Test natijalari yoxud yarani yashirish yaramaydi

Image copyright gazeta.uz

Poraxo‘rlik, ta‘magirlik, hamma zamonlarda bo‘lgan. Faqat, avvallari bu xunuk so‘z onda-sonda eshitilgan bo‘lsa, endilikda har qadamda qulog‘imizga tarsakiday urilayotir... Ayniqsa, ta‘lim tizimining bu o‘pqon changaliga tushib qolishi millatning, mamlakatning chinakam inqiroziga dalolatdir. Yurt kelajagi - yoshlar qo‘lida. Shunday ekan, oliy o‘quv yurtlariga munosib bilimli, iqtidorli yoshlar bir chetda qolib, saviyasi, bilimi sayozroq, hatto hamin qadar bo‘lsa-da, pora berganlarning talabalikka qabul qilinayotganligini qanday baholash mumkin?

Talabalikka tanlangan yoshlar orasida chindan ham yuksak darajada bilim olib, yetuk mutaxassis bo‘lib yetishish, yurt ravnaqiga hissa qo‘shishdek ezgu maqsadli, yuksak saviyalilari ham yo‘q emas. Lekin, afsuski, mustaqil hayotining ilk qadamidayoq hech vijdoni qiynalmasdan o‘zidan ancha bilimli, saviyali bo‘lgan, kerak bo‘lsa yurtga tirgak bo‘la oladigan salohiyatga ega bir tengdoshining o‘rniga pora evaziga "Diplom" olishni rejalayotganlar ham borki, ulardan kelajakda nimani kutish mumkin? Bugun ba‘zi idoralarni "gullatib", "yo‘liga g‘ov bo‘lmasligi uchun" o‘zidan kuchli bo‘lgan har qanday mutaxassisning sho‘riga sho‘rva qaynatayotgan, taraqqiyotning tomiriga bolta urayotganlar o‘z davrida g‘irrom yo‘llar bilan oliy o‘quv dargohlarini "zabt etgan" kadrlar emasmikin?...

Korruptsion zanjirlar tobora tomir otib, mustahkamlanib, bilimli yoshlarning (agar puli bo‘lmasa) o‘qishga kirishi tobora qiyinlashib borayotganligi yaqqol ko‘zga tashlanmoqda. Bu hol hatto hali maktab partasida o‘tirgan o‘smirning-da kelajakka bo‘lgan ishonchi, bilim olishga bo‘lgan rag‘bati, tashnaligini susaytirayotir. Akasi yo opasining maktabda "a‘lo" baholarga o‘qisa-da, puxta tayyorlanib ham yillab talabalik baxtiga erisholmaganini, aksincha, hech bir tayyorgarliksiz, hatto bilimi o‘ta sayoz abituriyentlarning ham "omadi kelib", o‘qishga kirayotganligini ko‘rgan o‘smir real voqelikni tez tahlil qiladi va hafsalasizlikka beriladi. Endi bu hafsalasiz o‘smir ijod, ilmu-fan ufqlarini zabt etish shavqi, ishtiyoqi bilan yona oladi deb o‘ylaysizmi? Aksincha, ko‘z oldidagi real hayot shuuriga zarblab qo‘ygan MODDIYaT bilan hisoblashadi: ota-onasining cho‘ntagiga qaraydi, shu cho‘ntakning "cho‘g‘i"ga qarab, o‘z kelajagi, orzu-umidlarining mezonini belgilaydi. Hayot tajribasiga ega bo‘lgan ota-ona ham iztiroblarini ichiga yutib deydi: "Ko‘rpangga qarab oyoq uzat..."

Inson orzusi bilan tirik, mukarram, yuksak va ozoddir. Biroq, bugun jamiyatda chuqur ildiz otgan korruptsiya, poraxo‘rlik, tanish-bilishchilik, o‘z shaxsiy manfaatini millat, mamlakat manfaatidan ustun qo‘yish, bir so‘z bilan aytganda, ba‘zi amaldorlarning VIJDONSIZligi o‘sib kelayotgan yosh avlodning orzularini ham bo‘g‘ovlab, kelajakka bo‘lgan ishonchini yo‘qotmayaptimi? Ezgu maqsad bilan ulg‘ayayotgan nihollarning ildizini qirqmayaptimi? O‘sib kelayotgan yosh avlodning yurt kelajagiga bo‘lgan ishonchi, orzusini bo‘g‘ovlash, o‘ldirish, insonni ma‘nan va ruhan o‘ldirish, eng kamida bir umrga mayib qilish degani emasmi?...

