"Chetdagi o‘zbeklar qaytishsa, ishsizlik va norozilik kuchayadi"

Image caption Millionlab o‘zbek Rossiya va Qozog‘istonda ishlab, oila boqmoqda

Rossiya va Qozog‘istonda ishlayotgan o‘zbeklar qaytishsa, nima bo‘ladi degan savol ijtimoiy tarmoqlarda qizg‘in bahs uyg‘otdi.

Birinchi izohni yozgan Azimjon Ashurovning fikricha, barisi bo‘hton, vatanda juda ish ko‘p, hech kim o‘lmayapti va u juda namunali yashamoqda.

"Nima o‘lsa hisobmi, 4-5 million inson qaytsa, nima ish qiladi?" - deb unga javoban savol qo‘yadi Nargis Nargis taxallusli o‘quvchi.

"Har bir yangi ish o‘rni yaratish uchun kamida 25-30 million so‘m kerak. Bormikan shu mikdordagi mablag‘?" - qator savollarni o‘rtaga qo‘yadi Alisher Abdujabbarov - "Agar qaytib kelayotgan hamyurtlarimiz o‘ziga o‘zi ish o‘rni yarata olsa, nur ustiga a‘lo nur. Agar yarata olishmasa-chi, bozor ularning mahsulotiga to‘yingan bo‘lsachi?"

Unga ko‘ra, baribir, kamida yana 1.5 million odam ish topolmaydi.

"Inqirozdan oldin har bir "dangasa" O‘zbekistonga o‘rtacha 1.5 ming dollar jo‘natib turardi, endi-chi?" - deya u Prezident Karimovning o‘zbek muhojirlarini "dangasa" deganiga shama qiladi.

Noshukur yo chorasiz?

Habib Askot taxallusli o‘quvchining o‘ylashicha, hammasi balandparvoz gaplar va oilani boqa oladigan va kommunal xarajatlarni to‘lashga yetadigan ishni topish amrimahol.

Azamat Gulmirzayevning fikricha, odamlar o‘zlari hunar o‘rganishsa, zavod-fabrikalar ko‘paysa va tadbirkorlarning "qonini ichish"ga chek qo‘yishsa, O‘zbekiston o‘ziga to‘q mamlakat bo‘ladi.

Ammo Akbar Prof laqabli foydalanuvchining ta‘kidlashicha, vatan oldingi vatan emas va chalasavodlar ko‘paygan.

Image copyright Reuters
Image caption O‘zbekiston o‘z xalqiga ish topib berolmaydi, ammo muhojirlar bois Rossiya oldida tili qisiq bo‘lishini ham istamaydi

"O‘zbekistonlik talaba bilan Rossiya yoki Amerika talabasini solishtirib ko‘rganlar bormi?" - savol qo‘yadi u.

"Ishsiz ko‘paysa, o‘g‘ri-qallob va yulg‘ichlar ham ko‘payadi, bundaqalar hozir ham oz emas" - qayd etadi Ali Xan.

"Hukumatdagi qo‘lidan ish kelmaydigan lo‘ttibozlar esa bu muammolarni bo‘yab ko‘rsatishdan nariga o‘tishmayapti" - deb fikrini xulosalaydi o‘quvchimiz.

"Chorasiz kolgan armiya vataniga kaytadi va chorasizlikni ko‘rib yana vataniga qaytib ketadi. Muhojirotdagilar qorni to‘qligidan, ko‘ngli tinchligidan yurishganida edi, ikki haftada ortga qaytgan bo‘lardilar" - degan fikrni bildirgan Nasir Muhammad ismli o‘quvchi.

Ammo Rustam Rizayev nomli foydalanuvchi uni noshukur, deb dag‘dag‘a qilgach, Nasir Muhammad sovuqda yurgan qora ko‘zlarga ichi achiganidan yozganini, axir ular ham inson ekanligini ta‘kidlaydi.

Ba‘zilar esa millionlab o‘zbekning chetlarda ishlab yurganiga ishonchsizlik bildirishgan.

"Samarqand viloyatiga borib ko‘ring, qancha odam chet elga chiqib ketgan" - deb javob beradi Muzaffar Hamidov - "Bizneslar monopoliya bo‘lsa, dehqonlar istagan ekinini ekolmasa, ekkan hosilini istagan narxida sotolmasa, nima haqida gapirish mumkin?".

Jamshid Bek ismli o‘quvchimiz esa, agar vatanda sharoit bo‘lsa, hech kim chetga ketmasligini urg‘ulaydi.

Chetga ketganlarni ayrimlar noshukurlar va vatangadolar, deya atasharkan, ushbu o‘quvchimiz, xorijga borib ishlashning aybi yo‘qligi, ayni tajriba boshqa ko‘plab xalqlarda ham oldindan bo‘lganini eslatadi.

Toxir Abdullayev esa chetda ishlayotganlar, ichkarida qolganlardan kam vatanparvar emasligini bildiradi.

Norozilik xavotirlari

"Millionlab oilalarning qora qozoni qaynamay, norozilik kuchayadi va mahalliy isyonlar ro‘y berishi mumkin" - deydi Shukurjon Islomov - "Ammo yaxshi jihati: Rossiya bizga ta‘sir qiladigan kuchli vositasidan ajraladi".

Image caption Rossiyadan kelayotgan barcha uchun ish yo‘q, ko‘plar mardikorlik qilishga majbur

Umuman, bunga o‘xshash xavotirni juda ko‘pchilik izhor etgan. Shuningdek, odamlarda vatanda barcha uchun ish topilishiga ishonch o‘ta pastligi ham seziladi.

"Deyarli barcha qismini qishloq yoshlari tashkil etgan muhojirlar armiyasi vatanga qaytsa, ular endi dehkonlar sinfiga butunlay yot bo‘lib, proletar ishchi sinfi safini kengaytirishadi" - deb fikrlaydi Abdusalom Ergashev - "O‘zbekistondagi sobiq kompartiya vorislari bo‘lgan siyosiy partiyalar daholari iddaolariga ko‘ra, bu sinf mamlakatda inqilob qilishning asosiy omiliga aylanadi".

"Chet elda ishlab yurgan odamlar qaytib kelsa, bizda to‘polonlar boshlanishi mumkin" - xavotir izhor etadi Muzaffar Hamidov - "Chunki ularning ish topishi oson emas, bola-chaqani boqish kerak".

"Bir narsani tushunaylik, O‘zbekiston - mintaqada eng ko‘p aholisi bo‘lgan davlat" - fikrini xulosalaydi o‘quvchimiz.

"Shuncha xalqni ish bilan ta‘minlash safsata gap, yuqoridan buyruq bergan taqdirdayam buning uddasidan chiqib bo‘lmaydi" - yozadi Yadgar Xodjaniyazov.

"Faqat og‘ziga kuchi yetmaydigan trollar va haqiqatni umuman bilmaydigan lo‘ttibozlar ish borligini ta‘kidlashi mumkin".

BBC O‘zbek xizmati bilan Whatsapp, Telegram va Viber orqali bog‘lanishni istasangiz, telefonimiz: +44 78-58-86-00-02.

Instagram - BBC UZBEK

Twitter - BBC UZBEK

Odnoklassniki - BBC UZBEK

Facebook - BBC UZBEK

Google+ - BBC UZBEK

YouTube - BBCUZBEK (https://www.youtube.com/user/bbcuzbek)

Skype - bbcuzbekradio

Bu mavzuda batafsilroq