Xitoy sharqidagi kuchli portlash qurbonlari soni ortmoqda

Atrofdagi binolar vayron bo‘lgan Image copyright EPA
Image caption Atrofdagi binolar vayron bo‘lgan

Xitoyning Tyanzin sanoat shahrida ro‘y bergan portlash oqibatida 44 kishining jasadi topilgan va 500 odam jarohat olgan.

Halok bo‘lganlar orasida 12 o‘t o‘chiruvchi ham borligi aytilmoqda.

Mahalliy shifokorlarning ma‘lum qilishicha, shifoxonaga keltirilayotganlar asosan shisha parchalari va toshlardan jarohat olgan. Ularning ayrimlari og‘ir ahvolda.

Xavfli va kimyoviy tovarlar saqlanadigan omborda ikki portlash ro‘y bergan.

Osmonga yirik olov shar ko‘tarilgan va yaqin atrofdagi binolar vayron bo‘lgan.

Matbuotning xabar berishicha, birinchi portlash mahalliy vaqt bilan 12 avgust soat 23:30 da bo‘lgan. Portlash to‘lqini bir necha chaqirim masofagacha his qilingan. Taxminan 30 soniyadan so‘ng ikkinchi portlash ro‘y bergan.

Shundan so‘ng nisbatan kuchsiz portlashlar sodir bo‘lgan.

Portlashning rasmiy sababi aytilgani yo‘q. Biroq davlatning CCTV telekanali shahar bandargohi yuk terminalida saqlangan portlovchi moddalar va yonilg‘i to‘la tsisternalar portlab ketganini aytgan.

Internetga joylashtirilgan video tasvirlarda portlash ortidan ko‘zni qamashtiruvchi uchqun sachragani va olovning o‘nlab metrga sapchiganini ko‘rish mumkin.

CCTVning ma‘lum qilishicha, portlash natijasida yaqin atrofdagi uylarning oynalari chil chil bo‘lgan.

Ijtimoiy tarmoqlarda portlash sodir bo‘lgan hududdan qonga belangan va kiyim boshi yirtilib ketgan odamlarni suratlari paydo bo‘ldi.

Tyanzin poytaxt Pekindan janubiy sharqda 96 chaqirim masofada joylashgan yirik bandargoh-sanoat shahri hisoblanadi. Shaharda 15 million aholi istiqomat qiladi.

BBC O‘zbek xizmati bilan Whatsapp, Telegram va Viber orqali bog‘lanishni istasangiz, telefonimiz: +44 78-58-86-00-02.

Instagram - BBC UZBEK

Twitter - BBC UZBEK

Odnoklassniki - BBC UZBEK

Facebook - BBC UZBEK

Google+ - BBC UZBEK

YouTube - BBCUZBEK (https://www.youtube.com/user/bbcuzbek)

Skype - bbcuzbekradio