Tojikiston poytaxtida barcha bozorlar yopilgan

Image copyright AP

Savdo-sotiq boshqa kunlardagiga qaraganda ham qizg‘in bo‘ladigan yakshanba kuni Tojikiston poytaxti Dushanbe shahridagi barcha dehqon va buyum bozorlarini yopishga qaror qilingan.

Dushanbe shahri hokimligi ushbu qaror xavfsizlik nuqtai-nazaridan qabul qilinganini ma‘lum etgan.

Bozorlarning 10 sentyabr – Tojikiston mustaqilligi bayramidan keyin ochilishi aytilgan.

Shahar hokimligi mulozimlari bozorlarni yopish qarori so‘nggi zo‘ravonliklarga bog‘liq yoki yo‘qligi haqidagi savolni javobsiz qoldirganlar.

Ayni paytda Tojikiston Ichki ishlar vaziri 5 sentyabr kuni tarqalgan Dushanbe shahri chetidagi militsiya postiga qurolli hujum bo‘lgani haqidagi xabarlarni rad etgan.

Bundan oldin DAN postiga hujum oqibatida bir necha militsiya xodimi halok bo‘lgani haqidagi xabarlar tarqalgan edi.

Ichki ishlar vazirligi rad etganiga qaramasdan, Dushanbe shahri chetida istiqomat qiladigan odamlar otishma ovozlarini eshitganlari haqida aytganlar.

6 sentyabr kuni Tojikiston Prezidenti Imomali Rahmon Dushanbe chetidagi Vahdat shahriga borgan.

Prezident Rahmon ikki kun oldin qurolli hujum oqibatida to‘qqiz militsioner o‘ldirilgan ichki ishlar bo‘limi o‘rniga qurish rejalangan yangi bino poydevoriga ilk g‘ishtni qo‘ygan.

Prezident Rahmon qon to‘kilishiga aybdor bo‘lgan shaxslar qonun oldida javob beradi, deb aytgan.

Prezident Rahmon so‘zlariga ko‘ra, "vijdoni toza bo‘lmagan insonlar Tojkistondagi vaziyatni beqarorlashtirmoqchi" bo‘lganlar.

Prezident Rahmonga ko‘ra, bu odamlar "Islomiy Davlat" g‘oyalariga moyil odamlardir.

Tojikiston Ichki ishlar vazirligi yakshanba kuni poytaxt Dushanbe va Vahdat shahrida vaziyat tinch va o‘zlarining nazorati ostida ekani haqida xabar qilgan.

Romit darasida sobiq mudofaa vaziri o‘rinbosari Abduhalim Nazarzoda yetakchilik qilayotgani aytilayotgan qurolli guruh a‘zolarini qo‘lga olish maqsadida maxsus amaliyot davom etayotganini aytmoqdalar rasmiy mulozimlar.

Ichki ishlar vazirligiga ko‘ra, Abduhalim Nazarzoda rahbarligidagi qurolli guruhning 13 a‘zosi o‘ldirilgan, 32 nafari qo‘lga olingan.

Image copyright Getty

Vazirlik Abduhalim Nazarzodaning ukasi Mirzohayot Nazarov o‘z ixtiyori bilan taslim bo‘lgani haqida xabar tarqatgan.

Shuningdek, 30 dan ortiq kishi, jumladan, Mudofaa vazirligining qator xodimlari qurolli hujumlarga aloqadorlik bilan hibsga olinganini aytganlar rasmiylar.

Rasmiylarga ko‘ra, zo‘ravonliklar oqibatida 22 inson halok bo‘lgan.

General Abduhalim Nazarzoda kim?

Mudofaa vazirining sobiq o‘rinbosari 51 yoshda bo‘lib, Ro‘dakiy tumanidagi "Guliston" jamoa xo‘jaligida tug‘ilgan.

1983-85 yillarda Sho‘rolar armiyasida xizmat qilib qaytgach, poytaxt Dushanbedagi turli korxonalarda ishlagan.

Ammo Mudofaa vazirligining web-sahifasida berilgan tarjimai holida, uning 1993-97 yillar qanday ish bilan mashg‘ul bo‘lgani aytilmaydi.

Bu yillar Nazarzoda Tojikiston Birlashgan muxolif kuchlari safida hukumat qo‘shinlariga qarshi jang qilgani anglashiladi.

1997 yilda tinchlik bitimi imzolanar ekan, uni harbiy qismlardan biriga rahbar etib tayinlashadi.

Tojikiston harbiy qo‘shinlari tarkibida turfa lavozimlarda ishlar ekan, u Rossiyadagi harbiy akademiyada tahsil olgani aytiladi.

Ayni paytda Milliy universitetni ham bitirishga ulguradi.

O‘tgan yil yanvar oyida Prezident Rahmon farmoni bilan Mudofaa vazirining o‘rinbosari lavozimiga tayinlangan.

So‘nggi hujumlarda hukumat tomonidan ayblangan Abduhalim Nazarzoda hozirda Romit mintaqasida o‘zining o‘nlab izdoshlari bilan yashiringani aytiladi.

Uning guruhi Mudofaa vazirligiga tegishli binolardan biridan yirik miqdorda qurol-yaroq olib chiqib ketgani ham aytiladi.

Hukumat mulozimlari Mudofaa vazirining sobiq o‘rinbosari Islom Uyg‘onish partiyasining a‘zosi ekanini urg‘ulashar ekan, sobiq ittifoqda yagona, rasman ro‘yxatga olingan diniy asosdagi partiya faollari bu xabarni rad etishgan.

Ularga ko‘ra, mudofaa vazirining sobiq o‘rinbosari Islom Uyg‘onish partiyasi a‘zosi bo‘lmagan.

Islom Uyg‘onish partiyasining o‘zi so‘nggi vaqtlar Tojikiston hukumati tomonidan bosim ostida qolmoqda.

Ayrim kuzatuvchilarga ko‘ra, hukumat Islom Uyg‘onish partiyasini yopishga ahd qilganlar.

Ayni partiya, muxbirlarga ko‘ra, Tojikiston hukumatiga yagona va real muxolifatda bo‘lgan bir kuchdir.

BBC O‘zbek xizmati bilan Whatsapp, Telegram va Viber orqali bog‘lanishni istasangiz, telefonimiz: +44 78-58-86-00-02.

Instagram - BBC UZBEK

Twitter - BBC UZBEK

Odnoklassniki - BBC UZBEK

Facebook - BBC UZBEK

Google+ - BBC UZBEK

YouTube - BBCUZBEK (https://www.youtube.com/user/bbcuzbek)

Skype - bbcuzbekradio

Bu mavzuda batafsilroq