O‘zbekistonlik talaba: Isitmasi chiqmayotgan avlod haqida

Image copyright AP
Image caption "Prezidentimiz ikkiyuzlamichimi?"

Qadrli do‘stim, o‘tgan galgi maktubga sendan oldinroq, ko‘plab o‘quvchilar "munosabat" bildirib ulgurishdi. Kuyinchaklik uchun boshimda bunaqa kaltaklar sinadi deb o‘ylamagandim, tanqid bo‘lar, munosabat bo‘lar, muqobil yo‘llarni izlash urinishlari urchib qolar, ammo quruqdan quruq qarg‘ishlar, "noshukr" degan tamg‘alar yog‘ilishini tasavvur ham qilganim yo‘q edi!

Bilsang, do‘stim, hamma izoh yozganlar ham haqiqatda ham bor odamlar bo‘lmas ekan, shunaqa "kommentator"lar bor ekan, maxsus o‘tirvolib tanqidchilarning "tanobini tortib turar ekan"... Ey, qoyil, odam ham shunaqa go‘l bo‘ladimi? Shunaqalarni yollab turganlar yelkalarida bosh ko‘tarib yurishadimi va yoki yelkaning davomi?!

Qolgan so‘kong‘ichlarga esa, birgina savol - Prezident Karimov bir necha bor, g‘oyalarga g‘oya bilan javob berish haqida gapirmaganmidi?

Matbuotda va jurnalistlarda jur‘at yetishmasligi haqida ham bir necha marta tanqid qilmagan edimi?

Prezidentimiz ikkiyuzlamachimi? Yolg‘on gapiradimi? Yoshlarni faollikka emas, go‘llikka va qullikka chorlaydimi?

Ammo tirik fikrlar ham bildirildi, xursand bo‘ldim, har qalay shoir aytmab edimi –"Bayroqni o‘pmay turib ham vatanni sevish mumkin", deb?

Do‘stim, vatan haqida tortishganlarimiz yodingdami?

"Och qornim - tinch qulog‘im" deb yurganlardan bezib, o‘z yog‘imizda o‘zimiz qovrulgan kunlar esingdami?

Nazarimda, ertaga qanday jamiyatda yashashimiz o‘zimizga bog‘liqday...Mas‘uliyat olishdan cho‘chiydigan, shu kunim o‘tsa bo‘ldi, ertaga bir gap bo‘lar qabilida ish qiladigan va eng dahshatlisi, shifokor ham, o‘qituvchi va hatto mullalar ham aslida pora olmasdan ro‘zg‘or tebrata olmasligini tabiiy deb qabul qiladigan jamiyatda yashayveramizmi?

Balki yetar?!

Image copyright AP
Image caption "Dubayda dam olgani kelgan aziz mehmonning otasi... vazirning haydovchisi!"

Balki bu yaralarni asta-sekin bo‘lsa ham ocharmiz, balki "baraka topgur, prokuror aka, sizga davlat beradigan oylikka bunaqa imorat qurib bo‘lmaydi", deb aytish, davlat tomonidan bu kabi holatlarni tekshirish vaqti kelgandir?

Bundan bir necha yil avval akamning yo‘li Dubayga tushgandi, yodingdami, biznikida o‘tirgandik safar xotiralari bilan o‘rtoqlashib... Uni nima ko‘proq larzaga solgani ham yodingdami? Uchoqdagi voqea... Yodingga solsam...akamni Dubaydagi havo qo‘nalg‘asida kutib oladigan o‘rtog‘i yana biroz turaylik, "Toshkentdan nozik mehmon bor, salom-alik qilib qo‘yamiz", deydi. Akam bu mehmonning kimligi bilan qiziqadi. Bir necha bor so‘raydi. Akamning do‘sti nihoyat o‘sha nozik mehmonni kutib oladigan uch-to‘rt kishining yoniga boradi, chiqish yo‘lakchasida bir o‘zbek yigit ko‘rinadi, hamma tavozeda, hammaning qo‘li ko‘ksida... Nihoyat, kutib olish jarayoni yakunlanadi, uyga kelishadi, akamga do‘stining aytishicha, bu nozik mehmon "Toshkentning manaman" deganlaridan ekan... Toqati toq bo‘lib, akam, kim ekan o‘sha manamaning deb jig‘iybiyron bo‘ladi. Do‘sti javob qiladi. "Oshna, bu yigit Almatovga yaqin, otasi Almatovning shofyori, dam olgani kelgan", deydi! Kel, izoh bermay bu voqeaga...

