZBEK

Google+ BBC UZBEK

YouTube - BBCUZBEK (https://www.youtube.com/user/bbcuzbek)

Skype - bbcuzbekradio