AQSh Rossiyaning Suriyadagi "harbiy faolligidan xavotirda"

Image copyright Getty

AQSh Davlat kotibi Jon Kerri aytishicha, Rossiyaning Suriyadagi harbiy hozirligi borasidagi xabarlar Qo‘shma Shtatlarda xavotirni uyg‘otmoqda.

Janob Kerri bu haqda Rossiya Tashqi ishlar vaziri Sergey Lavrov bilan telefon muloqotida aytgan.

Amerika matbuoti xabar tarqatishicha, Rossiya Suriyaga ko‘p sondagi harbiy maslahatchilarni, harbiy texnikani yuborgan.

4 sentyabr kuni New York Times ro‘znomasida e‘lon qilingan maqolada aytilishicha, Rossiya yuborgan harbiy-havo kuchlari boshqaruv markazi Suriyadagi harbiy aerodoromga o‘rnatilgan.

O‘z nomi oshkor etilishini istamagan amerikalik mulozimlar aytishicha, bu hatti-harakatlari bilan Rossiya nima qilmoqchi bo‘layotganini hali bilmaydilar.

Biroq taxmin qilishlaricha, Rossiya Suriya Prezidenti Bashar al-Assadga qurol-yarog‘ yetkazib beradigan yoki Suriya rejimi dushmanlariga qarshi havo hujumlarini tashkillashtiradigan harbiy-havo bazasini barpo etishga harakat qilayapti.

Amerika tomoni tashabbusi bilan tashkil qilingan telefon muloqotida janob Kerri janob Lavrovga o‘z xavotirlarini bildirgan.

"Agar bu xabarlar to‘g‘ri bo‘lsa, bunday harakatlar konfliktni yanada kengayishiga, ko‘p sondagi tinch fuqarolar o‘limiga, qochqinlar sonining yanada ko‘payishiga va "Islomiy davlat"ga qarshi urushga kirishgan koalitsiya bilan qarama-qarshilikka yetaklashi mumkin"ligini aytgan AQSh Davlat kotibi Jon Kerri.

AQSh va Rossiya Suriya borasida butkul qarama-qarshi mavqeni egallaganlar.

Rossiya Suriya hukumatini dastaklab, qurol-yarog‘ bilan yordam berib kelmoqda.

AQSh Prezident Assadni hokimiyatdan ag‘darishni istaydi.

Suriyaning o‘zidan olinayotgan so‘nggi xabarlarda kamida 47 inson halok bo‘lgani aytilmoqda.

Mamlakat shimolidagi Marea shahrida "Islomiy Davlat" va boshqa jangarilarga qarshi qaqshatqich janglar bo‘lib o‘tgani xabar qilinmoqda.

Suriya hududida paydo bo‘lgan BTR-82

Avgust oyi oxirida Suriya armiyasi Latakiya shahrida kechayotgan janglar tasvirga tushirilgan videoni tarqatdi.

Bu videoni ko‘rgan harbiy ekspertlar aytishicha, u yerda Rossiya armiyasi atigi ikki yil oldin qabul qilib olgan zarhli transportyor BTR-82ni ko‘rish mumkin.

Rasman Rossiya Suriyaga eski BTR-80 rusumidagi zirhli texnika sotgan.

Suriyalik harbiylar hali BTR-82 bilan yaxshi tanish bo‘lmaganlari uchun Rossiya Suriyadagi urushga faqat texnika emas, o‘z harbiylarini ham yuborgan, degan taxmin yuzaga chiqqan.

20 avgust kuni Qora dengizdagi Rossiya harbiy-dengiz flotiga tegishli bo‘lgan "Nikolay Filchenkov" deb nomlangan harbiy kema Bosfor bo‘g‘ozidan o‘tgani haqida xabarlar tarqaldi.

"Nikolay Filchenkov" kemasi Suriyaga harbiy texnika olib borgan bo‘lishi mumkinligi aytildi.

4 sentyabr kuni gapirgan Prezident Vladimir Putin Rossiya "texnika bilan va harbiylarni tayyorgarlikdan o‘tkazishda Suriyaga ancha jiddiy ko‘mak ko‘rsatayotganini" aytdi.

Biroq Rossiyaning "Islomiy Davlat"ga qarshi harbiy amaliyotlarda to‘g‘ridan-to‘g‘ri ishtiroki haqida gapirishga hali erta, degan Prezident Putin.

BBC O‘zbek xizmati bilan Whatsapp, Telegram va Viber orqali bog‘lanishni istasangiz, telefonimiz: +44 78-58-86-00-02.

Instagram - BBC UZBEK

Twitter - BBC UZBEK

Odnoklassniki - BBC UZBEK

Facebook - BBC UZBEK

Google+ - BBC UZBEK

YouTube - BBCUZBEK (https://www.youtube.com/user/bbcuzbek)

Skype - bbcuzbekradio

Bu mavzuda batafsilroq