Islom Karimov 2020 yildagi saylovga ham nomzodini ilgari surish niyatida…mi?

Image caption Islom Karimovning "prezidentcha" raqsi davom etadimi?

O‘zbekistonni 1989 yildan buyon boshqarib kelayotgan Prezident Islom Karimov bundan keyin ham nomzodini prezidentlikka qo‘yishni maqsad qilgan ko‘rinadi.

Islom Karimov Toshkentda yangi qurilgan turar-joy binolarini borib ko‘rgan payti o‘z so‘zlarida, kuzatuvchilarga ko‘ra, ana shunday niyati borligiga ishora qilgan.

"Nasib etsa, mana shu 6, 5 yilda mana shu yerda uchrashaylik", deb aytgan Prezident Islom Karimov poytaxtning Eski shahar qismida prezident bilan muloqot qilishlariga ruxsat berilgan uch-to‘rt nafar oqsoqol bilan uchrashuvi paytida.

O‘zbekiston Konstitutsiyasining 90 moddasi bir shaxsning ikki muddatdan ortiq prezidentlikka saylanishini qat‘iyan ta‘qiqlaydi.

Prezident Karimov yana bir bor g‘alaba qozongani e‘lon etilgan saylov shu yilning 29 mart kuni bo‘lib o‘tdi.

Bu saylov arafasida OXHTning cheklangan missiyasi janob Karimovning nomzodi qaysi qonunchilikka binoan yana bir marta ilgari surilgani borasida izoh talab qildi.

O‘zbek rasmiylarining Ovro‘poda Xavfsizlik va Hamkorlik tashkiloti missiyasiga bergan tushuntirishi mantig‘iga ko‘ra,"Konstitutsiya bir shaxsning ikki muddatdan ortiq prezidentlikka saylanishini cheklagan bo‘lsa-da, joriy prezident Konstitutsiya amal qilayotgan davrdan beri uchinchi muddatga saylanmoqda".

Rasmiylarning kuzatuvchilar guruhiga aniqlik kiritishlaricha, "muddat" aniq yillarni nazarda tutadi va oldingi prezidentlik muddati yetti yilni tashkil qilgan, hozirgisi esa undan farq qilib besh yildir. Shu boisdan keltirilgan muddatlar ikki ketma-ketlikni anglatmaydi.

O‘zbekistonning amaldagi Konstitutsiyasi 1992 yilda qabul qilingan. Islom Karimov 1989 yildan hokimiyat tepasida o‘tiribdi. 2002 yilda o‘tkazilgan referendumda Karimovning prezidentlik muddati besh yildan yetti yilga uzaytirilgan. Biroq 2011 yilda Islom Karimov tashabbusi bilan prezidentlik muddati besh yil deb qisqartirishga kelishilgan. Shu tariqa Islom Karimovning hokimiyatda yana qolishini izohlash uchun sabab topilgan.

Ayni paytda Ovro‘poda Xavsizlik va Hamkorlik Tashkiloti kuzatuvchilar guruhi prezidentlik muddatini yetti yildan besh yilga o‘zgartirilishini noqonuniy ekanini ta‘kidlagan. "Referendum haqida" qonunning 1- moddasiga binoan, "referendum orqali qabul qilingan qaror" oliy yuridik kuchga ega bo‘lib, uni faqat referendum orqali bekor qilish kerak bo‘ladi.

Yil boshida bir guruh o‘zbekistonlik faollar Konstitutsion mahkama, Bosh Prokuratura, Senat va Markaziy Saylov qo‘mitasiga murojaat qilib, Islom Karimov nomzodini ro‘yxatga olish qonunga zidligini aytishgan.

Biroq faollarning arizalariga O‘zbekistonning biror rasmiy idorasi izoh berolmagan.

29 mart kuni saylovda g‘alaba qozongani e‘lon qilingan janob Karimovning besh yillik prezidentlik vakolati 2020 yil 29 martida tugaydi.

Bi-bi-si O‘zbek xizmati bilan Whatsapp, Telegram va Viber orqali bog‘lanishni istasangiz, telefonimiz: +44 78-58-86-00-02.

Instagram – BBC UZBEK

Twitter – BBC UZBEK

Odnoklassniki – BBC UZBEK

Facebook- BBC UZBEK

Google+ BBC UZBEK

YouTube - BBCUZBEK (https://www.youtube.com/user/bbcuzbek)

Skype - bbcuzbekradio

Bu mavzuda batafsilroq