Sahrodagi mojaro: Nukusdagi qimmatbaho kollektsiya xavf ostidami?

Image caption Marinika Bobonazarova muzeyga 31 yildan beri rahbarlik qilib keladi

Nukusda joylashgan Savitskiy nomidagi muzey direktori Marinika Bobonazarova o‘tgan juma to‘satdan ishdan bo‘shatilishi ortidan "muzey talon-taroj bo‘lish xavfi ostida qolmoqda". Aynan shunday xavotirni qator xalqaro san‘at peshvolari va muzeyga yaqin manbalar bildirishmoqda.

Muzeydagi manbaga ko‘ra, umumiy qiymati o‘n millionlab dollar deya baholangan 90 mingdan oshiq noyob san‘at asarlariga ega muzeyga rahbarlik qilib kelgan Bobonazarova xonimni Qoraqalpog‘iston Madaniyat Vazirligi "majburan" bo‘shatgan.

Uning qizi esa o‘zi va onasiga tahdidlar bo‘lganini aytdi.

BBCga gapirgan Bobonazarova xonim o‘zining ishdan chetlatilishini "noqonuniy" deya qoraladi. U o‘z qo‘li ostidagi kollektsiyadan qimmatbaho asarlarni o‘g‘irlagani va ularni soxtalari bilan almashtirgani borasidagi ayblovlarni "asossiz" va "bema‘ni" deya tasvirladi.

Image caption Robert Falkning "So‘zana fonida" asaridan bir parcha

Uning aytishicha, muzeyga iyun oyida yuborilgan komissiya "yolg‘on ayblovlar" bilan unga qarshi amal qilgan. Bobonazarova xonim o‘ziga qarshi qilinayotgan bu bosimlar ortida aynan kim turganini bilmaydi, unga yaqin manba esa "ta‘siri juda katta odam" deyish bilan cheklanmoqda.

"Men ko‘chada qolib ketdim. Boshqa ish topishim uchun zarur bo‘lgan ikki haftalik muddatni ham berishmadi menga", - deydi u.

"Qora ma‘lumot"

Har bir muzey faoliyati uchun odatiy bo‘lgan inventarizatsiya, ya‘ni eksponatlarni qayd qilish jarayoni bu yil avvalgilaridan farq qilgan.

Muzeydagi manbaga binoan, Qoraqalpog‘iston Madaniyat vazirligi tomonidan tayinlangan mutaxassis Serik Baybosinov boshchiligida ish olib borgan komissiya o‘z faoliyati boshidanoq xodimlarga "jinoyatchilardek" munosabatda bo‘lgan va ularni so‘roq qilgan.

Baybosinov janoblari asarlar orasidan "soxta kartinalar"ni qidirish bilan mashg‘ul bo‘lgan va o‘z qo‘lidagi hujjatlarni muzey rahbariyatiga ko‘rsatishdan bosh tortgani aytiladi.

Muzeydaga manbaga binoan, komissiyaga butun O‘zbekistondan kelgan mutaxassislar jalb qilingan. Biroq, ularning ba‘zilari muzey rahbariga qarshi qora ma‘lumot yig‘ilishiga guvoh bo‘lishlaridan norozi bo‘lib, komissiyani tark etganlar.

Image caption Komissiyaga rahbarlik qilgan Serik Baybosinov

Uning aytishicha, Baybosinov boshchiligidagi komissiya ultrafiolet nurli lampa va ko‘zdan kechirish asosida muzeydagi kartinalardan biri - Nikolay Karaxanga tegishli asarlardan biri soxta deya xulosa qilgan. Biroq, muzey xodimlariga ko‘ra, O‘zbekistonda kartinalar haqqoniy yo soxtaligini aniqlash vakolatiga ega mutaxassislar yo‘q va bu faqat xalqaro ekspertlar ishtirok bilan amalga oshirilishi mumkin.

