Zarvaraqlar: Cho‘lpon - "Yo‘lchi"

Image caption Cho‘lponning NKVD qamog‘ida olingan surati

Zarvaraqlar ruknimizda Cho‘lponning hali o‘zbek matbuotida e‘lon qilinmagan she‘rlaridan ba‘zilarini chop etmoqdamiz. Bugungi she‘r - "Yo‘lchi" deb atalib, 1927 yili "Er yuzi" jurnalida chop etilgan.

Yo‘lchi

Qarshimdag‘i adirning

ko‘ksiga yonboshladi

charchab qolg‘an oftob.

Shunda so‘lub bir qirning

quchog‘ig‘a tashladi

o‘zini xorg‘in, betob...

uzoq yo‘lning yo‘lchisi.

Oxirg‘i zarrasini

oftob yoyib soldi

daraxtlarning boshig‘a.

Go‘dak chehra yaproqning,

chang yo‘ldag‘i tuproqning

sevinib o‘ynoshig‘a...

behush tikilib qoldi...

uzoq yo‘lning yo‘lchisi.

Birozdan so‘ng kerildi

keng qirlarda bir qanot,

qora tanli zulumot,

kecha, to‘la boshladi,

og‘irini tashladi...

"Xorg‘inlarning elchisi

men bo‘lammen!" deb keldi

tog‘ tomonning shamoli.

Yo‘lchi yana qo‘zg‘oldi,

nazarlardan yo‘qoldi.

...

Kecha qayg‘ig‘a to‘ldi,

xansirab nafas oldi.

**********

BBC O‘zbek xizmati bilan Whatsapp, Telegram va Viber orqali bog‘lanishni istasangiz, telefonimiz: +44 78-58-86-00-02.

Instagram - BBC UZBEK

Twitter - BBC UZBEK

Odnoklassniki - BBC UZBEK

Facebook - BBC UZBEK

Google+ - BBC UZBEK

YouTube - BBCUZBEK (https://www.youtube.com/user/bbcuzbek)

Skype - bbcuzbekradio