Dushanbedagi otishmada qurbonlar bor

Image copyright asia plus
Image caption Havo qo‘nalg‘asi yaqinidagi otishma sahni

Juma kuni tongda Tojikiston poytaxti Dushanbeda huquq-tartibot idoralari va xodimlariga nisbatan ikki hujum uyushtirilgan.

Avvaliga qurolli shaxslar Vahdat tumani ichki ishlar bo‘linmasiga hujum qilgani xabar qilinadi.

Bu haqda qisqa Tojikiston Ichki ishlar vazirligi qisqa xabar tarqatib, ayni hujumga Ziyoviddin Abdullayev ismli shaxs guruhi mas‘ul ekanini bildirgan.

Xabarda shuningdek, Ziyovuddin Abdullayev va uning yana bir izdoshi "yo‘q qilingani", guruhning uch nafar a‘zosi yaralangani aytiladi.

Ichki ishlar vazirligining ayni xabarida Ziyovuddin Abdullayev va uning guruhi haqida boshqa ma‘lumot berilgani yo‘q.

Dushanbedagi muxbirlarga ko‘ra, hozir shaharda xavfsizlik choralari kuchaytirilgan.

Bu ikki hodisada qurbonlar soni kamida to‘qqiz nafar ekani aytilmoqda.

Tojikistondagi boshqa qator nashrlar ayni hodisada Ichki ishlar vazirligining kamida besh nafar xodimi qurbon bo‘lganini xabar bermoqda.

Aziya Plyus axborot agentliga ko‘ra, hujumchilar avvaliga shahardagi harbiy qismlardan biriga yashirincha kirishga muvaffaq bo‘lishgan.

Aziya Plyus Tojikiston huquq-tartibot idoralaridagi manbasiga tayangan holda xabar berishicha, "jinoyatchilar harbiy qismdan yirik miqdorda o‘tochar va jangovar zahiralarni olib chiqib ketgan".

Ichki ishlar vazirligi tarqatgan qisqa xabar yakunida "ayni hodisaga Umar Bobojonov ishining aloqasi yo‘q" deyilgan.

Umar Bobojonov Sankt-Peterburgdagi universitetning talabasi ekani va ta‘tilga vataniga kelganida militsiya xodimlari tomonidan soqol qo‘ygani uchun kaltaklangani haqida xabarlar tarqalgandi.

Qattiq kaltaklaklangan 23 yoshli Umar hozir koma holida kasalxonada qolayotgani aytiladi.

Aziya Plyus xabar agentligi esa uning kecha jarohatlardan o‘ziga kelmay vafot etgan.

Hujumchilar kim?

Image caption Shaharda xavfsizlik choralari kuchaytirilgan

Ichki ishlar vazirligi bayonotida keltirilgan Ziyovuddin Abdullayev sobiqda Birlashgan Tojik muxolifatining dala qo‘mondonlaridan biri bo‘lgan.

1997 yilda imzolangan Tinchlik bitimidan keyin Ziyovuddin Abdullayev va yana so‘nggi voqealarga aloqador deb ko‘rilayotgan Junaydullo Umarovlar mamlakat Ichki ishlar va Mudofaa vazirligi xodimlari tarkibiga kiritilgandi.

Vahdat tumanidagi so‘nggi hodisa, hamda Dushanbe havo qo‘nalg‘asiga yaqin joyda ro‘y bergan otishmaga doir Tojikiston mulozimlari aniq tafsilotlarni oshkor etishayotgani yo‘q.

BBC suhbatlashgan Tojikiston Ichki ishlar vazirligi xodimlaridan biriga ko‘ra, huquq-tartibotchilar yuqori tayyorgarlik holatiga keltirilgan.

Uning aytishicha, Dushanbedagi hujumchilarning ayrimlari qochib ketgan va shaharda, hamda mamlakat bo‘ylab qidiruv ishlari boshlangan.

Dushanbeda esa xavfsizlik choralari kuchaytirilgan, transport vositalari va jamoat joylarida tekshiruvlar yo‘lga qo‘yilgan.

Tojikiston hukumatining so‘nggi yillar mamlakatdagi muxolifat faollari va mustaqil fikrlovchilarga qarshi o‘ta toqatsiz munosabat yo‘liga o‘tgani tanqidlarga sabab bo‘layotgan edi.

Tojikiston Birlashgan muxolifati asosi bo‘lgan Islom Uyg‘onish partiyasiga bosimlar kuchaygan va kuzatuvchilarga ko‘ra, hukumat mamlakatdagi yagona "haqiqiy muxolifat firqasini" yopish harakatiga tushgan.

Amerika ham xavotirda...

Image caption Amerika ham xavotirda...

Amerika Qo‘shma Shtatlarining Dushanbedagi elchixonasi o‘z faoliyatini muvaqqat to‘xtatib turish qarorini bergan.

Elchixonaning Facebook dagi sahifasiga ko‘ra, "ayni voqealarning qanchalar jiddiyligi aniq bo‘lmasa ham, bu boshqa zo‘ravonlik holatlariga turtki berishi mumkin".

Amerika elchixonasi hozir yopilgan va barcha amerikaliklarga xavfsizlik choralarini ko‘rish, farzandlarini bugun maktabga jo‘natmaslik maslahat berilgan.

Shuningdek, elchixona barcha amerikaliklarni hushyorlik va ehtiyotkorlikka chaqirgan.

BBC O‘zbek xizmati bilan Whatsapp, Telegram va Viber orqali bog‘lanishni istasangiz, telefonimiz: +44 78-58-86-00-02.

Instagram - BBC UZBEK

Twitter - BBC UZBEK

Odnoklassniki - BBC UZBEK

Facebook - BBC UZBEK

Google+ - BBC UZBEK

YouTube - BBCUZBEK (https://www.youtube.com/user/bbcuzbek)

Skype - bbcuzbekradio

Bu mavzuda batafsilroq