Tojikistonda Facebook va YouTube to‘sib qo‘yilgan

Tojik qo‘mondoni ID safiga qo‘shilgach saytlar bloklangan edi Image copyright YOU TUBE
Image caption Tojik qo‘mondoni ID safiga qo‘shilgach saytlar bloklangan edi

Tojikistonda muxolifat va islomiy kiyimlarga bosim kuchayishi manzarasida Facebook va YouTube portallariga to‘siq qo‘yilgan.

Markaziy Osiyo yangiliklari saytining ma‘lum qilishicha, ushbu saytlar Tojikistonning barcha provaydarlari tomonidan 24 avgust kuni bloklab qo‘yilgan. Saytning yozishicha, Tojikiston Aloqa xizmati "ushbu masala bo‘yicha provayderlarga topshiriq bergan", biroq bunday ko‘rsatmaning sabablarini ochiqlamagan.

websaytlarning to‘sib qo‘yilishi Tojikistonda birinchi marta uchrayotgani yo‘q. Asosan ijtimoiy tarmoqlar bo‘lmish Vkontakte, Facebook, Odnoklassniki va YouTube saytlari Tojikiston ichki ishlar zobiti Gulmurod Halimovning Islomiy davlat saflariga qo‘shilganidan so‘ng yopib qo‘yilgan edi.

Tojikistonda YouTube va boshqa saytlar 28 may kuni, Ichki ishlar vazirligining sobiq qo‘mondoni Gulmurod Halimov Islomiy davlat guruhiga qo‘shilganini e‘lon qilgan video tarqalganidan bir kun o‘tib, yopib qo‘yilgan.

12 daqiqalik videomurojaatda Gulmurod Halimov "Islomiy Davlat" saflariga qo‘shilishini tojik hukumatining diniy erkinliklarni cheklayotganidan noroziligi bilan izohlagan.

Tojikiston sobiq qo‘mondonni vatanga xiyonatda ayblagan va xalqaro qidiruvga bergan.

Shu yilning fevral oyida bo‘lib o‘tgan parlament saylovlari arafasida esa Tojikistondagi muxolifat saytlari va ijtimoiy tarmoqlardagi sahifalariga to‘siq qo‘yilgan edi.

Muxolifatga bosim

Sal oldinroq Tojikiston Islom Uyg‘onish partiyasining Dushanbedagi asosiy idorasi muhrlab ketilgan.

TIUPning Dushanbedagi idorasi 24 avgust kuni shahar Iqtisodiy sudi qarori asosida vaqtincha yopilgan.

Tojikiston Islom Uyg‘onish partiyasi raisi o‘rinbosari Mahmadali Hayit mahkama qarorini "noqonuniy" deb atagan. Unga ko‘ra, bu amaldan maqsad partiyasi faoliyatiga to‘siq qo‘yish va 15 sentyabrga mo‘ljallangan qurultoyining bo‘lib o‘tishiga yo‘l qo‘ymaslikdir. Oldinroq, TIUP qurultoy jarayonida partiyaning yangi rahbariyati saylanishi haqida ma‘lum qilgandi.

Kuzatuvchilar mazkur amalni ham hukumat tomonidan partiyaga qarshi ko‘rilayotgan choralar navbatdagisi sifatida ko‘radilar.

"Yot" kiyimlarga qarshi kurash davom etmoqda

Dushanbe shahridagi Markaziy masjid atrofida 17 do‘kon so‘nggi uch kuning ichida hokimiyat qarori bilan yoaib qo‘yilgan.

Ushbu do‘konlarning diniy kitoblar, hijob, tasbeh kabi diniy zotlar bilan savdo qilgani aytiladi.

Rasmiylar ushbu do‘konlarni tojik madaniyatiga yot kiyimlar sotishda ayblagan.

Avesta xabar agentligining yozishicha, hokimiyat milliy qadriyatlarni qanday himoya qilish va odamlarning huquqiy savodxonligini oshirish hamda jamiyatda ekstremizm va terrorizmni oldini olish maqsadida 45 ta tashviqot guruhini tuzgan.

BBC O‘zbek xizmati bilan Whatsapp, Telegram va Viber orqali bog‘lanishni istasangiz, telefonimiz: +44 78-58-86-00-02.

Instagram - BBC UZBEK

Twitter - BBC UZBEK

Odnoklassniki - BBC UZBEK

Facebook - BBC UZBEK

Google+ - BBC UZBEK

YouTube - BBCUZBEK (https://www.youtube.com/user/bbcuzbek)

Skype - bbcuzbekradio

Bu mavzuda batafsilroq