Xitoydagi portlash: Tyanzinda namoyishlar

Image copyright EPA
Image caption Tyanzinliklar portlash sabablari va qurbonlar haqida aniq ma‘lumot berilishini so‘raganlar

12 avgustda sodir bo‘lgan kimyoviy portlash natijasida uylari vayron bo‘lgan tyanzinliklar hukumatdan tovon puli talab qilib, namoyishga chiqqanlar.

Qurbonlarning yaqinlari ham rasmiylardan aniq xabar berilishini so‘ramoqdalar.

Xitoyda ommaviy namoyishlarni tashkil qilish juda kam uchraydigan hodisa. Biroq Tyanzin hodisasi orqasidan hukumat tanqidlarga va namoyishlarga nisbatan biroz yon bosishga majbur bo‘lgan.

Yuzlab kishilar hukumat vakillari matbuot anjumani bergan Mayfair Hotel oldida to‘planganlar. Politsiya namoyish ishtirokchilari bino oldiga kirib bormasliklari uchun ular turgan joyni o‘rab olgan.

Tyanzinliklar uylari yaqinida portlash yuz bergan kimyoviy omborning joylashtirilgani noqonuniy ekanini aytganlar. Omborda aynan qanday modda saqlanganini oshkor etishni talab qilganlar.

Tyanzindagi Ruihai International Logistics firmasiga qarashli omborda 700 tonnadan ortiq zaharli natriy tsianid saqlanganiga ishoniladi.

Rasmiy raqamlarga ko‘ra, hozirgacha halok bo‘lganlar soni 114ta

100 ga yaqin inson, undan 85 tasi o‘t o‘chiruvchilar bedarak qolmoqda

700 dan ortiq kishi jarohatlangan, kasalxonadagi o‘nlab insonlarning ahvoli og‘ir

Kamida 6000 inson boshpanasiz qolgan

17 ming uy portlashdan vayron bo‘lgan.

"Biz hozirdanoq o‘zimizni yaxshi his qilmayapmiz. Zararlangan atrof muhit bir-ikki yilda tozalanib qolishi ham mumkin emas. Bu kelgusida bizning farzandlarimizga ham xavf tug‘diradi", degan namoyishga chiqqan mahalliy kishilardan biri.

Image copyright REUTERS TV
Image caption Bedarak ketgan o‘t o‘chiruvchilarning yaqinlari haqiqatni bilishni istaydilar

Shuningdek, portlash oqibatida halok bo‘lganlarning, aksariyati o‘ch o‘chiruvchilarning oila a‘zolari yetarli ma‘lumot yo‘qligidan norozilik bildirganlar.

"Portlashdan buyon necha kun o‘tdi. Men esa o‘g‘lim tirik yoki yo‘qligini bilmayman. Hukumat hech qanday aniq bir ma‘lumot bermayapti", deydi bedarak yo‘qolgan o‘t o‘chiruvchining otasi.

Tekshiruvchilar portlash hududida zaharli natriy tsianid moddasini aniqlaganlar. Pekin harbiy okrugi rahbari Gi Lutsze Tyanzindagi omborda katta miqdorda tsianid moddasi saqlanganini tan olgan.

12 avgustda sodir bo‘lgan portlash kuchi kattaligidan, 2 km masofadagi hududga ta‘sir ko‘rsatgan, binolarning oynalari to‘liq sinib ketgan, minglab mashinalarga o‘t ketgan. Guvohlar portlashdan keyingi manzarani "arvoh shahar"ga o‘xshatganlar.

Hodisadan keyingi kunlarda ham bir necha portlashlar sodir bo‘lgan, yong‘inlar kelib chiqqan. Xitoy hukumati portlash sabablari va oqibatlari haqida xabar tarqatgan o‘nlab internet saytlariga, yuzlab ijtimoiy tarmoq sahifalariga to‘siq qo‘ygan.

Xitoy Bosh vaziri Li Kesyan hodisadan to‘rt kun o‘tib shanbada Tyanzinga borgan, kasalxonada va vaqtinchalik yashash joylarida odamlar bilan uchrashgan, tekshiruvchilarning fikrlari bilan qiziqqan.

Portlash sabablari o‘rganilmoqda.

Butun mamlakat bo‘ylab xavfli kimyoviy va portlovchi moddalarni saqlash sharoitlarini tekshirish boshlangan.

BBC O‘zbek xizmati bilan Whatsapp, Telegram va Viber orqali bog‘lanishni istasangiz, telefonimiz: +44 78-58-86-00-02.

Instagram - BBC UZBEK

Twitter - BBC UZBEK

Odnoklassniki - BBC UZBEK

Facebook - BBC UZBEK

Google+ - BBC UZBEK

YouTube - BBCUZBEK (https://www.youtube.com/user/bbcuzbek)

Skype - bbcuzbekradio