"Bozor bilan davlat o‘rtasida chegara o‘rnatishga qiynalayotgan O‘zbekiston"

O‘zbekiston hech qachon o‘ta yirik, global iqtisodga ega bo‘lmaydi, lekin muvaffaqiyatli iqtisod qanday bo‘lishi kerakligi borasidagi o‘y-mulohazalarga turtki beradigan davlat, deb yozadi Britaniyada chop etiladigan The Telegraph ro‘znomasidagi maqolasida Rojer Butl.

Men yiliga bir marotaba qiziqarli yerda dam olishni odat qilganman.

1984 yili Xitoyga safar qilib, Telegraphda chop etilgan maqolamda Pekinning asosiy ramzi "karam va velosipedlar" ekanligi haqida yozgandim. O‘zbekistondan qaytgan vaqtim esa xotiramda mixlangan asosiy ramzlar "qovun va eshaklar" edi. Albatta eshaklar poytaxt Toshkentning yaltiroq ko‘rinishining naq aksi, lekin mamlakatning qolgan qismi hanuz qoloq. Rasmiy raqamlarga ko‘ra, mamlakat iqtisodi jadal o‘smoqda. Lekin jahondagi mamlakatlar jon boshiga Yalpi Ichki Mahsuloti ko‘rsatkichlari ro‘yxatida O‘zbekiston 127- o‘rinda, shundoqqina Hindistondan keyin va Britaniya iqtisodining yettidan bir qismiga teng.

Albatta, O‘zbekiston hech qachon o‘ta yirik, global iqtisodga ega bo‘lmaydi, masalan Xitoy bo‘lishi mumkin va bo‘ladi ham. Lekin muvaffaqiyatli iqtisod qanday bo‘lishi kerakligi borasidagi qarashlarga asos bo‘lishi mumkin.

Masalan, o‘sha qovunlarni oling. Qaysi yo‘ldan yurmang, albatta, yo‘l yoqasida qo‘lbola qovun savdo nuqtasini ko‘rasiz. Ularda albatta bir necha temir karavot bo‘ladi. Pishiqchilik davrida qovun savdogari shu yerda yotib, shu yerda ishlaydi. Kuniga necha soat ishlashiga chegara yo‘q.

Albatta, butun iqtisodda bunday emas. O‘zbekiston iqtisodini qiziqarli qiluvchi omillardan biri Sho‘rolar Ittifoqi qulashini boshidan kechirganligidir. Har yerda faoliyatdan to‘xtagan zavodlar, Britaniyada Tetcher davridan keyingi Yorkshir mintaqasini eslatadi. Bir yerda sovetlar davridan qolgan ko‘prik viqor bilan turibdi, lekin unga olib boruvchi yo‘lning o‘zi yo‘q... Chingizxonning vayronagarchiligidan omon qolgan ob‘ektga o‘xshaydi.

Tetcher davrida ishsizlarni "velosipedlarda yuring" deb undashgandi. Taxminim shuki, O‘zbekistonning qishloq yerlarida odamlar "eshaklarda yurishlari" kerak. Lekin ma‘lumotli ko‘plab o‘zbeklar ko‘pda uchoqqa o‘tirib yangi hayot izlab boshqa o‘lkalarga ketmoqdalar. Sobiq Ittifoq davlatlarining aksarida bo‘lganidek O‘zbekistonda ham erkin bozor bilan davlat o‘rtasidagi chegarani o‘rnatishni mushkul topmoqdalar. Qovunfurushlar misolida ko‘rish mumkinki xalqda ishbilarmonlik va mehnatsevarlik fazilatlari ziyoda. Lekin iqtisodda davlat hanuz asosiy rolni o‘ynaydi va ko‘pda shaxsiy biznesga aralashadi. Oqibat esa ko‘pda salbiy. Milliy valyuta noto‘g‘ri boshqaruvning yaqqol misoli. Inflyatsiya darajasi ulkan. Odamlar g‘ishtga o‘xshab taxlangan pul to‘la xaltalarni ko‘tarib yurishga majburlar.