Mana shunaqa jamiyatda yashaymizmi?

Image copyright none
Image caption "Prezident ham orzu qiladi..."

Millionlab o‘zbekistonlik Prezident aytmish Rossiyada ko‘cha supurib yuribdi! Otaxon ularni "dangasa" deb, ulardan "jirkanaman" qabilida gapirib baloga qoldi, ammo bir tomondan Prezidentni tushunaman, albatta orzu qiladi u ham, bir o‘zbek bo‘lsa, Moskvada ko‘cha supurmasin, rizqini vatanda topsin deydi...

Prezident borgan joyni avvaldan "obod qilib qo‘yib", suhbatiga faqat "to‘qlar" ro‘para qilinavergandan keyin, u nima qilsin? Qayerdan bilsin haqiqiy ahvolni? Xalq holini bilmay o‘tgan shohlar tarixda ozmi, do‘stim?

Ayrimlar mehnat muhojirlari qaytib o‘zimizda ham ishlasa bo‘ladi deb dakki beribdi, xo‘p, qaytsin ham ular, ammo qayerda ishlaydi?

Qani ish o‘rinlari? Ish topgan taqdirda ham, beradigan maoshga yashash mumkinmi? Yoki bunga ham ko‘z yumamizmi, qanoat qilsin, shukr qilsin, yetadi deb yolg‘on da‘vo qilamizmi?

Muammo esa aslida chuqurroq...Bir uchun an‘analarga borib taqaladi, do‘stim, ammo afsuski, televizoru radiodan, jurnalu gazetadan ana shu an‘analar milliylikning eng oliy ko‘rinishi sifatida ta‘riflanadi! Rag‘batlantiriladi! To‘ylar, to‘ylar, to‘ylar... Kimdir aytdi, Toshkentda quda-andalar to‘ydan avval qo‘y tortiq qilsa, bu qo‘yni YaSANTIRIB olib borishayotgan ekan! Bundan yuz yil avval Behbudiyning ohi osmonga o‘rlagan edi bu to‘yparastlikdan yozg‘irib! Yuz yilki, hech narsa o‘zgargani yo‘q! Yillab yig‘ilgan sarmoya ma‘rifat uchun emas, "birovlardan kam bo‘lmaylik" degan aqida, dabdaba va manmanlik yo‘lida sovuriladi!

Bu kabi to‘ylar millatning an‘anasi, faxri emas, balki eng jirkanch illati ekani haqida qachon gapiramiz?

Millat o‘laroq, biz faxr qiladigan turfa xislatlar bilan birga mutlaqo, shafqatsizlarcha jirkanadigan illatlarimiz borligi haqida qachon bong uramiz?

Rahmatli qiziqchi Hojiboy Tojiboyev aytmish, hamma dardimizga ham qo‘y yog‘i davo bo‘lmaydi! Qachon isitmalab oshkor qilamiz kasalliklarni?!

Muhojirlar esa... mana qara, o‘rtacha bir oilaning oylik daromadini 300 dollar deb olaylik! Bu tasavvurimizdagi oilaning kamida ikki farzandi bor deb faraz qilaylik, endi qo‘rqmasdan, ana shu hisobdan kommunal to‘lovlar, oziq-ovqat, maktab uchun darsliklar, kiyim-kechak, yo‘l haqi... va boshqa narsalar uchun xarajatlarni chiqarib tashlaylik. Qancha qoldi? Qancha yig‘ish kerak uy olish uchun?

O‘n yilda bu daromad bilan mashina olsa bo‘ladimi? Millionlab o‘zbekistonliklar nima uchun vatanni tashlab chiqayotgani haqida savolga eng jo‘n javobni berdimmi?

Hamma ham vazirlikda ishlamaydi, hammaning ham otasi vazirning haydovchisi emas!

Image copyright Getty
Image caption "G‘arbdan esa... ming so‘kmaylik, hali o‘rganamiz..."

G‘arbdan esa... ming so‘kmaylik, ming burnimizni uyning shiftiga qadar ko‘tarishga harakat qilmaylik, hali ko‘p narsani o‘rganishga to‘g‘ri keladi, bir paytlar bular bizning bobokalonlarimizdan o‘rganishga or qilmagan! Shuning uchun ham gullab-yashnamoqda tibbiyotidan tortib, zamonaviy texnologiyalariga qadar... Har narsani sassiq deyishga o‘rgatilgan burunlarni kesib tashlasa ham bo‘laveradi!

