Yosh hojilar O‘zbekiston xavfsizligi uchun tahdidmi?

O‘zbekistonlik yoshlar hajga borish deyarli imkonsizligini aytishadi Image copyright AP
Image caption O‘zbekistonlik yoshlar hajga borish deyarli imkonsizligini aytishadi

O‘zbekistonlik yoshlar musulmonlar uchun farz bo‘lgan haj amalini bajarishda to‘siqlarga duch kelmoqda. Inson huquqlarini himoya qiluvchi tashkilotlarga bu borada shikoyatlar tushgan. Kuzatuvchilar O‘zbekiston haj qiluvchilar sonini sun‘iy ravishda cheklab kelishini aytishadi.

Bu yil Saudiya Arabistoniga haj safari uchun 5 200 o‘zbekistonlik borishi kutilmoqda.

"Ezgulik" jamiyati faoli Abdurahmon Tashanov ham hajga borish borasida Diniy idoraga murojaat qilgan. Biroq yoshi 40 ga yetmagani uchun rad javobini olgan.

"Tashkilotimizga tushgan shikoyatlarning aksariyati hajga borish uchun 3-4 yillab kutishga to‘g‘ri kelishi ustidan bo‘lmoqda. Bundan tashqari ziyoratga boruvchilar uchun yosh cheklovlari qo‘yilgan", - deydi Abdurahmon Tashanov.

Faolning bildirishicha, yosh cheklovlari Saudiya Arabistoni tomonidan emas, balki O‘zbekiston rasmiylari tomonidan qo‘yiladi.

"O‘zbekistonda diniy guruhlar va dindorlarga nisbatan o‘ziga xos siyosat shakllanib kelyapti. Milliy zehniyatlar bilan ham bog‘liq ko‘rinishlar. Jamoat tashkilotlari, mamlakatdagi birlamchi institutlar hammasi takliflar berishgan. Go‘yoki dindor bo‘lsang, 40 yoshingdan keyin bo‘lishing kerak. Shuning uchun Musulmon diniy idorasi kengashining taklifi bilan O‘zbekiston Vazirlar mahkamasi huzuridagi Din ishlari qo‘mitasi cheklovlar kiritgan".

Tashanov bu kabi cheklovlar odamlarning konstitutsiyaviy huquqlarining toptalishi ekanligini aytadi.

BBC masalaga oydinlik kirtish maqsadida O‘zbekiston Musulmonlar diniy idorasi Xalqaro aloqalar bo‘limi bilan bog‘landi.

Tashkilotga yuborilgan savollarga javob kutmoqda.

Hali 40 ga kirmagan Abdurahmon Tashanov keyingi yil ham Diniy idora tomonidan haj safari uchun ruxsat ololmasa sayyohlik firmalari orqali Hajga borishni mo‘ljallayotganini aytdi.

"Bunday yo‘llar bilan haj safariga borgan yoshlar davlat idoralari tomonidan ta‘qiblarga uchrashi mumkin. Turli yo‘llar bilan haj ibodati yoki boshqa ommaviy ibodatlarga borib kelish O‘zbekistonda huquqni muhofaza qiluvchi organlar tomonidan muayyan darajada ta‘qib qilinadi. Buni so‘nggi vaqtlarda o‘zimiz ko‘rib turibmiz", - deydi Abdurahmon Tashanov.

Saudiya Arabistoni Haj vazirligi taqsimotiga ko‘ra, mamlakatning har bir million musulmon aholisiga haj safari uchun o‘rtacha ming o‘rin ajratiladi.

O‘zbekiston aholisining 95 foizi Islom diniga amal qilishi aytiladi.

Hisob kitoblarga ko‘ra, O‘zbekiston Saudiya Arabistonidan kamida 20 yoki 27 ming kishiga haj qilish uchun o‘rin olishi mumkin.

Biroq noma‘lum sabablarga ko‘ra, O‘zbekiston ushbu imkoniyatdan foydalanmaydi va sun‘iy ravishda Hajga boruvchilarning sonini tushirib keladi.

Natijada Haj uchun yillab navbatlar hosil bo‘lishi, o‘rtaga tanish bilishlik va pora aralashuvi kuzatilishi aytiladi.

"Bir yil davomida 20 ming yoki 30 ming odamni yuboradigan bo‘lsa, O‘zbekiston uchun juda ham foydali. Masalan, uchoqqa chipta sotish orqali davlat byudjetiga pul tushirishadi. Lekin odamlarning aytishi bo‘yicha, bunga kafillik bera olmayman, agar haj o‘rinlari ko‘payadigan bo‘lsa, korruptsiyaga o‘rin qolmaydi. Ya‘ni pora bilan hajga borish degan narsaga o‘rin qolmaydi. Boshqa sohalarda bo‘lgani kabi O‘zbekiston haj sohasida ham korruptsiya holatini aytish mumkin", - deydi Abdurahmon Tashanov.

BBC O‘zbek xizmati bilan Whatsapp, Telegram va Viber orqali bog‘lanishni istasangiz, telefonimiz: +44 78-58-86-00-02.

Instagram - BBC UZBEK

Twitter - BBC UZBEK

Odnoklassniki - BBC UZBEK

Facebook - BBC UZBEK

Google+ - BBC UZBEK

YouTube - BBCUZBEK (https://www.youtube.com/user/bbcuzbek)

Skype - bbcuzbekradio