Slovakiya: faqat nasroniy qochqinlarni qabul qilamiz

Image copyright Reuters

Slovakiya hukumati e‘lon qilishicha, suriyalik qochqinlar orasidan faqat nasroniylarini qabul qiladi.

Musulmonlarni qabul qila olmaymiz, chunki mamlakatimizda masjid yo‘q, deyishgan rasmiylar.

Slovakiya rasmiylariga ko‘ra, musulmon qochqinlarning Ovro‘po jamiyatiga integratsiyalashishi qiyinligi sababidan musulmon qochqinlarni qabul qilmaslik qarorini olganlar.

Ovro‘po Ittifoqi Suriyadagi urushlar tufayli o‘z uy-joyini tashlab chiqqan qochqinlarni kvota bo‘yicha ittifoqqa a‘zo mamlakatlarda joylashtirishga qaror qilgan.

Rejaga ko‘ra, suriyalik 40000 qochqinni 28 mamlakat qabul qilib olishi lozim.

Shundan 200 nafari Slovakiyaga tushgan.

Bu qochqinlar hozir Turkiya, Italiya va Yunonistondagi jamloqlarda saqlanmoqdalar.

"Biz qochqinlar muammosi bo‘yicha Ovro‘poga yordam berishni istaymiz. Biz 800 musulmonni qabul qilishimiz mumkin edi. Lekin Slovakiyada masjid yo‘q. Agar bu yer ularga yoqmasa, musulmonlar qanday qilib integratsiyalashishadi?", deb aytgan Slovakiya Ichki ishlar vazirligi mulozimi Ivan Netik.

Slovakiya rasmiylari bu mamlakatga yetib kelgan qochqinlardan qaysi dinga e‘tiqod qilishi haqida savol-javob qilmoqchilar.

Janob Netik so‘zlariga ko‘ra, bunday savol-javobning hech qanday tahqirlaydigan joyi yo‘q.

"Bundan ko‘zlangan maqsad bitta - u ham bo‘lsa jamiyatdagi birdamlikni saqlash", deb aytgan Slovak mulozimi.

Suriyadagi zo‘ravonliklar uch milliondan ortiq insonni qochqinga aylantirgan.

Ular orasida ko‘pchilik o‘z hayotlarini xavf ostiga qo‘yib qayiqlarda Ovro‘po sohillariga yetib olishga urinmoqdalar.

Eng so‘nggi falokatlardan birida Turkiyadan Yunonistonga noqonuniy o‘tib olishga harakat qilgan muhojirlarning qayig‘i ag‘darilishi oqibatida olti suriyalik muhojir cho‘kib ketgan.

Ular orasida bir chaqaloq ham bo‘lgan.

Qutqaruvchilar faqat chaqaloqning jasadini topganlar.

BMT o‘tgan bir haftaning o‘zida 21 ming qochqin Turkiyadan Yunonistonga o‘tishga muvaffaq bo‘lgani haqida xabar tarqatgan.

Biroq qochqinlarga nisbatan siyosati, muhojirlarga yaratilgan sharoit tufayli Yunoniston hukumatini tanqid qilib kelishadi.

BBC O‘zbek xizmati bilan Whatsapp, Telegram va Viber orqali bog‘lanishni istasangiz, telefonimiz: +44 78-58-86-00-02.

Instagram - BBC UZBEK

Twitter - BBC UZBEK

Odnoklassniki - BBC UZBEK

Facebook - BBC UZBEK

Google+ - BBC UZBEK

YouTube - BBCUZBEK (https://www.youtube.com/user/bbcuzbek)

Skype - bbcuzbekradio

Bu mavzuda batafsilroq