Bosh vazir: bu Tailand tarixidagi eng yomon hujumdir

Image copyright Reuters

Kamida 20 inson umriga zomin bo‘lgan poytaxt Bangkok ibodatxonasidagi bomba portlashini Tailand tarixidagi eng yomon hujum, deb atagan zo‘ravonlikdan so‘ng gapirgan Bosh vazir Prayut Chang-ocha.

Bosh vazir hamda politsiya rahbari aytishlaricha, hujumning asosiy nishoni xorijiy sayyohlar bo‘lgan.

Bangkok markazidagi Eravan ibodatxonasi yaqinidagi portlashda halok bo‘lganlarning kamida sakkiz nafari chet ellik ekani xabar qilindi.

Xitoy rasmiylari halok bo‘lganlarning to‘rt nafari shu mamlakat fuqarolari bo‘lganini tasdiqlagan.

Tailand rasmiylari portlashni uyushtirgan odam shaxsi aniqlanmaganini aytganlar, biroq politsiya ibodatxona kuzatuv kamerasiga tushib qolgan gumondor videosini e‘lon qilgan.

Eravan ibodatxonasi oldidagi hujum kechki soat yettilarda ro‘y bergan.

Oradan bir necha soat o‘tib, shahardagi kanalga bomba uloqtirilgan va kuchli portlash kuzatilgan.

Bu hujumda hech kim jarohatlanmagan.

Image copyright AFP

Eravan ibodatxonasi oldidagi hujum uchun mas‘uliyatni hech kim o‘z zimmasiga olmagan.

BBCning Bangkokdagi muxbiri Jonatan Xed aytishicha, hozir hamma bu hujumni kim tashkil qilgan bo‘lishi mumkin deb bosh qotirayapti.

Gumon ostiga tushadiganlarning soni ham oz emas.

Ana shunday gumon qilinayotgan guruhlardan biri Tailand janubidagi o‘zlarining mustaqil davlatini barpo etishni maqsad qilgan musulmon isyonchilardir.

Ular bundan oldin mototsiklga o‘rnatilgan bomba hujumlarini ko‘p marta sodir etganlar, biroq bu hujumlar doim o‘zlari istiqomat qiladigan mamlakat janubidagi hududdarda uyushtirilgan.

Shuningdek, Tailandda oxirgi oylarda yuz bergan siyosiy zo‘ravonliklar siyosiy kuchlardan birortasini mana shu qadamga undagan bo‘lishi mumkinligi ham aytilmoqda.

Politsiyaga ko‘ra, uch kilogrammcha portlovchi modda portlatilgan, bu zarar kuchini ko‘paytirish maqsadida yasalgan qo‘lbola bomba bo‘lgan.

BBC O‘zbek xizmati bilan Whatsapp, Telegram va Viber orqali bog‘lanishni istasangiz, telefonimiz: +44 78-58-86-00-02.

Instagram - BBC UZBEK

Twitter - BBC UZBEK

Odnoklassniki - BBC UZBEK

Facebook - BBC UZBEK

Google+ - BBC UZBEK

YouTube - BBCUZBEK (https://www.youtube.com/user/bbcuzbek)

Skype - bbcuzbekradio