BBC bilan suhbatda Qoraqalpog‘iston Madaniyat vazirligining xodimi bu ayblovlarni, hamda Bobonazarova xonim majburan ishdan chetlatilgani borasidagi da‘volarni rad etdi.

"O‘z o‘z xohish-istagiga binoan ishdan ketdi. Bizning qo‘limizda uning arizasi bor", - dedi o‘z ismini oshkor qilishdan bosh tortgan mulozim ayol.

Meros

Qoraqalpog‘iston bo‘yicha britaniyalik mutaxassis, "Orol deltasining qoraqalpoqlari" kitobi muallifi Devid Richardsonning BBCga aytishicha, kimdir va hatto direktor Savitskiy muzeyidan nimanidir o‘g‘irlagani borasidagi da‘volar "kulguli"dir.

"Biz o‘tgan bir necha yil davomida Qoraqalpog‘istonda ishlab, bu muzeyning xodimlari bilan yaqindan hamkorlik qildik. Rezerv kollektsiyasiga kiraverishda militsiya qo‘riqchisi o‘tiradi, sumkalarimiz tekshirilgan, imzo chekib kirganmiz. Biz suratga olish uchun ba‘zi jihozlarimizni olib kirish uchun ruxsat olganmiz, shunda ham yonimizda muzey xodimi va bir qo‘riqchi bo‘lgan. Kunning oxirida kuratorlar qulflarni mum bilan muhrlashardi", - deydi u.

Uning xavotiriga ko‘ra, O‘zbekiston hukumatiga qoraqalpoq osori-atiqalarining qizig‘i yo‘q va u qimmatbaho kartinalarni Toshkentga ko‘chirishdan manfaatdor. Janob Richardson o‘z do‘sti Marinika bunga qarshi har doim kurashib kelganini aytadi.

Image caption Nikolay Karaxanning "Buxoroda suv quvuri o‘rnatilishi" nomli asari

Nukus muzeyiga 1950-yillarda hududga arxeologik ekspeditsiya tarkibida kelgan rassom Igor Savitskiy asos solgan. O‘z kollektsiyasini qoraqalpoq gilamlari va zargarlik buyumlari bilan boshlagan Savitskiy so‘ngra uni Sovet rahbariyati tomonidan man etilgan avangard san‘at asarlari bilan boyitgan.

Muzey yerto‘lalarida saqlangan minglab taqiqlangan san‘at asarlaridan mamlakat rahbariyati bexabar edi. Ular orasida O‘rol Tansiqboyev, Pavel Benkov, Robert Falk va Lyubov Popova kabi dunyoga dong‘i chiqqan rassomlar asarlari ham bor.

Bugunda rus avangard tasviriy san‘atining ikkinchi eng yirik kollektsiyasiga ega Savitskiy nomidagi Nukus Muzeyi jahon matbuoti tomonidan "Sahrodagi Luvr" deya olqishlanadi.

Savitskiy 1984 yilda vafot etishidan avval muzeyga rahbar etib o‘z shogirdi Marinika Bobonazarovani tayinlagan.

Bobonazarova xonimni O‘zbekistonda va xorijda qo‘llab-quvvatlayotgan san‘at shinavandalari O‘zbekiston prezidenti va bosh vaziri, shuningdek O‘zbekistondagi AQSh va Olmoniya elchilari nomiga qator norozilik maktublarini yo‘llashgan.

Chetlatilgan direktor hozir faqat umid bilan yashayotganini aytadi.

BBC O‘zbek xizmati bilan Whatsapp, Telegram va Viber orqali bog‘lanishni istasangiz, telefonimiz: +44 78-58-86-00-02.

Instagram - BBC UZBEK

Twitter - BBC UZBEK

Odnoklassniki - BBC UZBEK

Facebook - BBC UZBEK

Google+ - BBC UZBEK

YouTube - BBCUZBEK (https://www.youtube.com/user/bbcuzbek)

Skype - bbcuzbekradio

Bu mavzuda batafsilroq