Zarvaraqlar: Noma‘lum Cho‘lpon

Image caption Cho‘lponning NKVD qamog‘ida olingan surati

Zarvaraqlar ruknimizda buyuk o‘zbek shoiri va adibi Abdulhamid Sulaymon o‘g‘li - Cho‘lponning hali o‘zbek matbuotida e‘lon qilinmagan she‘rlaridan ba‘zilarini chop etmoqdamiz.

Bugungi she‘r - "G‘o‘za chuvurkan" deb atalib, 1934 yilning dekabr oyida yozilgan.

She‘r Cho‘lpon hayotligida bosilganu, biroq uni o‘zbek o‘quvchilariga yetib bormagan, deyish mumkin.

Cho‘lpon qatag‘onga uchragandan keyin uning ijodi namunalari kutubxonalardan yo‘q qilingan.

G‘o‘za chuvurkan

"Men sizga jindak bir xat yozib edim,

Vaqtingiz bo‘ldimi o‘qib chiqishqa?

Qutiga tashlarkan, o‘zim ham dedim:

Yaxshiydi, javobi kelsa shu qishqa!"

*

Zog‘cha qanotidek qora ko‘zlarni

ochilib yetmagan ko‘sakka tikib,

qizargan ko‘yicha indamay qoldi,

men ham qolaverdim nochor, entikib...

*

Jim qoldim.

Jim qoldi.

Jim qoldik ikkov.

"Shu topda patefon bo‘lsaydi!" - dedi

hamma jim qolganda orqadan birov;

so‘ngra qop ustiga boshini egdi.

*

Qop to‘la ko‘sakla,

nozik barmoqlar

qora qutichadan sep sug‘urardi.

Men ham o‘z oldima g‘o‘za chuvurkan -

har nafas ko‘nglimdan bir parcha chuvuq,

yengil o‘ylarimni izma-iz quvub -

qarshimda men sevgan qiz o‘tirardi.

*

Sezaman.

Sezadi.

Sezishamizkim,

shaharda, uylarda, mahkamalarda,

maktablar, qulublar va sahnalarda,

har yerda boshlangan bu qiziq terim;

har kimning vijdoniy vazifasidir,

jamoat oshidan nasibasidir.

*

Lablari ochilmay kirishib ketkan,

qo‘llarga so‘z bermay qaysarliq etkan

shu qora ko‘sakning tor chanoqida

milon-milonlarning quvonchlari bor,

kolxozchi qizlarning gul yanoqida

yangi ko‘ylaklarning umidi yonar!

*

Qarshimda o‘lturgan uyalchang qizning

ko‘nglida ko‘ylakka havasi yo‘qmi?

U nega bir og‘iz javob qilmaydi,

tortinish ranglari shuncha quyuqmi?

*

Qoplar bo‘shalganda zal ham bo‘shaldi.

Biz ham indamasdan ko‘chaga chiqdik.

Bir qancha mahalla orqada qoldi,

hali ham yuragim g‘ash to‘la, siqiq...

*

"Xatni o‘qimapsiz...

Mayli, o‘qirsiz.

So‘ngra ikki og‘iz javob yozarsiz..."

Yana indamadi.

Burchakka yetgach

xayrlashmak uchun qo‘lini cho‘zdi.

Qo‘limni uzatdim... Ayrilib ketgach,

ikki qadam bosib, yana buruldi,

bu safar o‘zicha jilmayib kuldi

va dedi

"Ertaga yana borarsiz?"

*

Boraman, boraman...

U - bir vazifa.

Uni el qatori o‘runlataman.

Shundan so‘ng, bilmadim, qachon ko‘raman,

va ham qachongacha javob kutaman?..

***

1934, dekabr

BBC O‘zbek xizmati bilan Whatsapp, Telegram va Viber orqali bog‘lanishni istasangiz, telefonimiz: +44 78-58-86-00-02.

Instagram - BBC UZBEK

Twitter - BBC UZBEK

Odnoklassniki - BBC UZBEK

Facebook - BBC UZBEK

Google+ - BBC UZBEK

YouTube - BBCUZBEK (https://www.youtube.com/user/bbcuzbek)

Skype - bbcuzbekradio