Shveytsariya "Karimovaga tegishli ko‘rilgan pullarni muzlatadi"

Image caption Karimovaning so‘nggi tviti O‘zbekiston xavfsizlik xodimlari uning Toshkentdagi lyuks xonadoniga bostirib kirishidan bir kun avval bitilgandi

Shveytsariya rasmiylari O‘zbekiston prezidenti to‘ng‘ich qizi Gulnora Karimovaga tegishli deya gumon qilingan mol-mulkni muzlatish to‘g‘risidagi AQSh tomoni qo‘ygan talabga rozi bo‘lgan. Bu borada Shveytsariya Adliya tizimi voizi ma‘lum qilgan.

Oy boshlarida The Wall Street Journal uch telekommmunikatsiya shirkati -Teliasonera, Vimpelkom va MTS pora bergani borasida tekshiruv olib borayotgan Amerika mulozimlari Ovro‘po tergovchilaridan 1 milliard dollarlik mol-mulkka arest qo‘yishni so‘rashgani haqida xabar qilgandi.

Shveytsariya Adliya vazirligi voizi qancha qiymatga ega mol-mulk muzlatilishini ochiqlamagan. Ammo, The Wall Street Journal Shveytsariya banklarida taxminan 640 million dollardan kamroq mablag‘ borligi haqida xabar qilgandi.

2012 yil Shveytsariya Bosh prokuraturasi Gulnora Karimova doxil 6 O‘zbekiston fuqarosiga nisbatan pullarni noqonuniy o‘zlashtirish gumoni bilan jinoiy ish ochilganini ma‘lum qilgandi.

O‘shandan beri Shveytsariya Bosh prokuraturasi teshiruvlar doirasida 854 million dollardan ortiq mablag‘ni muzlatgan.

O‘zbekistonda 2014 yil boshlarida Gulnora Karimova "ihotalab qo‘yilganidan" beri unga aloqadar bo‘lgan bizneslar, xususan ko‘plab yoshlarni o‘z qanoti ostiga olgan "Fond Forum" xayriya tashkiloti faoliyati taqa-taq to‘xtagan.

Bir paytlar AQSh diplomatik yozishmalarida mamlakatdagi "eng nafratlanilgan shaxs" o‘laroq ta‘riflangan Karimova xonim o‘z otasi nazaridan tushgani, buning oqibati, bizneslarining birin ketin yo‘q qilinishi, TV stantsiyalarining yopilishi, o‘z tarafdorlarining hibs qilinishi, xayriya faoliyati to‘xtalishi haqida Twitter orqali dunyoni ogoh qilib turardi, biroy uy hibsiga tushganidan beri u Twitterdan yo‘qolgan.

2014 yil 16 fevral kuni uning Twitter hisobi ishlamay qoldi. Uning so‘nggi twiti O‘zbekiston xavfsizlik xodimlari Gulnoraning Toshkentdagi lyuks xonadoniga bostirib kirishidan bir kun avval bitilgandi.

Gulnora Karimovaning telekom biznesidagi yirik korruptsiyaga aloqadorligi qator Ovro‘po davlatlari va AQShda tergov qilinmoqda. O‘zbekistonda esa uning eng yaqin sheriklari - o‘ng qo‘li deb bilingan Gayane Avakyan va turmush o‘rtog‘i Rustam Madumarovlar qamalgan.

BBC O‘zbek xizmati bilan Whatsapp, Telegram va Viber orqali bog‘lanishni istasangiz, telefonimiz: +44 78-58-86-00-02.

Instagram - BBC UZBEK

Twitter - BBC UZBEK

Odnoklassniki - BBC UZBEK

Facebook - BBC UZBEK

Google+ - BBC UZBEK

YouTube - BBCUZBEK (https://www.youtube.com/user/bbcuzbek)

Skype - bbcuzbekradio

Bu mavzuda batafsilroq