"1 milliard dollarni joyiga qo‘ying yoki iste‘fo bering!"

Image copyright Reuters

Moldovada "Asr talonchiligi" deb ta‘riflanayotgan mojaro ko‘p ming kishilik norozilik namoyishiga sabab bo‘lgan.

6 sentyabr kuni poytaxt Kishinyovda to‘planganlar Moldova Prezidenti Nikolaye Timofti, Bosh prokuror, Milliy bank va boshqa idoralar rahbarlarining iste‘fo berishlarini, yangi parlament saylovi o‘tkazilishini talab qilmoqdalar.

Kishinyovdagi ushbu namoyish Moldovadagi 1990-yillardan buyon eng yirik norozilik namoyishi deb ko‘rilmoqda.

Tashkilotchilar chodir shaharcha tashkil etishni boshlaganlar.

Ular o‘z talablari bajarilmagunicha tarqalmoqchi emasliklarini aytishgan.

Tashkilotchilarning aytishlaricha, Moldova poytaxtiga 100 mingdan ortiq namoyishchi to‘plangan.

Biroq politsiya, to‘planganlarning soni 12 mingdan ortiq emas, demoqda.

Ovro‘poning eng kambag‘al mamlakati deb ko‘riladigan Moldovadagi uch bankdan jami 1 milliard dollar g‘oyib bo‘lgani "Asr talonchiligi" deb atalmoqda, namoyishchilar bu o‘g‘irlik hokimiyatdagilarning aralashuvi bilan yuz bergan demoqdalar.

Norozilik amaliyotini "Ishonch", "G‘urur va adolat" deb nomlangan harakatlar tashkillashtirgan.

Namoyishchilar "G‘alaba", "O‘g‘rilar", "Yo‘qolsin mafiya" deya baqirganlar.

Image copyright Getty
Image caption Namoyishchilar Moldova Prezidenti Nikolaye Timoftining iste‘fosini ham talab qilmoqdalar

Ayrim namoyishchilar Bosh prokuratura binosiga bostirib kirishga harakat qilganlar.

Politsiya bilan namoyishchilar o‘rtasida to‘qnashuv kelib chiqqan, bir necha kishi jarohatlangan.

Moldova Bosh vaziri Valeriy Strelets, hukumat faollar bilan muloqotga tayyor, deb aytgan.

"Asr talonchiligi" janjali bo‘yicha Moldova parlamenti so‘rovi bo‘yicha xususiy detektiv agentligi Kroll tekshiruv o‘tkazgan va mamlakatdagi Unibank, Banca Sociala va Banca di Economii banklarining rahbarlari 2012 yili o‘zgarganidan keyin shubhali moliyaviy operatsiyalar boshlanganini aniqlagan.

Kroll agentligi hisobotiga ko‘ra, banklardan xorijda ro‘yxatdan o‘tgan nomi boru, o‘zi yo‘q mas‘uliyati cheklangan jamiyatlar qarzlar olgan va mablag‘lar chet elga chiqarib olib ketilgan.

Ushbu firibgarlik yuzasidan Moldova Bosh prokuraturasi ham tergov boshlagan.

BBC O‘zbek xizmati bilan Whatsapp, Telegram va Viber orqali bog‘lanishni istasangiz, telefonimiz: +44 78-58-86-00-02.

Instagram - BBC UZBEK

Twitter - BBC UZBEK

Odnoklassniki - BBC UZBEK

Facebook - BBC UZBEK

Google+ - BBC UZBEK

YouTube - BBCUZBEK (https://www.youtube.com/user/bbcuzbek)

Skype - bbcuzbekradio

Your contact details
Disclaimer