O‘zbekiston va Rossiya o‘rtasiga yana "ola mushuk oraladimi?"

Bir vaqtlar O‘zbekiston va AQSh harbiy sohada juda yaqin hamkor bo‘lishgan Image copyright none
Image caption Bir vaqtlar O‘zbekiston va AQSh harbiy sohada juda yaqin hamkor bo‘lishgan

O‘zbekistonning AQSh tomonidan IDga qarshi koalitsiyaga taklif olishi Rossiya bilan munosabatlarga ta‘sir qilishi mumkin. Mutaxassislarga ko‘ra, AQSh shu yo‘l bilan mintaqada katta ta‘sirga ega Rossiyaning jig‘iga tegishga urinmoqda.

Bungacha Rossiya hukumati qochqindagi O‘zbekistonlik diniy ulamo Obidxon Qoriga suiqasd urinishida gumondor deb topilgan O‘zbekiston fuqarosi Yuriy Jukovskiyni Shvetsiyaga topshirgan edi.

BBC O‘zbek xizmati Moskvadagi Karnegi institutining xavfsizlik masalalari bo‘yicha eksperti Aleksey Malashenkoga murojaat qililib AQShning koalitsiya borasidagi taklifini qanday talqin qilish mumkinligini so‘radi.

Malashenko: Avvalambor, AQSh davlat kotibi yordamchisining o‘rinbosari aytgan so‘zlarini taklif deb talqin qilmagan bo‘lardim, chunki bu hamkorlikka ishora yoda bir urinish xolos. Biroq bunday urinish aynan Toshkentga qilgan safari chog‘ida omma oldida yangragani - ahamiyatga ega. Nazarimda, bu - amerikaliklarning O‘zbekistonni Rossiyadan uzoqlashtirishga qaratilgan bir harakati bo‘lishi mumkin. Ya‘ni Rossiyadan o‘zbek tomoni aloqasini mutlaq uzish emas balki salgina uzoqlashishdir. Shuning uchun koalitsiyada ishtirok etish - bu bahona va juda munosib bahona deb aytsak bo‘ladi. O‘zbekistonning ishtiroki koalitsiya uchun uning tarkibi xalqaro kuchlardan iborat ekanligini va ekstremizmga birgalikda kurash olib borayotganini tasdiqlaydi.

BBC: Agar O‘zbekiston rozi bo‘lsa nimalar bilan yordam berishi mumkin?

Malashenko: Meni kechirasiz, lekin O‘zbekiston uchun koalitsiyada o‘z joyini topish qiyin bo‘ladi. O‘z askarlarini yuboraman desa, u joyda yer ustida xarbiy amaliyotlar yo‘qligi tufayli amalga oshmaydi. Uchoqlarini yuboraman desa, men o‘zbek uchoqlarini Yaqin Sharq osmonida tasavvur qilolmayman. Xullas, O‘zbekiston koalitsiyaga qanday hissa qo‘sha olishini faraz qilish qiyin. Faqat o‘z fuqarolarini Yaqin Sharqqa yollanishlariga yo‘l qo‘ymaslikdan iborat bo‘lishi mumkin. Lekin bunday xavfsizlik choralari anchadan beri O‘zbekistonda koalitsiyasiz ham o‘tkazilmoqda. Men buni PiAr qadami deb baholagan bo‘lardim. O‘zbeklar taklif uchun minnatdorchilik bildirib, har doimgidek "o‘ylash" uchun vaqt talab qilishadi. Ya‘ni bu yerda huddi Rossiya bilan O‘zbekiston o‘rtasidagi aloqalar kabi xoh harbiy hamkorlik sohasida bo‘lsin yoda ODKB kabi tashkilotlarda hamkorligi qanday shakllanayotgan bo‘lsa, shu kabi kechadi. Chunki o‘zbeklar juda ko‘p o‘ylashadi, o‘z qarorlarini juda ko‘p o‘zgartirishadi. Men buni O‘zbek rahbariyati olib borayotgan ko‘p yo‘nalishli siyosatning odatiy holati deb ta‘riflardim.

BBC: AQSh mulozimining mazkur taklifi mintaqadagi Rossiya manfaatlariga qarshi vosita sifatida ishlatilgan deb aytayapsiz, lekin bunga javoban O‘zbek tomoni mazkur hamkorlikdan o‘z manfaatlarini ko‘zlamaydimi?

Malashenko: O‘ylaymanki, o‘zbeklar bundan albatta o‘z foydalarini talab qilishadi, aniqrog‘i so‘rashadi. Qanday manfaatlar bo‘lishini men bilmayman. Ehtimol ularning harbiy-texnika hamkorligini kengaytirish doirasida ko‘zlagan maqsadlari bo‘lishi mumkin. Ya‘ni amerikaliklar o‘zbeklarni bir sinab ko‘rishmoqchi...

BBC: O‘zbekiston AQSh bilan harbiy-siyosiy sohadagi yaqinlashishi Rossiya siyosatchilarini qanchalar tashvishlantiradi?

Malashenko: Bilasizmi, Rossiyani mazkur hamkorlik tashvishlantirmaydi, balki ko‘proq asabiylashtiradi. Bu kabi izohlarning nozik jihatlari bor. Bugungi kunga kelganda Amerika bilan yaqinlashish vaziyatga sezilarli ta‘sir ko‘rsatolmasligi sabab tashvishlantirmaydi. Biroq kelajakda esa so‘zsiz ta‘sir qilish kuchiga ega bo‘ladi va aynan shu jihat Rossiya rahbariyatining jig‘iga tegishi mumkin.

BBC: Rossiya O‘zbek fuqarosi Yuriy Jukovskiyni Shvetsiya talabiga muvofiq ekstraditsiya qilish bilan rasmiy Toshkentga "xo‘jayin kimligini" ko‘rsatib qo‘yishni nazarda tutgan deb aytish mumkinmi?

Malashenko: Rossiya O‘zbekistonni o‘z ta‘sir doirasida saqlashi juda qiyin, lekin "uyda xo‘jayin kimligini" shu yo‘l orqali ochiqdan ochiq namoyon etishi bilan Islom Abdug‘aniyevichning jahlini chiqargan bo‘lishi mumkin. Chunki Karimovning nazdida, yagona xo‘jayin - uning o‘zidir. Har holda uning uyida va Markaziy Osiyoda ikki xo‘jayin bo‘lsa, ulardan biri uning o‘zi deb o‘ylaydi. Shu sabab Rossiya - O‘zbekiston munosabatlari hozirda juda murakkab ahvolda deb o‘ylayman. Ularni kengaytirish masalasida ham qo‘llab quvatlayotganlar ham qarshi chiqayotganlar bor. Bugungi kunda post sovet hududida Rossiya siyosati qanday shaklanishi va xususan yaxshi ishlamayotgan integratsion jarayonlar qaysi yo‘nalishdan ketishini vaqt ko‘rsatadi. Tabiiyki, bularning bariga Ukraina mojarosi salbiy ta‘sir ko‘rsatmoqda.

BBC O‘zbek xizmati bilan Whatsapp, Telegram va Viber orqali bog‘lanishni istasangiz, telefonimiz: +44 78-58-86-00-02.

Instagram - BBC UZBEK

Twitter - BBC UZBEK

Odnoklassniki - BBC UZBEK

Facebook - BBC UZBEK

Google+ - BBC UZBEK

YouTube - BBCUZBEK (https://www.youtube.com/user/bbcuzbek)

Skype - bbcuzbekradio

Bu mavzuda batafsilroq