Zarvaraqlar: Cho‘lpon - To‘rt xat

Image caption Cho‘lponning NKVD qamog‘ida olingan surati

Zarvaraqlar ruknimizda Cho‘lponning hali zamonaviy o‘zbek matbuotida e‘lon qilinmagan she‘rlaridan ba‘zilarini chop etmoqdamiz. Bugungi she‘rlar "To‘rt xat" deb ataladi va 1934-1935 yillar orasida yozilgan. Cho‘lpon o‘ziga xos majoziy uslubida chet ellar haqida gapirar ekan, ayni payt bu she‘rlardan yaqqol o‘sha payt Sho‘rolar Ittifoqidagi hayot namoyon bo‘ladi. Biroq bu she‘rlarning buyukligi shundaki, ular bugungi hayotga ham ishora qilayotgandek...

To‘rt xat

Berlin, 10 yanvar

Birinchi xat

Kecha buyuk yo‘lboshchimiz radioda gap qildi,

Bo‘ynim yana qarshisida hurmat bilan egildi.

Radioni o‘pdim darhol; nash‘a butun badanda!

Men nemisman, qonim toza, buyuk Gitlerga banda...

Mansab yaxshi, cho‘ntak to‘la, sernash‘aman, serxanda!..

Ey, xudoyim, bir kun kelib, qila ko‘rma sharmanda!..

Shults

Ikkinchi xat

Kecha "Gitler" radioda yana uzun so‘z qildi.

Barmoqlarim mushtumlab - hovuchimga siqildi...

Radioni tepkim keldi, bir qaltiroq badanda...

Men - nemisman, bir ishchiman, ochman, ishsiz va randa...

Oilam och, cho‘ntak quruq, na bir nash‘a, na xanda...

"Sotsialist" deb nom qo‘yganlar... yer yuziga sharmanda!

Maks

Tokio, 1 yanvar

Birinchi xat

Manchjuriyada bir o‘g‘lim bor, askarlarning to‘rasi,

Botir bola, asl yapon, Samuray nevarasi.

Kechagina bir xat yozib, holu-ahvol so‘raydi,

Umid bilan o‘stirganman, qarib qoldim, qaraydi...

Tez-tez menga pul yuborib, "rohat yashang, siz!" - deydi.

"Manchjuriyani yashnatdik biz, jannat qildik biz!" - deydi.

Arakining so‘zlariga qoyilman men chinakam,

Manchjur taxti - yapon toji na ko‘rkam!

Tokaramo

Ikkinchi xat

Manchjuriyada bir o‘g‘lim bor, el qatori bir askar,

Yaxshi bola o‘zi, lekin kam keladi xat-xabar,

Yaqinda bir xat yozipti, tashvish to‘la xatida.

Unday desam, boshqa narsa bormi odam zotida?

Bir kun unda, bir kun munda, orom olmay yurarmish,

Sal bo‘shasa, to‘ralari tutib olib urarmish.

Qorin uncha to‘ymas emish, mening qornim to‘qmidi,

Munda qolgan fuqarodan och bo‘lganlar yo‘qmidi?

Faqat bolam kunlar bo‘yi yemas emish hech narsa,

Shuni o‘ylab yuragimda qo‘zg‘aladi vasvasa...

Bu ellarda odamlarning qadri bormi chumchuqcha?

Bosh ustiga "soliq bor!" - deb dag‘dag‘asi ortiqcha!

Og‘irlig‘i oltinga teng yaponlar ham yo‘q emas,

Ular Manchjur yurtida ham, balki, bizga entikmas.

Esim yo‘qmi? Tentakmanmi? Yo aslida miyam tor?

Bilmayman: o‘zga yurtda yaponlarga nima bor?!

Shi-Xati

(1935)

BBC O‘zbek xizmati bilan Whatsapp, Telegram va Viber orqali bog‘lanishni istasangiz, telefonimiz: +44 78-58-86-00-02.

Instagram - BBC UZBEK

Twitter - BBC UZBEK

Odnoklassniki - BBC UZBEK

Facebook - BBC UZBEK

Google+ - BBC UZBEK

YouTube - BBCUZBEK (https://www.youtube.com/user/bbcuzbek)

Skype - bbcuzbekradio

Bu mavzuda batafsilroq