Poroshenko: Ukraina kelajagi "yupqa muz" ustida

Image copyright Reuters

Ukraina mustaqillik kunida so‘zlagan Prezident Pyotr Poroshenko kelasi yil "Rossiya tajovuzi qarshisida" ehtiyotkorlik bilan ish tutish zaruratidan ogohlantirgan.

Shuningdek, u Ukraina "yupqa muz" ustida yurayotgani, eng kichik noto‘g‘ri qadam ham halokatga yetaklashi mumkinligini aytgan.

Ayni paytda sharqiy Lugansk va Donetsk mintaqalarida zo‘ravonliklar kuchaygan.

Rossiya esa, sharqdagi isyonkorlarga ko‘mak berayotgani borasidagi ayblovlarni rad qilib keladi.

Prezident Poroshenko to‘liq ko‘lamli bosqin xavfi saqlanib qolayotganini ta‘kidlagan. Poroshenkoning so‘zlariga ko‘ra, buni Rossiyaning 50,000 qo‘shini Ukraina sharqiy chegaralariga joylashtirilgani va 9,000 nafari isyonkorlar mustaqil deb e‘lon qilgan hududlarda joylashtirilgani tasdiqlab turibdi.

Rossiya tarafi mintaqada bo‘lishi mumkin bo‘lgan har qanday harbiy bu ishni ko‘ngilli ravishda qilayotganini ta‘kidlaydi.

Donetskdagi isyonkorlar voizi Edvard Basurin janob Poroshenko keltirayotgan raqamlarni safsata deb ta‘riflagan. Unga ko‘ra, bu haqda Berlinda Ovro‘po rahbarlari yig‘ini oldidan bosimni oshirish uchun gapirilmoqda. Berlinda Ukraina rahbari Olmoniya kantsleri Angela Merkel va Frantsiya prezidenti Fransua Olland bilan uchrashadi.

Rossiya o‘tgan yil Ukrainaga tegishli bo‘lgan Qrim yarim orolini qo‘shib olgan. Bir necha hafta o‘tib, Lugansk va Donetskda notinchliklar boshlangan.

Ukrainaning Mariupol shahri yaqini hamda isyonkorlar nazoratidagi Gorlovka shaharchasida janglar alanga olarkan, fevralda imzolangan otashkesim taqdiri xatar ostida qolgan.

Edvard Basurin Ukrainani jabha chizig‘iga og‘ir qurol-aslahalar keltirayotganlik va bir kunda 21 marta otishkesim shartlarini buzayotganlikda ayblagan.

BMT rasmiylariga ko‘ra, janglar boshlanganidan beri qariyb 7,000 inson nobud bo‘lgan, 17,000dan ortiq kishi jarohatlangan.

Janob Poroshenkoning aytishicha, zo‘ravonliklar tufayli 2,100 nafarcha Ukraina askari hayotdan ko‘z yumgan.

BBC O‘zbek xizmati bilan Whatsapp, Telegram va Viber orqali bog‘lanishni istasangiz, telefonimiz: +44 78-58-86-00-02.

Instagram - BBC UZBEK

Twitter - BBC UZBEK

Odnoklassniki - BBC UZBEK

Facebook - BBC UZBEK

Google+ - BBC UZBEK

YouTube - BBCUZBEK (https://www.youtube.com/user/bbcuzbek)

Skype - bbcuzbekradio

Bu mavzuda batafsilroq