Infrastruktura abgor, yo‘llar xarob. Korruptsiya urchigan. Ayni vaqtda davlat sektoriga haddan tashqari ko‘p ishchi yollash va qallobliklar yuz beradi. Rivojlangan mamlakatga sayohat qilgan har bir kishi umumiyatlarni ko‘ra oladi: formadagi odamlarning son-sanog‘i yo‘q, ular yo‘lovchilarni to‘xtatadi, tekshiradi, har xil hisobsiz qog‘ozlarni to‘ldiradi. Bularning hammasiga haq to‘lash oddiy fuqaro, soliq to‘lovchi gardanida.

Mening o‘quvchilarim Singapur misolini keltiraverganimdan charchagandirlar. Lekin yana bir bor aytaman... Singapur ham boshida hech qanday imtiyozlarga ega emasdi. Uni hozirgi darajaga ko‘targan narsa oqil boshqaruv edi. Qonun ustuvorligi, minimal korruptsiya va hukumat nazoratining faqatgina kerakli va lozim yerga yo‘naltirilgani. Iqtisodiy muvaffaqiyatning siri mana shunda.

Buning aksi qanday oqibatga olib kelishi esa ma‘lum. Bu yerda faqatgina O‘zbekiston haqida so‘z yuritayotganim yo‘q. Mehnatkash qovunfurush bilan abgor infrastruktura va davlat sektorida ishlovchi ko‘plab xodimlar haqida gapirganimda Britaniya ham ko‘z o‘ngimga keladi. Ayniqsa joriy vaziyat nazarda tutilsa.

Men ko‘pincha yo‘l harakati alohida shaxsning qobiliyati va davlat rolini tasvirlash uchun juda yaxshi istiora deb o‘ylardim. Mening O‘zbekistonga qisqa safarim buni yana bir bor tasdiqladi. O‘zbekcha yo‘l tiqilinchiga ham yuz tutdim... Yo‘lning bir qismi ta‘mir uchun yopilgandi. Yo‘lning boshqa qismi ikkala tomonga yo‘llangan mashinalar o‘tishga majbur edi... Buning hammasi odatiy ko‘rinish. Bir ozdan so‘ng mashinalar taqa-taq to‘xtashga majbur bo‘ldilar. Shundoqqina yonimizda esa ta‘mir tugagan, foydalanishga tayyor, lekin hanuz to‘silgan yo‘l qismi... Tez orada tiqilib qolgan mashinalar to‘siqni bosib o‘tib, oq qizil arqonning tagidan yangi solingan asfaltda izlarni qoldirib, ikkala yo‘nalishda vizillab yura boshladilar...

Bizning tarafda esa yig‘ilib qolgan mashinalardagi odamlar chiqib, bir-birlari bilan gaplashib, ovqat, suv qidira boshlashdi. Ba‘zilar esa yo‘ldan chiqib, shag‘al bosib, yana boshqalari esa hatto sayoz daryodan kechib ochiqqa yo‘l qidira boshladilar. Tez orada u yerda ham kimo‘zar boshlandi. Shu orada qizil to‘qmoq ko‘targan yo‘l harkati xavfsizligi xodimlari paydo bo‘lib, yo‘l ko‘rsata boshladilar...

Mening fikrimcha, yo‘l harakati va iqtisod bunday boshqarilishi kerakmasdek...

Tahririyatdan: Rojer Butl Capital Economics makroiqtisodlar mustaqil tahliliy markazi rahbari.

BBC O‘zbek xizmati bilan Whatsapp, Telegram va Viber orqali bog‘lanishni istasangiz, telefonimiz: +44 78-58-86-00-02.

Instagram - BBC UZBEK

Twitter - BBC UZBEK

Odnoklassniki - BBC UZBEK

Facebook - BBC UZBEK

Google+ - BBC UZBEK

YouTube - BBCUZBEK (https://www.youtube.com/user/bbcuzbek)

Skype - bbcuzbekradio