"Al-Qoida" rahbari Zavohiriy yangi Tolibon rahbariga bay‘at bergan

Image copyright Reuters

Internetda e‘lon qilingan audio murojaatida "Al-Qoida" rahbari Ayman az-Zavohiriy Tolibonning yangi rahbari Mullo Axtar Mansurga sodiqlikka qasamyod qilgan.

Bu Ayman az-Zavohiriyning o‘tgan yil sentyabridan buyon e‘lon qilingan ilk murojaati bo‘lgan.

Audio murojaat "Al-Qoida"ning matbuot bo‘limi deb ko‘riladigan "Al-Sahab" tarmog‘i orqali tarqatilgan.

O‘tgan oy Tolibon asoschisi Mullo Umarning ikki yil oldin Pokistonda xastalikdan vafot etgani haqidagi xabar tarqaldi.

Tolibon rahbariyati bu xabarni to‘g‘ri deb e‘lon qilib, Mullo Umarning siyosiy vorisi sifatida Mullo Axtar Mansur saylangani haqida xabar tarqatdi.

Ammo Tolibon orasida hamma ham Mullo Mansurni o‘z rahbarlari sifatida ko‘rishni istamasliklari, ayrim rahbarlar Mullo Umarning o‘g‘li uning o‘rnini bosishini xohlashlari ma‘lum bo‘ldi.

Mullo Umar Afg‘oniston hududida panoh bergan O‘zbekiston Islomiy harakati esa Mullo Umar bilan 2001 yildan buyon muloqot qila olmagani, uning tirik yoki dunyodan o‘tgani haqida ishonchli ma‘lumotga ega emasligi sababidan uni bedarak ketgan deb bilishini e‘lon qildi.

Mullo Umar o‘limi haqidagi xabarlar ortidan tarqatilgan bayonotlarida O‘zbekiston Islomiy harakati Tolibon rahbariyatini o‘zini "Islomiy Davlat" deb atagan guruhga qo‘shilishga chaqirdi.

So‘nggi bayonotida esa O‘zbekiston Islomiy harakati tugatilgani, endi ular o‘zlarini "Islomiy Davlat"ning Xuroson viloyati jangarilari deb bilishlari haqida video tarqatdi.

Mullo Umar o‘limi haqidagi xabarlar tarqalganidan keyin "Al-Qoida"ning rahbari Ayman az-Zavohiriyning o‘zi tirikmi, degan gap-so‘zlar ham tarqalgan.

O‘zining audio murojaatida Zavohiriy Mullo Umar o‘limi munosabati bilan ta‘ziya izhor etgan.

Muxbirlarga ko‘ra, "Al-Qoida" va Ayman az-Zavohiriy Mullo Umarni global jihodiy harakatning bo‘lajak rahbari deb ko‘rib kelgan.

O‘tgan yili esa Iroq va Suriyada islomiy xalifalikni qayta tiklaganini e‘lon qilgan "Islomiy Davlat" jangari guruhi paydo bo‘lgan va bu guruh o‘zini dunyo jihodchilarining asosiy guruhi deb biladi.

BBC O‘zbek xizmati bilan Whatsapp, Telegram va Viber orqali bog‘lanishni istasangiz, telefonimiz: +44 78-58-86-00-02.

Instagram - BBC UZBEK

Twitter - BBC UZBEK

Odnoklassniki - BBC UZBEK

Facebook - BBC UZBEK

Google+ - BBC UZBEK

YouTube - BBCUZBEK (https://www.youtube.com/user/bbcuzbek)

Skype - bbcuzbekradio

Bu mavzuda batafsilroq