Shvetsiya tergovchilari: "O‘zbekiston hukumati o‘z fuqarosi Jukovskiy borasida sukut saqlamoqda"

Image copyright none
Image caption Obid qori Nazarov joniga 2012 yilda qasd qilingandi

Shvetsiya tergov rasmiylarining aytishlaricha, o‘zbekistonlik taniqli imom Obidxon qori Nazarov joniga suiqasd uyushtirishga aloqadorlikda gumon qilingan O‘zbekiston fuqarosi ustidan tergov jarayoni davom etmoqda.

Yuriy Jukovskiy avgust oyi oxirida Rossiyadan ekstraditsiya qilingandi.

Suiqasd urinishi 2012 yil fevral oyida uyushtirilgan bo‘lib, shundan so‘ng, tergov tomoniga ko‘ra, Jukovskiy Shvetsiyani tark etgan.

Tergov ishlarini olib borayotgan Krister Petersonning BBC bilan suhbatda aytishicha, uning go‘yo Jukovskiyning turmush o‘rtog‘idan elektron maktub olgani haqidagi xabarlar asossizdir.

Krister Peterson: Jukovskiy ekstraditsiya qilinib, hibsga olinganidan so‘ng, biz uni bir necha bor so‘roqqa tutdik. U tergov bilan hamkorlik qilmoqda. Lekin u hamma ayblovlar va bizning unga nisbatan gumonlarimizni rad etmoqda. Hozirda tergov manfaati tufayli, uning aynan nimalar degani va qanday javob berayotgani tafsilotlarini ochiqlay olmaymiz.

BBC: Lekin u ayblovlarni rad etmoqda dedingiz, hozirgi bosqichda unga qanday ayblovlar qo‘yilmoqda?

Krister Peterson: Bizning gumonimiz shundaki, u Obidxon qori Nazarov joniga uyushtirilgan suiqasdning asosiy ijro etuvchisidir. Biz qo‘lga kiritgan dalillar bu shubhalarni tasdiqlashga katta hissa qo‘shadi, deb ishonamiz. Ayni dalillarning ba‘zilarini bu yerdagi ilk mahkama majlisida, uni hibs ostida qoldirish qarori chiqarilgan mahkamada taqdim etganmiz. Lekin tergov taktikasi nuqtai nazaridan hamma dalillar hozircha uning o‘ziga taqdim etilgani yo‘q. Bu dalillar unga bosqichma-bosqich taqdim etilib, uning nima deyishiga qarab, boshqa dalillarga solishtirilgan holda olib boriladi.

BBC: O‘sha dastlabki mahkama majlisida Jukovskiy o‘zi shaxsan hozir bo‘ldimi?

Krister Peterson: Yo‘q, u shaxsan mahkamada hozir bo‘lgani yo‘q. U videoaloqa orqali savollarga javob berdi. Shvetsiya qamoq tizimi rasmiylari Jukovskiy gumon qilinayotgan jinoyatning tabiati, uni bir joydan ikkinchi joyga ko‘chirishda qo‘shimcha xavfsizlik choralari ko‘rilishi ehtiyoji borligi ehtimoli tufayli uni shaxsan mahkamaga olib kelishga qarshi maslahat berishgandi. Mahkamada tergovni 25 sentyabrga qadar olib borish uchun ruxsat berildi. O‘shanda yana bir mahkama majlisi o‘tkaziladi va kerak bo‘lsa, tergov jarayonini cho‘zishga yana ruxsat so‘raymiz. Taxminimizcha, tergov kamida 2 oy davom etadi. Bu ish bilan bog‘liq, ya‘ni janob Jukovskiyga yordam berishda gumon qilingan ikki shaxsni mahkamaga tortishdan oldin o‘tkazilgan tergov jarayonida ko‘plab ma‘lumotlar yig‘ilgandi. Hozirda janob Jukovskiy ularning bari bilan tanishib chiqishi kerak. Ularni biz tarjima qilib berishimiz kerak, bundan tashqari uning o‘ziga nisbatan tergov jarayonida ham talaygina ma‘lumot yig‘ilgan. Shuning uchun u kamida ikki oy tergov hibsi ostida bo‘lsa kerak.

BBC: Shvetsiya qonunlarida tergov jarayoni qancha vaqt davom etishi belgilanganmi?

Krister Peterson: Yo‘q, aniq muddatlar belgilanmagan. Lekin tergov hibsi ostida bo‘lgan vaqt keyinchalik qamoq jazosi belgilangandan keyin o‘sha muddatdan olib tashlanadi. Masalan, mahkama qarori chiqqunga qadar bir yil hisbda bo‘lsa, besh yillik qamoq jazosidan bir yil olib tashlanadi. Lekin agarda Jukovskiyning jinoyati isbotlansa, u umrbod qamoq jazosiga yuz tutishi mumkin. Biz baribir tergov 2-3 oy davom etishini taxmin qilmoqdamiz.

BBC: Janob Jukovskiyning turmush o‘rtog‘i sizga elektron maktub yo‘llab, erining qayerda ekanligini ochiqlashni talab qilgani haqida xabarlar tarqalgan edi...

Krister Peterson: Men uning turmush o‘rtog‘idan hech qanday maktub olganim yo‘q. U men bilan umuman hech qanday aloqaga chiqmagan. Lekin shuni aytishim mumkinki, janob Jukovskiyning o‘zi qamoqxona rasmiylaridan xotiniga telefon qilish ruxsatini so‘ragan. Biz tergov jamoasi nomidan unga bu kabi ruxsatini berdik. Lekin u xotiniga qo‘ng‘iroq qildimi, yo‘qmi, hozircha xabarim yo‘q.

BBC: O‘tgan galgi suhbat mobaynida siz O‘zbekiston tomoniga Jukovskiy borasida yuborgan bironta so‘rovingizga javob olmaganingizni aytgandingiz. Uning Rossiyadan ekstraditsiya qilinganidan so‘ng hech bo‘lmasa o‘zbek rasmiylari siz bilan aloqaga chiqishdimi?

Krister Peterson: Yo‘q, O‘zbekiston rasmiy doiralari tomonidan hech qanday aloqaga chiqish harakati bo‘lmagan.

BBC: Jukovskiy o‘z rafiqasiga qo‘ng‘iroq qilishga ruxsat so‘rabdi. Aynan unga emas, balki O‘zbekistondagi boshqa biron manbaga qo‘ng‘iroq qilib, tergov jarayoni haqida ma‘lumot bermaydi degan kafolat bormi?

Krister Peterson: Bunisi albatta bir oz muammoli... Biz albatta hamma narsani tekshira olmaymiz. Agarda u qo‘ng‘iroq qilishga ahd qilsa, suhbat mobaynida u yerda qamoqxona vakili va tarjimon albatta bo‘ladi. Agar uning turmush o‘rtog‘idan boshqa shaxsga telefon qilayotgani aniqlansa, suhbat shu zahotiyoq uziladi. Albatta, biz 100 foiz ishonch hosil qila olmaymiz, ammo qo‘limizdan kelgan choralarni ko‘ramiz.

BBC O‘zbek xizmati bilan Whatsapp, Telegram va Viber orqali bog‘lanishni istasangiz, telefonimiz: +44 78-58-86-00-02.

Instagram - BBC UZBEK

Twitter - BBC UZBEK

Odnoklassniki - BBC UZBEK

Facebook - BBC UZBEK

Google+ - BBC UZBEK

YouTube - BBCUZBEK (https://www.youtube.com/user/bbcuzbek)

Skype - bbcuzbekradio

Bu mavzuda batafsilroq