Pokiston: o‘z dronimiz bilan jangarilarni o‘ldirdik

Image copyright AP
Image caption Hozircha Pokiston droni qanday ko‘rinishda ekani jamoatchilikka oshkor qilingani yo‘q

Pokiston harbiylari xabar tarqatishicha, mamlakatning Afg‘oniston chegarasiga yaqin Shimoliy Vaziristonida ilk bor Pokistonning o‘zida ishlab chiqarilgan uchuvchisiz boshqariladigan uchog‘i bilan hujum uyushtirib uch jangarini o‘ldirgan.

Birinchi bo‘lib bu haqda Pokiston armiyasining rasmiy so‘zchisi general-mayor Osim Bajva Twitterdagi sahifasida xabar qilgan.

"Bugun birinchi marta Pokistonda ishlab chiqarilgan "Buroq" dronidan foydalanildi. Shoal vodiysidagi terrorchilarning jamlog‘ida 3 yuqori maqomdagi terorchi yo‘q qilindi. Tafsiloti davomida", deb yozgan Pokiston armiyasi voizi.

Pokiston armiyasi "Buroq" deb nomlagan dronni qo‘lga kiritgani haqida 2015 yil mart oyida xabar tarqatgan edi.

Bu dronning lazer nuri bilan boshqarilishi aytilgandi.

Islomiy adabiyotlarda Buroq shunday ta‘riflanadi:

Arab tilidan "yarqiroq", "yorqin nurli" ma‘nolarini anglatib, o‘zagi "barq". Islom dinida juda tez chopadigan va uchadigan, goh ot, goh xachir shaklida ifodalangan maxluqning nomi. Qur‘oni Karimda zikr qilinishicha, Muhammad Payg‘ambar (SAV) Buroqni minib Makka shahridan "tungi sayr"da dastlab Kuddusi Sharifga, so‘ngra Me‘rojga chiqqanlar. Buroq rangli, bo‘yni cho‘ziq, quloqlari uzun, oyoklarida qanoti bo‘lgan, deb ta‘riflangan.

AQSh yetakchiligidagi xalqaro koalitsiyaning Afg‘onistondagi aksilterror amaliyotlari deb atalgan amaliyotlar payti AQSh harbiylari Pokiston hududida ko‘plab dron hujumlarini uyushtirdi.

Pokiston AQShning bu hujumlariga o‘z noroziligini bildirib kelgan.

Ko‘pincha Shimoliy Vaziristondagi jangarilar bu hujumlarda nishonga olingan, biroq ko‘plab tinch aholi ham halok bo‘lgan.

Dron hujumlari O‘zbekiston Islomiy harakatiga jiddiy zarba yetkazgan.

Harakat asoschisi Tohir Yo‘ldosh, undan keyin rahbarlikni qo‘lga olgan Tohir Yo‘ldoshning kuyovi Odil Usmon va harakatning boshqa ko‘plab yetakchilari Amerika dron hujumlarida o‘ldirilganlar, deb ishoniladi.

AQSh dron hujumlariga qarshilik qilgan Pokiston Amerikadan o‘z dronini ishlab chiqishda texnologiya bilan yordam berishni so‘rab kelgan.

Ammo Amerika tomoni bu so‘rovni rad etib kelgan.

Pokiston shu paytgacha raketa ko‘tara oladigan emas, kuzatuv qobiliyatiga ega dronlardan ko‘p foydalanib kelayotgan edi.

Biroq jangovor qobiliyatga ega dron haqida birinchi marta xabar tarqatilmoqda va uning imkoniyatlari haqida ma‘lumot berilmagan.

Tahlilchilarga ko‘ra, Pokiston o‘zining ittifoqchisi Xitoydan bu borada ko‘mak olgan bo‘lishi mumkin.

Pokiston raqibi hisoblanadigan Hindiston o‘z dron dasturiga ega.

Muxbirlarning xabar qilishlaricha, Shimoliy Vaziristondagi Shoal vodiysi Pokiston armiyasi maxsus amaliyotlarni boshlagan 2014 yil iyunidan buyon qaqshatqich janglar sahnasiga aylangan.

BBC O‘zbek xizmati bilan Whatsapp, Telegram va Viber orqali bog‘lanishni istasangiz, telefonimiz: +44 78-58-86-00-02.

Instagram - BBC UZBEK

Twitter - BBC UZBEK

Odnoklassniki - BBC UZBEK

Facebook - BBC UZBEK

Google+ - BBC UZBEK

YouTube - BBCUZBEK (https://www.youtube.com/user/bbcuzbek)

Skype - bbcuzbekradio

Your contact details
Disclaimer

Bu mavzuda batafsilroq