Mustaqillik yillarining "qatag‘on qurbonlarini" xotirlashga chaqiriq

Image caption Siyosiy mahbuslarning ayrimlari

Taniqli inson huquqlari faoli Mo‘‘tabar Tojiboyeva doxil bir qator faollardan tashkil topgan "Muqobil O‘zbekiston" Muvofiqlashtirish Kengashi O‘zbekiston mustaqilligi yillarida "qatag‘on qurbonlari" xotirasini yod etishga da‘vat qildi.

Kengash tarqatgan xabarnomada, Prezident Karimov tomonidan 2001 yilda imzolangan "Qatag‘on qurbonlarini yod etish kunini belgilash to‘g‘risida"gi farmoni tilga olinadi.

Ayni farmondan iqtibos keltirishar ekan, faollar "El-yurtimiz ozodligi va erkinligi yo‘lida, xalqimizning qadr-qimmati, or-nomusini, milliy an‘analarimiz va urf-odatlarimizni himoya qilishda, bosqinchi va yovuz kuchlarga qarshi mashaqqatli kurashlarda qurbon bo‘lganlar xotirasi minnatdor avlodlar yodida abadiy saqlanib qoladi. Mustabid tuzum davrida million-million begunoh insonlarning umri xazon bo‘lganini, qancha-qancha oilalar xonavayron bo‘lib, qancha-qancha go‘daklar yetim qolganini tarix, bugungi va kelajak avlod hech qachon unutmaydi" deyilganini eslatishgan.

O‘zbekiston Fuqarolik jamiyati vakillaridan tashkil topgan "Muqobil O‘zbekiston" Muvofiqlashtirish Kengashi vakillari 31 avgustdan boshlab 8 dekabr - O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyaning qabul qilingan kunga qadar "mamlakatda mustaqillik davridagi qatag‘on qurbonlarini xotirlash va himoyalash 100 kunligi" kampaniyasini boshlashga qaror qilganlarini bildirishgan.

O‘zbekiston hukumati mamlakatda siyosiy mahbuslar borligi haqidagi barcha ma‘lumotlar, da‘volar va xabarlarni keskin rad qilib keladi.

Image copyright AP
Image caption Mo‘‘tabar Tojiboyeva

Kuzatuvchilar, mustaqillik yillarida O‘zbekistonda nafaqat hukumat tanqidchilari, balki o‘zgacha va yo mustaqil fikrlaydigan yuzlab shaxslar qamoqqa tashlanganini urg‘ulashadi.

Aksariyat holatlarda bu kabi qama-qamalar mamlakatga turfa "qora kuchlar" xavf solishi bilan izohlanadi.

Garchand, "qora kuchlar" deyilganida O‘zbekiston hukumati G‘arb davlatlariga "diniy ekstremizm va terrorchilikni" taqdim qilishsa ham, mamlakat qamoqxonalariga tashlanganlar orasida jurnalistlar, huquqbonlar va mustaqil fikrdagi shaxslar soni ham salmoqlidir.

"Muqobil O‘zbekiston" qamoqda qolayotgan faollar taqdiri borasida bong urar ekan, ayni "repressiv siyosatga qarshi "yo‘q" deb javob berishga da‘vat qiladi.

Kengash tarqatgan maktubda, G‘arb davlatlari "ikkiyuzlamachilik" siyosatini yuritishda ayblanadi.

Ayni maktubda O‘zbekistonda qamoqda qolayotgan o‘nlab siyosiy mahbuslar haqida ma‘lumot ham berilgan.

BBC O‘zbek xizmati bilan Whatsapp, Telegram va Viber orqali bog‘lanishni istasangiz, telefonimiz: +44 78-58-86-00-02.

Instagram - BBC UZBEK

Twitter - BBC UZBEK

Odnoklassniki - BBC UZBEK

Facebook - BBC UZBEK

Google+ - BBC UZBEK

YouTube - BBCUZBEK (https://www.youtube.com/user/bbcuzbek)

Skype - bbcuzbekradio

Bu mavzuda batafsilroq