Yoyinlangan xabarlarga ko‘ra, O‘zbekistonda bu yil oliy o‘quv yurtlariga kirish uchun hujjat topshirgan yoshlar soni rekord darajani tashkil etgan - 600 ming nafardan ortiq! Ammo... ularning 57,8 ming nafari talabalikka qabul qilinadi. Qolganlari-chi? Unda bu "rekord daraja"ni xursandchilik bilan qabul qilish kerakmi yo?... Oliygohlarning ostonasiga oq qanotli, uchqur orzularini "ko‘mib", armonlari ko‘ksini yoqib, uyiga qaytib ketishga mahkum etiladigan 540 ming nafardan ortiq navqiron yigit-qizlarning ahvoli-ruhiyasini ko‘z oldingizga keltira olasizmi? Ular orasida o‘z bilimiga ishonib, hujjat topshirgan ukalarimizu singillarimiz ham bor?! Ularning qay birlaridir umid bilan qayta-qayta oliygohga hujjat topshirib, poraxo‘rlik, adolatsizlikning qurboni bo‘lib yurgandir, balkim?

Durustgina qalam tebratadigan bir yosh ijodkorning gapi hech xayolimdan ketmaydi:

- "Baland dorga osilgandan ko‘ra, harna o‘qishga kirish ballari pastroqdir, omadim kelib, zora talabalik baxtiga erishib qolsam..." degan umidda viloyatdagi universitetga hujjat topshirdim. Lekin ming afsuski, mutlaqo kutilmagan natija ro‘y berdi. O‘zMUda kamida 160-170 bal to‘plab, "yiqilganlar"ning eng oldingi saflaridan "o‘rin olgan" bo‘lsam, TerDuda atigi 60 bal to‘plab, "omadsiz"larning eng oxirgi o‘nligiga "ilinib" turardim... Bu bedodlikni hazm qila olmadim. Qabul komissiyasiga bordim. Shunda keksa bir o‘qituvchi maslahat berdi: "Haqiqatning tagiga yetaman deb, yosh umringni xazon qilma. Chunki, bu "zanjir"ni uzmoqchi bo‘lgan katta-katta odamlarning ham "tishi sinib" ketdi. Sochim shu dargohda oqardi, lekin uch yildan buyon o‘z qizimni o‘qishga kirita olmayapman. Faqat, rektorning "ro‘yxatidagilar" o‘qishga kiradi... Men dodimni kimga aytay?..."

Dastlabki yillarda o‘qishdan "yiqilishim"ni tasodifiy anglashilmovchilikka yo‘ydim. Negaki, maktabda qunt bilan faqat a‘lo baholarga o‘qidim. Fan olimpiadalari, turli ko‘rik-tanlovlarda hatto respublika miqyosida muvaffaqiyatli ishtirok etdim. O‘z bilimimga qattiq ishonardim. Afsuski, bu "anglashilmovchilik" bir emas, ikki emas, naq besh yil takrorlandi. Hatto bir gal adolat istab respublika test markazigacha bordim. Istasangizlar, barcha variantlarni menga berib, qaytadan imtihon olinglar", dedim. "Buning sira-sira imkoni yo‘q" deyishdi. Agar men ham pora berganimda edi, ko‘z nurimni to‘kib o‘qimasam ham, hamma narsaning imkoni topilar, ishlarim silliqqina bitardi. Esiz... Hammasidan hafsalam pir bo‘ldi... Endi esa ijodiy imtihonda maroq bilan yozganim: "Mustaqillik - mening taqdirimda" mavzuidagi inshoimni tomorqamdagi kesaklarga sassiz o‘qib berayapman. Hatto daftarlarni hoshiyalab yozgan, ba‘zi tanlovlarda maqtalgan she‘rlarimni ham...

Har yili test sinovlarida favqulodda xavfsizlik choralari ko‘riladi: ko‘p sonli militsiya xodimlari, maxsus xizmat vakillari jalb etiladi. Abituriyentlardan "shparkalka"-yu telefonlar olib qo‘yiladi. Har yili bir necha nafar abituriyentlar-u, o‘qituvchilar "qoidaga rioya qilmaganligi uchun" "qo‘lga tushadi". Ammo, baribir, poraxo‘rlik "o‘lmaydi". Har yili "poraxo‘rlikka chek qo‘yish" maqsadida turfa tadbirlar o‘ylab topiladi. Lekin poraxo‘rlikning ildizi qaysidir baquvvat kaftlarning ostida jon saqlab turaveradi-da, yana "lip" etib "o‘sib" chiqaveradi. Xo‘sh, bu ko‘zbo‘yamachilikdan kim nimani yutadi? Jamiyatning og‘riqli yaralarini berkitishni eng muhim amaliyot deb hisoblayotganlar aslida millat, mamlakat taraqqiyoti uchun eng muhim bo‘lgan narsalarni boy berayotganliklarini anglab yetmayaptilar? Zero, yarani yashirish yaramaydi, aksincha, uni davolash, jamiyatni so‘zda emas, amalda tom ma‘noda sog‘lomlashtirish kerak!

BBC O‘zbek xizmati bilan Whatsapp, Telegram va Viber orqali bog‘lanishni istasangiz, telefonimiz: +44 78-58-86-00-02.

Instagram - BBC UZBEK

Twitter - BBC UZBEK

Odnoklassniki - BBC UZBEK

Facebook - BBC UZBEK

Google+ - BBC UZBEK

YouTube - BBCUZBEK (https://www.youtube.com/user/bbcuzbek)

Skype - bbcuzbekradio