"Bankirlarni qamash bilan maosh muammosi yechilib qolmaydi"

O‘zbekistonda maosh va nafaqalarning kechishi odat tusiga kirgan
Image caption O‘zbekistonda maosh va nafaqalarning kechishi odat tusiga kirgan

O‘zbekistonda endi maosh va nafaqalarni berish kechiksa mamlakatdagi banklarga qarshi ko‘riladigan jazolar kuchaytirildi. So‘nggi o‘zgartirishlarga ko‘ra, naqd pul taqchilligi yuzaga kelib, maoshlar to‘lanmagan taqdirda bank xodimlariga nisbatan jinoiy ish ochilishi ham mumkin. Lekin kuzatuvchilarga ko‘ra, bu yerda ko‘proq banklar emas, balki O‘zbekiston hukumati olib borayotgan iqtisodiy siyosat islohatga muhtoj.

O‘zbekistonda 21 avgustdan boshlab ayrim qonunlarga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritilishi to‘g‘risidagi qonuni kuchga kirgach bank mansabdor shasxlari va xizmatchilarining mas‘uliyati yanada oshirildi.

Ushbu qonun asosida Jinoyat kodeksiga kiritilgan o‘zgartirishda, xo‘jalik yurituvchi sub‘ektlarga va boshqa tashkilotlarga ish haqi, nafaqalar, stipendiyalar va ularga tenglashtirilgan o‘zga to‘lovlarni to‘lash uchun pul mablag‘lari berishda bankning mansabdor shaxsi yoki xizmatchisi tomonidan asossiz ravishda kechiktirish bo‘lgan taqdirda bir yilgacha qamoq jazosi belgilab qo‘yildi.

Kuzatuvchilar, hukumat ushbu o‘zgartirish bilan davlat miqyosidagi muammoni bank xodimlari zimmasiga yuklash bilan qutilishga harakat qilayotganini aytmoqda.

O‘zbekistonda naqd pul muammosi yildan yilga avj olayotgani va uning yechimi ko‘rinmayotgani aytiladi.

Tadbirkorlar o‘zlari ishlab topgan pulni bank orqali olishda muammoga duch kelayotgan bo‘lsa, davlat byudjeti ishlovchilar yoki nafaqadagilarning oyliklari kechiktirib berilishi odat tusiga kirgan.

Sal oldinroq Markaziy bank rahbarining naqd pul muammosi jiddiy masalaga aylangani va bunga hukumat tomonidan keng qamrovli yechimlar lozimligi borasidagi Bosh vazirga yozgan murojaati internetga sizdirilgan edi.

O‘zbekistonlik sobiq tadbirkor Qodirbek banklar bilan yaqindan hamkorlik qilgan.

Uning aytishicha, o‘zi ishlab davlat g‘aznasiga tushirgan pulni ishchilarga oylik sifatida olib berish doim muammo bo‘lgan.

Qodirbek hukumatning barcha javobgarlikni bank mansabdor shaxslari va xizmatchilariga yuklab qo‘yilishi muammoga umuman yechim bo‘lmasligini aytadi.

"Ishonch telefonlariga qilgan murojaatlarim ish bermay qo‘ygach, muammoni hal qilish uchun prokuraturaga bordim. Prokuror o‘rinbosari, bir narsani tushuning pul ololmaslik sabab shikoyatlar tushaverganidan bank boshqaruvchisi 6-7 oylik maoshidan mahrum qilingan. Shikoyatingizni qabul qilib bankirni jazolashim, uni yana 6 oy maoshdan mahrum qilishim mumkin. Lekin bu bilan muammo yechilmaydi. Pulning berilmasligi bank boshqaruvchisiga umuman bog‘liq emas, deb aytdi", - deydi Qodirbek.

Qodirbek bilan suhbatimizni tinglang:

Multimedia o'ynash bu qurilmada dastaklanmaydi

BBC O‘zbek xizmati bilan Whatsapp, Telegram va Viber orqali bog‘lanishni istasangiz, telefonimiz: +44 78-58-86-00-02.

Instagram - BBC UZBEK

Twitter - BBC UZBEK

Odnoklassniki - BBC UZBEK

Facebook - BBC UZBEK

Google+ - BBC UZBEK

YouTube - BBCUZBEK (https://www.youtube.com/user/bbcuzbek)

Skype - bbcuzbekradio