Eronda Britaniya elchixonasi ochildi

Image copyright AFP
Image caption Bundan to‘rt yil burun Eronlik namoyishchilar Britaniya elchixonasiga hujum qilishgandi

Tehrondagi Britaniya elchixonasi bundan to‘rt yil muqaddam yopilgan edi.

Bugun Britaniya diplomatik vakolatxonasining Tehronda qayta ochilish marosimiga borgan Tashqi ishlar vaziri Filip Hemmond eronlik diplomatlar bilan ham ko‘rishgan va kelasi aloqalar borasida umidli fikrlar aytgan.

Tehronda nutq so‘zlagan Britaniya Tashqi ishlar vaziri "har doim fikrlari bir joydan chiqmasa-da, Britaniya va Eron birgalikda cheksiz yutuqlarga erishishlari mumkin"ligini qayd etgan.

Janob Hemmond o‘tgan 12 yil ichida Eronga kelgan ilk Britaniya Tashqi ishlar vaziri bo‘lmoqda. Shu bois bu kun London va Tehron o‘rtasidagi diplomatik munosabatlarda tarixiy sana, deb ko‘rilmoqda.

Londonda ham Eron elchixonasi qayta ochilayotir.

2011 yil Tehronga qarshi kiritilgan jazo choralaridan g‘azablangan namoyishchilar Britaniya elchixonasiga hujum qilishgan va o‘shandan beri bu diplomatik vakolatxona yopiq qolayotgandi.

Ammo bir necha hafta oldin Tehron o‘z yadroviy dasturlarini jilovlash bo‘yicha dunyoning olti nafar qudratli davlati bilan kelishuvga borarkan, o‘rtada o‘zaro munosabatlar o‘zgarayotgani alomatlari paydo bo‘ldi.

Londonga ko‘ra, G‘arb bilan ko‘proq aloqalarni tiklashga e‘tibor berayotgan Prezident Hasan Ruhoniyning ham bu yerda hissasi katta.

Qator kuzatuvchilarning fikricha, Yaqin Sharqdagi so‘nggi voqealar, xususan, Iroq va Suriyada bosh ko‘targan o‘ta radikal sunniy jangarilari, ya‘ni Islomiy Davlatga qarshi kurashish ham G‘arb va Shia Eronni bir qatorga qo‘ymoqda.

Eron - Yaqin Sharqdagi o‘ta yirik kuchga aylanish potentsialiga ega, strategik muhim va tabiiy boyliklari mo‘l davlat.

Biroq Islomiy tuzum hukmron bu davlatning aksig‘arb mavqei va yadroviy dasturi bois Ovro‘po hamda AQSh Tehronga qarshi qator jazo choralari kiritishgan.

Ayni damda, Yaqin Sharqning arab o‘lkalarida avj olayotgan sunniy jangari guruhlari ham G‘arbni, ham forsiyzabon Shia Eronni bir xilda xavotirga soladi.

BBC O‘zbek xizmati bilan Whatsapp, Telegram va Viber orqali bog‘lanishni istasangiz, telefonimiz: +44 78-58-86-00-02.

Instagram - BBC UZBEK

Twitter - BBC UZBEK

Odnoklassniki - BBC UZBEK

Facebook - BBC UZBEK

Google+ - BBC UZBEK

YouTube - BBCUZBEK (https://www.youtube.com/user/bbcuzbek)

Skype - bbcuzbekradio

Bu mavzuda batafsilroq