Markaziy Osiyo musiqasi dunyo sahnasida...

Ostonaga 70 mamlakatdan 600dan ortiq musiqashunoslaru musiqachilar tashrif buyurishdi Image copyright none
Image caption Ostonaga 70 mamlakatdan 600dan ortiq musiqashunoslaru musiqachilar tashrif buyurishdi

O‘zbekistonda "Sharq taronalari" xalqaro musiqa festivalini boshlashga so‘nggi hozirliklar ko‘rilmoqda. Mazkur festivalni 25-30 avgust kunlari Samarqandda o‘ninchi marta o‘tkazish rejalangan.

"Sharq taronalari" turli madaniyatlar, asriy an‘analarni bir-biriga bog‘lovchi eng yirik xalqaro tadbirlardan biri sifatida ta‘riflanadi.

Biz Kembridj universitetidan musiqashunoslik doktori va jahon etnomusiqashunoslarini birlashtirgan Xalqaro tashkilot - ICTM vitse-prezidenti Roziya Sultonovadan Markaziy Osiyo musiqasining dunyo sahnasidagi o‘rni haqida so‘radik.

BBC: Markaziy Osiyo musiqasi va uning xalqaro miqyosdagi maqomi haqida nima deya olasiz? Dunyo sahnasida ushbu musiqa qanchalar mashhur?

Roziya Sultonova: Men markaziy osiyoliklarni mazkur xalqlar musiqasi dunyo bo‘ylab dong taratayotgani bilan qutlagan bo‘lardim. Markaziy Osiyo musiqasi birgina "Sharq taronalari" xalqaro musiqa festivalida emas, balki boshqa qator global miqyosdagi tadbirlarda diqqat e‘tiborga tushmoqda. Misol uchun, yaqinda Ostonada bo‘lib o‘tgan jahon etnomusiqashunoslari ishtirokidagi anjumanni tilga olgan bo‘lardim. Jahon etnomusiqashunoslarini birlashtirgan Xalqaro tashkilot (ICTM) o‘zining 43 qurultoyini o‘tkazdi. Bu yig‘inda bosh mavzu "Turkiy xalqlar musiqasi va uning zamonaviy dunyodagi o‘rni" bo‘ldi.

BBC: Bu qanday boshlandi?

Image copyright none
Image caption Roziya Sultonovaga ko‘ra, musiqa turli madaniyatlar va millatlararo rishtalarni bog‘lashda muhim o‘rin tutadi

Roziya Sultonova: 3 yil oldin mazkur tashkilot 43 qurultoyiga mezbonlik qilishi mumkin bo‘lgan shahar va muassasa qidirar ekan, poytaxt Ostona va Qozog‘iston Milliy San‘at Universiteti maslahat berildi. Manzil va vaqt kelishib olingach, ushbu jahon miqyosidagi 7 kunlik yig‘inni o‘tkazish uchun qattiq tayyorgarliklar boshlandi. Qator tashkilotlar - Etnomusiqa bo‘yicha Britaniya forumi hamda Qozog‘istonning Britaniyadagi elchixonasi yordam qo‘lini cho‘zdi.

BBC: Ostonada o‘tgan xalqaro qurultoyning o‘tmishdagilaridan qanday farqi bo‘ldi?

Roziya Sultonova: 43 qurultoy nafaqat Markaziy Osiyo va Qozog‘iston uchun, balki Jahon etnomusiqashunoslarini birlashtirgan Xalqaro tashkilotimiz uchun ham muvaffaqiyat bo‘ldi. Shanxayda bo‘lib o‘tgan 42 qurultoyda 56 davlatdan 550 ishtirokchi kelgan bo‘lsa, Ostonaga 70 mamlakatdan 600dan ortiq musiqashunoslaru musiqachilar tashrif buyurishdi. Tashkilot tarixida ilk bor Qozog‘iston eng katta sondagi mutaxassislar guruhi bilan qatnashdi. Sobiq Sho‘ro davlatlaridan ham ko‘p sonli musiqashunoslar taklif qilingandi. Ular bir hafta davomida turkiy xalqlar musiqasi, madaniyati hamda raqslarini sinchkovlik bilan tahlil qilishdi. Ishtirokchilar kechda tashkil qilingan kontsertlardan bahramand bo‘ldilar, shaharning ko‘zga ko‘rinarli joylari bilan tanishdilar. Xullas, Ostonadagi anjuman jahon musiqasi va madaniyati tadqiqotlariga yangicha yondashuv uchun muhim bosqich bo‘ldi.

BBC: Ostona anjumani qanday ilmiy natijalar bilan yakun topdi?

Image copyright none

Roziya Sultonova: Ostona yig‘inining asosiy mavzusi "Musiqa va turkiyzabon dunyodagi yangi siyosiy jo‘g‘rofiya" edi. Illyustratsiya uchun "Turkiy madaniyat xalqaro tashkiloti" har bir kechada musiqa bayrami tashkil qildi. Qurultoy bahona Jahon etnomusiqashunoslari Xalqaro tashkilotiga Qozog‘iston, Turkiya va Rossiyadan 120 yangi a‘zo qo‘shildi. Buni musiqaning turli madaniyatlar va millatlararo rishtalarni bog‘lashdagi xizmati dalili sifatida ko‘rish mumkin. Kontsertlar tufayli anjuman ishtirokchilari Markaziy Osiyo madaniyati va musiqasiga maftun bo‘ldilar. Umid qilamizki, Samarqandda o‘tadigan "Sharq taronalari" xalqaro musiqa festivalining o‘n yilligi xuddi shunday muvaffaqiyat bilan yakun topadi.

BBC O‘zbek xizmati bilan Whatsapp, Telegram va Viber orqali bog‘lanishni istasangiz, telefonimiz: +44 78-58-86-00-02.

Instagram - BBC UZBEK

Twitter - BBC UZBEK

Odnoklassniki - BBC UZBEK

Facebook - BBC UZBEK

Google+ - BBC UZBEK

YouTube - BBCUZBEK (https://www.youtube.com/user/bbcuzbek)

Skype - bbcuzbekradio

Bu mavzuda batafsilroq