Fergyusonda xotira marosimi otishmaga aylanib ketdi

Image copyright REUTERS

AQShning Missuri shtatidagi Fergyuson shahrida qurolsiz qora tanli o‘smir Maykl Braun o‘ldirilgani bir yilligini xotirlash marosimi qattiq otishmaga aylanib ketgan.

9 avgust kuni politsiya zobiti Darren Uilson bundan bir yil oldin Maykl Braunni otib o‘ldirganiga norozilik sifatida tinch namoyish tashkil qilingan.

Katta olomon to‘plangan. U yerda yuzlab kishilar bo‘lgan.

Maykl Braun otib o‘ldirilganidan so‘ng uning jasadi to‘rt yarim soat ko‘chada qolgani munosabati bilan namoyishchilar to‘rt yarim daqiqa sukut saqlaganlar.

Havoga ikki kabutar uchirilgan.

Kechki soat 11:15 larda otishma ovozlari eshitilgan.

Politsiya xabar qilishicha, bir yosh yigit politsiyaga qarata o‘t ochgan.

Politsiya javoban o‘q otishga to‘g‘ri kelgani xabar qilinmoqda

Ismi-sharifi e‘lon qilinmayotgan yosh yigitning ahvoli og‘ir, u shifoxonada qolayotgani aytilmoqda.

Image copyright AFP

Dushanba tongida politsiya ovoz kuchaytirgichlardan olomonni tarqalishga chaqirgan, bundan keyin "bu namoyish tinch namoyish" deb ko‘rilmasligi haqida ogohlantirgan.

Fergyusondagi so‘nggi hodisa borasida politsiya matbuot anjumani tashkil etishi haqida xabar qilgan.

18 yashar qora tanli Maykl Braunning oq tanli politsiya zobiti Darren Uilson tomonidan otib o‘ldirilishi butun Amerika bo‘ylab noroziliklarga sabab bo‘ldi.

Noyabr oyida katta hay‘at Darren Uilsonga nisbatan ayblov ilgari surmaslikka qaror qildi.

Ushbu qaror noroziliklarni yanada kuchaytirdi, namoyishchilar politsiyadagi irqchi bir yoqlamalikka qarshi chiqdilar.

Shu yil mart oyida Maykl Braun o‘limi yuzasidan Adliya boshqarmasi o‘tkazgan tekshiruv natijasidagi hisobot e‘lon qilindi.

Bu hisobotda Fergyuson politsiyasida irqchi bir yoqlamalik mavjudligi e‘lon qilindi.

Ushbu hisobot ortidan politsiyadagi qator yuqori lavozimli rahbarlar iste‘foga chiqishga majbur bo‘ldilar.

BBC O‘zbek xizmati bilan Whatsapp, Telegram va Viber orqali bog‘lanishni istasangiz, telefonimiz: +44 78-58-86-00-02.

Instagram - BBC UZBEK

Twitter - BBC UZBEK

Odnoklassniki - BBC UZBEK

Facebook - BBC UZBEK

Google+ - BBC UZBEK

YouTube - BBCUZBEK (https://www.youtube.com/user/bbcuzbek)

Skype - bbcuzbekradio

Bu mavzuda batafsilroq