Qozoq tangasi erkinlikka dosh berolmadi

Image copyright none
Image caption Tanganing qadrsizlanishi mamlakatdagi barcha tabaqa va kasb egalariga ta‘sir etmoqda

"Bir kechada 250 ming tanga yo‘qotdik" - deb yozadi Ulan ismli ijtimoiy tarmoq foydalanuvchisi - "Hozirgi holat borasida iliq gap aytishga tilim aylanmaydi".

Yaxshi maoshli ishi, o‘z kvartirasiga ega bu qozog‘istonlik o‘z yoshligi o‘tgan 1990- va 2000-yillar yana qaytib kelib, odamlarni qiyin ahvolga solib qo‘yganini urg‘ulaydi.

"Keskin o‘zgarishlar davrida o‘sganman va har safar to‘satdan shunday holatlar ro‘y bersa, odamlarning jiqqa yoshga to‘lgan ko‘zlarini unutolmayman" - davom etadi Ulan.

"Chunki shundoq ham haminqadar maoshlar, sariq chaqaga arzimay qoladi".

Qozog‘istonda ko‘pchilik ijtimoiy tarmoqlarda o‘z noroziligini izhor eta boshlagan. Janna ismli qiz esa "chet elga ko‘chib ketishni o‘ylash kerak", deb ham yozadi.

Yirik iqtisod, yirik yo‘qotish

Markaziy Osiyoning eng yirik iqtisodi bo‘lgan Qozog‘iston chetga neft sotadi va mintaqaning jahon iqtisodiga eng ko‘p integratsiyalashgan iqtisodi sanaladi.

Hozirga holat esa bevosita dunyoda neft narxining tushib ketishi hamda mamlakatning eng yirik savdo hamkori bo‘lgan Rossiya rubli qadrsizlanishi bilan bog‘liq.

Ayni ikki sabab tufayli Qozog‘iston hukumati o‘z tangasi qiymatini erkin bozor ixtiyoriga tashlashga majbur bo‘ldi.

"Biz shunday qilishga majbur bo‘ldik, boshqa ilojimiz qolmadi" - deb tan oldi shaxsan Prezident Nazarboyev.

Hukumat so‘nggi ikki yil davomida o‘z milliy valyutasi bo‘lmish tanga qadrini ushlab turish uchun qariyb 30 milliard AQSh dollari sarflagan.

Lekin erkin bozor sharoitlari tanga qadrini bir kundayoq qariyb 35% tushib ketishiga olib keldi.

Image caption Qozoq tangasi qadrsizlanishi, u yerda ishlaydigan o‘zbeklarga ham salbiy ta‘sir ko‘rsatadi

Tanga qadrsizlanishi barchaga - bozordagi tujjorlaru ipotekaga uy olgan fuqarolarga ham, mamlakatda ishlayotgan katta-kichik shirkatlaru davlatdan maosh oladigan oddiy muallim hamda shifokorlarga ham salbiy ta‘sir etmoqda.

Bu holat, tabiiyki, ko‘pchilikni g‘azablantirmoqda, ammo Prezident Nazarboyev har qanday norozilik amaliyotini politsiya kuchlari bostiradi, deb ogohlantirgan.

Tangadan so‘mgacha

Jahonda bir necha yil ilgari yuzaga kelgan moliyaviy inqiroz ham Markaziy Osiyoda aynan Qozog‘istonga eng ko‘p salbiy ta‘sir ko‘rsatgan edi.

Iqtisodi asosan neft eksportiga bog‘liq Qozog‘iston o‘z tangasi barqarorligi va qimmati jahon energiya bozoridagi narx-navo bilan belgilanishini ham yaxshi biladi.

Buning ustiga, Rossiyaga qarshi G‘arb kiritgan jazo choralari va rublning qadrsizlanishi ham katta o‘rin tutmoqda.

Ayni sabablar bois hatto jahon iqtisodiga u qadar integratsiyalashmagan va anchayin ihotalangan qo‘shni O‘zbekiston milliy so‘mi ham o‘z qadrini yo‘qotmoqda.

So‘nggi yillar davomida qora bozorda o‘rtacha 2500 o‘zbek so‘mi bir AQSh dollariga teng edi. Ammo oxirgi oylar ichida o‘zbek so‘mi keskin qadrsizlanib, bir AQSh dollari sotib olish uchun qora bozorda 3500 so‘mdan ham ko‘p to‘lash kerak bo‘lmoqda.

Rossiyada muhojirlar oladigan maoshlar kamaygan va O‘zbekiston rasmiylari chetga ketganlar muhojirlarni qaytarish yo‘lida ularning oilalariga bosim o‘tkazishmoqda. Shu bois yuz minglab o‘zbeklar vatanga qaytishayotir.

Biroq bu yerda ular ishsizlik, ish bo‘lganda ham oila boqishga yetmaydigan maoshlar va hukumat organlari so‘roq-tergovlariga duch kelishayapti.

O‘zbekistonga muhojirlar qancha ko‘p qaytib kelishsa, ular jo‘natadigan xorijiy valyuta shuncha kamaymoqda.

BBC O‘zbek xizmati bilan Whatsapp, Telegram va Viber orqali bog‘lanishni istasangiz, telefonimiz: +44 78-58-86-00-02.

Instagram - BBC UZBEK

Twitter - BBC UZBEK

Odnoklassniki - BBC UZBEK

Facebook - BBC UZBEK

Google+ - BBC UZBEK

YouTube - BBCUZBEK (https://www.youtube.com/user/bbcuzbek)

Skype - bbcuzbekradio

Bu mavzuda batafsilroq