Aun San Su Chining demokratiyasida musulmonlarga o‘rin yo‘qmi?

Image copyright AP
Image caption Aun San Su Chi jasoratini yo‘qotdimi?

Aun San Su Chi Osiyo Nelson Mandelasi sifatida ta‘riflangan paytlar bo‘lgandi. Ashaddiy tarafdorlari uchun esa, u bundan ham ortiqroq - demokratiya ma‘budasi edi go‘yo.

Endiga kelib, Nobel mukofoti sovrindori nega noyabr saylovlari uchun partiya nomzodlari ro‘yxatidan musulmonlarni chiqarib tashlamoqda?

29 yoshli Situ Maung Aun San Su Chi rahbarligidagi "Milliy demokratiya ligasi"dan nomzod bo‘lish va tarixiy saylovlarda ishtirok etishga qattiq umid bog‘lagandi.

Nisbatan yoshroq ekanini hisobga olmasa, u boshqa barcha talablarga javob beradi.

Taniqli talabalar yetakchisi "Za‘faron" deb nomlangan inqilobda ishtirok etgan va ortidan qamoqda ham o‘tirib chiqqan. "Za‘faron inqilobi" 2007 yillar oxirida buddoyi rohiblar boshchiligida o‘tkazilgan norozilik chiqishlari edi.

Situ Maung aksar musulmonlar yashovchi Yangon shaharchasidagi Rabedan saylov okrugini ko‘zlayotgandi. O‘zi musulmon bo‘lgan yigit uchun bu ayni muddao edi.

Ammo, "Milliy demokratiya ligasi" uni qabul qilmadi. Situ Maungning o‘rniga buddoyi nomzod ro‘yxatga tirkaldi.

U o‘zining rad qilinganiga sabab diniy e‘tiqodi bo‘lganiga ishonadi.

"Qani endi, "Milliy demokratiya ligasi" irqu dinga qarab kamsitmasa-da, barcha malakali nomzodlarga adolatli va teng imkoniyatni bersa", deya afsus qiladi u.

"Milliy demokratiya ligasi" ham ichkarisi va ham tashqarisidagi manbalarimiz partiyaning mintaqa va umumiy saylovlar uchun tanlagan 1,151 nafar nomzodidan biror nafari musulmon emasligini aytishadi.

Bu kamsitish siyosati ekanini isbotlash mushkul. Ammo, bir narsa - Yangon va Mandalay kabi aksar musulmonlar yashovchi hududlarga panja orasidan qaralayotgani aniq.

Musulmon nomzodlar haqida so‘rar ekanmiz, partiya asoschilaridan biri, 89 yoshli Yu Tin Oo: "Men bilmayman", degan javob bilan cheklandi.

U nomzodlar orasida musulmonlar yo‘qligini "Milliy demokratiya ligasi" ro‘yxati Myanmarning fuqarolik tartib-qoidalari asosida tuzilgani bilan izohladi.

Biroq, Yu Tin Oo keltirgan fakt fuqaroligi yo‘q Rohinga musulmonlari holatini izohlaydi, xolos. Asrlarki, avlod-ajdodlari Birmada yashab kelayotgan ko‘plab musulmonlar uchun bu sabab bo‘la olmaydi.

Image copyright AP

Yo‘ldan og‘ishish

Myanmar musulmonlari aniq soni o‘ta nozik masala. O‘tgan yilgi aholini ro‘yxatga olish natijalari oshkor qilinmadi. Shunday ekan, musulmonlar mamlakat aholisining 4dan 10 foizgacha bo‘lgan qismini tashkil qilishi taxmin qilinadi.

2012 yil parlamentga saylanganidan beri Aun San Su Chi mamlakatning qattiqqo‘l rohiblari ko‘nglini ranjitib qo‘yishdan qochib, o‘z yo‘lidan og‘ishgan.

Bu esa, G‘arb inson haqlari guruhlarining xafsalasini pir qildi.

Joriy yil boshlarida BMT maxsus vakili Yangi Li taniqli buddoyi rohib tomonidan haqorat qilingan payti Aun San Su Chining sukut saqlagani, uni himoya qilib chiqmagani oshib tushdi. Rohib Ashin Viratu Li xonimni o‘shanda "fohisha" deb atagandi.

Asosiysi g‘alabami?

Musulmon nomzodlardan voz kechish qaroriga shu nuqtai nazardan qarash to‘g‘riroq bo‘ladi. Saylovdan keyin armiya bilan kechgan murakkab muzokaralar ortidan "Milliy demokratiya ligasi" rohiblar bilan qarama-qarshilikka bormaslik yo‘lini tanladi.

"Uning "Qo‘rquvdan xalos bo‘lish"ni (Aun San Su Chining insholar to‘plami) yozgani istehzoli... Hozir u nimadandir qo‘rqadi", deydi musulmon faollardan biri. "O‘ylashimcha, Su Chi jasoratini yo‘qotdi", deya qo‘shimcha qiladi faol.

1990 yillardan to 2000 yillar boshlarigacha mamlakatni boshqarayotgan generallarga qarshi tura olgan ayol uchun bu haqoratli tanqid ekaniga shubha yo‘q.

Biz bilan suhbatda bo‘lgan yana bir faol ham musulmonlarni nomzodlar ro‘yxatidan chiqarish "noto‘g‘ri" qadam bo‘lganini aytadi.

"Milliy demokratiya ligasi" uchun ishlagan va uzoq yillar ularga sodiq bo‘lgan musulmonlar ko‘p. Parlamentda ozchiliklar ovoz bo‘lishi muhim", deydi faol Mya Ay.

Noyabrga mo‘ljallangan umumiy saylovda parlamentdagi 25 foiz o‘rinni armiya egallashi allaqachon kafolatlangan.

"Milliy demokratiya ligasi" esa, parlament o‘rinlarining uchdan ikki qismga ko‘z tikkan. Bu - katta nishon. Ammo, agar maqsadga erishilsa, partiya kelasi prezidentni tanlash erkinligini qo‘lga kiritishi mumkin.

Agar uchdan ikki qismni imkoniyatdan tashqari bo‘lib chiqsa, "Milliy demokratiya ligasi" kichikroq partiyalar dastagiga suyanishiga to‘g‘ri keladi.

Aun San Su Chi hozirga qadar bir qator saylovoldi tadbirlarida ishtirok etdi, bu tadbirlarga ko‘plab odamlar kelishdi.

Endi esa, yana bir imkoniyat tug‘ildi, aftidan, uning uchun hozir eng muhimi g‘alaba qilishdir...

BBC O‘zbek xizmati bilan Whatsapp, Telegram va Viber orqali bog‘lanishni istasangiz, telefonimiz: +44 78-58-86-00-02.

Instagram - BBC UZBEK

Twitter - BBC UZBEK

Odnoklassniki - BBC UZBEK

Facebook - BBC UZBEK

Google+ - BBC UZBEK

YouTube - BBCUZBEK (https://www.youtube.com/user/bbcuzbek)

Skype - bbcuzbekradio

Bu mavzuda batafsilroq