Yangi kelinchakning garovga olinishi muhokamalarga sabab bo‘ldi

Restorandagi 150 kishilik to‘y 9 ming dollarga tushgan Image copyright bbc
Image caption Restorandagi 150 kishilik to‘y 9 ming dollarga tushgan

Olma ota shahrida to‘y harajatlarini to‘lay olmagan kuyovning kelini garovga olinishi muhokamalarga sabab bo‘lgan. Fikr bildiruvchilar cho‘ntak ko‘tarmasa dabdabali to‘y qilmaslik kerakligini yozishgan.

Ayrimlar to‘ylardagi dabdaba me‘yoridan oshib ketayotganini va oqibatda to‘y sohibining qarzga botib qolayotgani ayanchli ekanligini bildirgan.

Ba‘zilar esa, restoran xo‘jayining ushbu harakati qonunga zidligini eslatib, muammoni politsiya yordamida yechish lozimligini uqtirgan.

Olma ota shahridagi qimmat restoranlarda to‘y qilgan yigit to‘y harajatlarini o‘sha vaqtda to‘lay olmagan. Natijada yangi tushgan kelinchak restoran xo‘jayini tomonidan garovga olib qolingan.

Tuni bo‘yi pul izlab chiqqan yigit alal oqibat mashinasini yarim bahosiga sotgan. Tongga yaqin turmush o‘rtog‘ini restorandan olib ketgan.

Nur.kz saytining kelin kuyovga iqtibosan yozishicha, ismi o‘zgartirilgan Maqsut to‘y qilish maqsadida bankdan kredit oladi. Olma otadagi qimmat restoranlarning birida 150 kishiga dasturxon yozish unga 9 ming dollarga tushadi.

Harajatning bir qismini kredit hisobidan bergan kuyov qolganini to‘yda tushadigan to‘yonalar hisobida berishga qaror qilgan.

Biroq noma‘lum sabablarga ko‘ra, taklif qilingan 30 odam to‘yga kelolmay qolgan. Natijada to‘yonalardan tushum kam bo‘ldi.

Restoran egasi to‘y tugashi bilan kuyovdan qolgan 2 ming dollardan oshiqroq pulni to‘lab qo‘yishni talab qiladi. Ertalabgacha kutishga ham rozi bo‘lmagan restoran xo‘jayini pulni to‘lamaguncha kelinni garovda ushlab turishini ma‘lum qilgan.

Maqsut unga o‘zining mashinasini garovda ushlab turishini taklif qiladi, biroq restoran egasi oq ko‘ylak kiygan yangi kelinchakni olib qolgan.

Sarosimaga tushib qolgan kuyov yigit tuni bilan pul izlab shahar kezadi. Mashinasini yarim bahoga sotib turmush o‘rtog‘ini restorandan tongga yaqin olib chiqa olgan.

Kelin kuyov keyinchalik restoran xo‘jayining bunday qilig‘i jinoiy javobgarlikka tortilishi mumkinligini tushunib yetgan va mahkamaga berishga qaror qilgan.

To‘y tashkilotchilari pulni to‘lolmasdan garovga buyum qoldirish holatlar Qozog‘istonda tez tez uchrab turishini bildirishgan.

Buning hammasiga dabdabali to‘y qilishga intilish va uning ortidan qarzga botish yotishi aytiladi.

Ayrimlar garovga qimmatbaho telefoni yoki shunga o‘xshash buyumlarini qoldiradi.

BBC O‘zbek xizmati bilan Whatsapp, Telegram va Viber orqali bog‘lanishni istasangiz, telefonimiz: +44 78-58-86-00-02.

Instagram - BBC UZBEK

Twitter - BBC UZBEK

Odnoklassniki - BBC UZBEK

Facebook - BBC UZBEK

Google+ - BBC UZBEK

YouTube - BBCUZBEK (https://www.youtube.com/user/bbcuzbek)

Skype - bbcuzbekradio