Masalan, ilm-fanga e‘tiborni o‘rganaylik! Televizordan yo kontsert, yo serial va yo va‘zxonlik qilmasdan, ilmiy, hujjatli va dunyoqarashni kengaytiradigan, dunyoboxobar qiladigan ko‘rsatuvlarni namoyish qilaylik. Bu unchalik qiyin ish emas. Hatto juda oson, aqlli yoshlarning beshtasi tanlab olinadi, o‘nlab hech kimga keragi bo‘lmagan tahririyatdan atigi bittasi qisqartiriladi va pul shu yoshlarga beriladi!

Bu yerda talabaning fikru xayoli o‘zi istagan sohaning eng ilg‘or vakili bo‘lib yetishmoqlik, bilasanmi, agar o‘rganmasa, darsini qilmasa, otasi vazirning haydovchisi bo‘ladimi, hatto vazir bo‘ladimi, farqi yo‘q, diplom olish imkonsiz!

Eng yaxshisi yana bilasanmi nima, iqtidorli yoshlar uchun grant beriladi, davlat deyarli foizsiz kredit beradi, yordam puli ajratadi... Chunki xalqqa xizmat qiladigan hukumat mamlakat obodligining garovi rostdan ham yosh avlod ekanini biladi, shunga chin dildan ishonadi, qolaversa ana shu ishonch, o‘z davlatini sarbaland ko‘rish siyosatning ustuniga aylangan.

Shuning uchun ham bu yerda saylov vaqti odamlar partiyalarning dasturamalida ta‘lim tizimiga doir nima bor ekan, farzandlarimiz kelajagi uchun qanday xizmat qilar ekan deb obdon tekshirib, keyin ovoz beradi!

Bizda qanaqa? Saylovdan avval bilasan kim yutishini, qayerda bo‘lmagin qarshingga turi ko‘p bo‘lsa ham, mohiyati bir xil "nomzod"lardan "tanlov" imkoniyati beriladi!

G‘arbda ham hammasi binoyidek emas, ammo o‘rganadigan tomonlarimiz tiqilib yotibdi, hech qursa maishiy poraxo‘rlikni yo‘qotishgan bu yerda!

Albatta, chet ellardan kelgan talabalar uchun vaziyat boshqacharoq, boshida hatto qiyin bo‘ladi, chunki yangi muhit, yangi qadriyatlar... Chunki vatanda o‘qish tizimi mutlaqo boshqacha, ayrim holatlarda mantiqsizdir!

Masalan, kelajakda o‘z sohangga mutlaqo aloqasi bo‘lmagan fanlardan imtihon topshirasan va yoki shu fanni o‘qishing shart. Bir o‘ylab ko‘rgin, shunda ham faqat bizning kursga qancha talaba o‘z kuchi bilan kirgan edi?

O‘z kuchi bilan barcha fanlardan ham imtihon topshirib chiqar edimi?

Nima qilish kerak?

Image copyright none
Image caption "Nima qilish kerak?"

Tinchlik bo‘lsa, omonlik bo‘lsa, shukr, qora qozonim qaynab turibdi degan ishchini ham, vazirni ham ishdan olish kerak!

O‘zing o‘ylab ko‘r, bunaqada taraqqiyot bo‘ladimi?

"Bola-chaqa bor" deb bahona qilayotgan minglab, balki yuz minglab va millionlab millatdoshu dindoshlarimiz hech qursa ...shu bola-chaqasini o‘ylab ko‘radimi?

Tinchlik bo‘lsa, omonlik bo‘lsa, ha qora qozonim qaynab turibdi deydiganlar bizda vagoni bilan topiladi.

Salgina boshqacha gapirib qo‘ysang, tamom, noshukr, agar tanqid qilib qo‘ysang "xoin"ga aylanasan!

Ochig‘i do‘stim, agar xoinlik mening mana shu kuyinishlarim bilan ifodalansa, ha, men xoinman!

Omon bo‘l,

Muhojir do‘sting

BBC O‘zbek xizmati bilan Whatsapp, Telegram va Viber orqali bog‘lanishni istasangiz, telefonimiz: +44 78-58-86-00-02.

Instagram - BBC UZBEK

Twitter - BBC UZBEK

Odnoklassniki - BBC UZBEK

Facebook - BBC UZBEK

Google+ - BBC UZBEK

YouTube - BBCUZBEK (https://www.youtube.com/user/bbcuzbek)

Skype - bbcuzbekradio

Bu mavzuda batafsilroq