"Ichki ishlar bo‘limida 62 kun noqonuniy ushlab turilgan"

Mirzo Ulug‘bek tumani pasport bo‘limiga borgan toshkentlik Olmosbek Erkaboyev "terrorizmga qarshi kurash" boshqarmasi va xavfsizlik xodimlari tomonidan hibsga olinib, 60 kundan ortiq izolyatorda noqonuniy saqlangan, deydi Mustaqil Inson huquqlari himoyachilari tashabbus guruhi rahbari Sur‘at Ikromov BBCga.

Olmosbek Erkaboyevning onasi Mo‘tabarxon Sodiqovaga ko‘ra, o‘g‘lining aybi uning namozxon ekanida bo‘lishi mumkin.

Mustaqil Inson huquqlari himoyachilari tashabbus guruhiga murojaat qilgan onaxon, Olmosbek biometrik pasport olishga borganida qonunga zid tarzda ushlangani va Toshkent viloyat Ichki Ishlar bo‘limiga olib borilib, himoyachisiz so‘roq qilingani va qiynoqqa tutilgani hamda diniy ekstremizm bo‘yicha ayblovni bo‘yniga olishga majburlanganini so‘zlab bergan.

Mo‘tabarxon Sodiqova o‘g‘lining nimada gumon qilinayotganini bilish uchun har kuni Toshkent viloyat IIBga qatnagan.

Biroq "terrorizmga qarshi kurash" boshqarmasi xodimi o‘g‘lining nimada ayblanayotganini sir saqlab, tez kunlarda qo‘yib yuborilishini aytib uni tinchlantirgan.

Toshkentdagi Inson huquqlari tashabbus guruhi aralashuvi bilan 4 avgustda Olmosbek Erkaboyev ozod qilinadi.

Biroq IIB dagilar Olmosbekni chiqara turib, qandaydir ishda guvoh sifatida qatnashishi kerakligi talabini qo‘yishgan. Bundan tashqari o‘zlari unga yaxshi muomalada bo‘lganlari haqida yozilgan hujjatga imzo chekib berishga majburlaganlar, agar bu voqea internetda chiqsa, qamoqqa tashlash bilan tahdid qilganlar, deb aytadi huquq faoli.

Sur‘at Ikromovga ko‘ra, Olmosbek Erkaboyev 62 kun davomida juda yomon sharoitlarda izolyatorda saqlangan. Gigiyena uchun zarur narsalar berilmagan. Olmosbek ozodlikka chiqarilgach, qorin qismida va yuragida paydo bo‘lgan og‘riqdan shikoyat qilgan.

Bundan tashqari, Erkaboyevga 3 oydan beri sababsiz tarzda biometrik pasport berilmayapti.

Mirzo Ulug‘bek tuman pasport bo‘limidagilarga ko‘ra, yuqoridan shunday ko‘rsatma bo‘lgan, lekin uni kim berganini ochiqlamaganlar.

Olmosbek Erkaboyevning onasi o‘g‘li 62 kun noqonuniy hibsda ushlanib, qiynoqlarga tutilgani ustidan shikoyat arizasiga javob kutmoqda, deydi huquq faoli Sur‘at Ikromov.

BBC O‘zbek xizmati bilan Whatsapp, Telegram va Viber orqali bog‘lanishni istasangiz, telefonimiz: +44 78-58-86-00-02.

Instagram - BBC UZBEK

Twitter - BBC UZBEK

Odnoklassniki - BBC UZBEK

Facebook - BBC UZBEK

Google+ - BBC UZBEK

YouTube - BBCUZBEK (https://www.youtube.com/user/bbcuzbek)

Skype - bbcuzbekradio