"Islomiy Davlat" kimyoviy qurolni ishga solgan bo‘lishi mumkin

Image copyright BBC World Service
Image caption Kurd jangchilari nafas olishda qiyinchiliklarga duch kelganlar

Rasmiylar xabar qilishlaricha, avgust oyi boshida Iroq shimolidagi Irbil shahri yaqinidagi janglarda "Islomiy Davlat" jangarilari kimyoviy qurollardan foydalangan bo‘lishlari mumkin.

Olmoniya rasmiylari xabar qilishicha, "ID"jangarilariga qarshi janglarga kirishgan kurd jangchilari nafas olishlari qiyinlashganidan shikoyat qilganlar.

Olmon rasmiylari nima ishga solingan bo‘lishi mumkinligini aytmaganlar.

AQSh Mudofaa vazirligi vakilining BBCga aytishicha, 60 tacha kurd jangchisiga qarshi xantal(gorchitsa) gazi qo‘llangan bo‘lishi mumkin.

Wall Street Journalning Amerika rasmiylaridan iqtibos keltirishicha, ID jangarilari xantal gazini Suriya hududida qo‘lga kiritgan bo‘lishlari mumkin.

Bundan oldin Suriya hukumati o‘zining ixtiyoridagi bunday kimyoviy qurollarning barchasi zaxiralarini yo‘q qilgani haqida xabar tarqatgan edi.

Bundan oldin ID jangarilarini kurd jangchilariga qarshi xlorin gazini qo‘llashda ayblashgan edi.

O‘shanda Iroq Kurdistoni rasmiylari avtomobil bombasi hujumida xlorin gazidan foydalanilgani dalili o‘zlarida borligini aytgandilar.

Iroqning sobiq rahbari Saddam Husayn kurd jangchilari va Eronga qarshi xantal gazidan foydalangani ma‘lum.

Xantal agent yoki oltingugurt xantal deb ataladigan kimyoviy moddani ko‘proq xantal gazi deb biladilar.

Xantal gazi taqiqlangan kimyoviy qurol hisoblanadi.

U terini achishtirib pufakchalar hosil qiladi, ko‘zni ko‘rmaydigan qilib qo‘yib, nafasni bo‘g‘adi.

Kurd jangchilariga yordam berib kelayotgan Olmoniya Mudofaa vazirligi o‘zlarining hamda Iroq mutaxassislari Kurdistonga yuborilgani, ularga "nima yuz berganini" o‘rganish vazifasi yuklatilganini xabar qilgan.

BBC O‘zbek xizmati bilan Whatsapp, Telegram va Viber orqali bog‘lanishni istasangiz, telefonimiz: +44 78-58-86-00-02.

Instagram - BBC UZBEK

Twitter - BBC UZBEK

Odnoklassniki - BBC UZBEK

Facebook - BBC UZBEK

Google+ - BBC UZBEK

YouTube - BBCUZBEK (https://www.youtube.com/user/bbcuzbek)

Skype - bbcuzbekradio

Bu mavzuda batafsilroq