G‘arb yulduzlari Putinni sevishadimi?

Image copyright Getty
Image caption Pamela Anderson Putinning muxlislaridan ekan

Model va aktrisa Pamela Anderson Vladivostokda kechgan... iqtisodiy forumda qatnashib, Vladimir Putin bilan suhbatlashish niyatida bo‘lgan ekan... BBC G‘arb yulduzlaridan kimlar va nima uchun Rossiya prezidentiga muhabbat qo‘yganiga doir ayrim tafsilotlarni o‘rgangan.

Shunday qilib, Pamela Anderson...U iyul oyi Vladimir Putinga ochiq xat yo‘llab, Rossiya prezidentidan Shimoliy dengizdagi suv yo‘llarida Islandiyadan noyob sanalgan kitning go‘shti ortilgan kemaning kechib o‘tishiga taqiq joriy etishni so‘ragan. Ana shu maktubida Anderson xonim Putinni kechki ziyofatga taklif qilgan edi. Keyinroq uni Vladivostokdagi forumga taklif qilishdi.

Hayvonlar huquqlarini himoya etuvchi 48 yashar foto model va aktrisa Putin bilan uchrashdimi, yo‘qmi, hamda bu suhbatning tafsilotlari haqida hech qanday xabar berishgani yo‘q.

Ammo Pamela Anderson jurnalistlar bilan suhbatda rossiyaliklar "atrof-muhitga mas‘uliyat bilan yondashadigan" bo‘lishgani haqida gapirib berdi.

Albatta, modelning bu chiqishiga qarshi fikr bildiradiganlar atrofda yo‘q edi, ammo borlar orasida…Rossiya tabiiy zahiralar va ekologiya vaziri bor edi.

Aynan vazirning o‘zi Ussuriyskdagi hayvonot bog‘i suv toshqini ostidan qanday qilib qutqarilgani va boshqa joyga ko‘chirilgani haqida Pamela Andersonga hikoya qilib berdi.

"Meni bu yerga taklif qilishadi deb o‘ylamagandim, men sizning noyob hayvonlarni asrash uchun qanchalar jon kuydirayotganingizni ko‘rdim", deb aytganlarini RIA Novosti xabarladi.

Image copyright AFP
Image caption "Putin - yaxshi odam..."

80 yoshli Brijit Bardoni Pamela Anderson bilan nafaqat sochlarining rangi va aktyorlik o‘tmishi bog‘lab turadi, balki u ham hayvon huquqlarining ashaddiy himoyachisi sanaladi.

Fransa kinosining yulduzi Jerar Depardening ortidan Rossiya fuqaroligini olish uchun ariza topshirishiga bir bahya qoldi.

Bundan ikki yilcha avval aktrisa agar Parij tsirkdagi ikki fil – Bebi va Nepalni saqlab qolmasa, unda Rossiyaga ketvoraman deb po‘pisa qildi.

Ishqilib, bu fillarga Monako malikasi Stefani boshpana berib, Bardo xonimlari Fransada qoladigan bo‘ldi.

Image copyright d
Image caption Do‘stlar

2012 yildan beri Bardo xonim o‘z suhbatlarida Vladimir Putinni "ideal prezident" deb ta‘riflab keladi.

"Men uni yaxshi odam deb bilaman, har gal nimadir so‘rasam, albatta bajaradi. U hayvonlar huquqlari uchun bizning prezidentlardan ham o‘tkazib, juda ko‘p ish qildi", deydi Brijit Bardo.

Bungacha aktrisa Putin janoblariga Grenlandiya dengiz mushuklarining terilarini eksport va importini taqiqlagani va dengiz mushuklarining bolalarini ov qilmaslik qarorini bergani uchun minnatdorlik izhor etgandi.

Brijit Bardo 2011 yilda Putinga murojaat qilar ekan, "mening suyukli Bosh vazirim", deb aytgandi.

Ikki yildan beri Rossiya fuqarosi bo‘lgan Jerar Depardeni hisobga olmasak ham, Putin siyosatini ochiqchasiga yoqlaydigan yulduzlar oz emas.

Ursur filmlarda hammadan, har qachon g‘olib chiqadigan Stiven Sigal yodingizdami?

Bir paytlar u Bosh vazir o‘rinbosari Dmitriy Rogozinga Rossiya armiyasini "ommabop" qilib beraman deb va‘da bergandi, xullas, bu o‘tda yonmas, suvda cho‘kmas aktyor ham Vladivostokdagi forumga keldi.

Sigal bilan Putin o‘zaro suhbatlashib turishlari ma‘lum bo‘ldi.

Sigalning aytishicha, uning aksariyat hamyurtlari rossiyaliklarni yaxshi ko‘rishar ekan.

Bundan ikki yil avval esa aktyor Degtyarov nomidagi miltiq zavodiga safar qilib, Rossiya qurollarini reklama qilishga tayyorligini aytgandi.

Yozda esa… Stiven Sigal Ukrainaning "qora ro‘yxati"ga tushdi.

Bu ro‘yxatda "mamlakat milliy xavfsizligiga tahdid" deb ko‘rilgan 600 nafar san‘at ahli bor ekan.

Image copyright AP
Image caption Mikki Rurk ham Rossiyani sevadi

Mikki Rurk ham Rossiyani sevishini aytadi.

Moskvaga safari davomida Rossiya rahbarlarini bu aktyor rosa maqtadi.

2011 yilda esa u Sankt-Peterburgda "Orzungga ishon" atalmish xayriya kontsertida ishtirok etgandi.

Vladimir Putin ham o‘sha oqshom kuylab bergandi.

Mirey Mateni eslaysizmi?

Sho‘rolar davrida bu fransalik qo‘shiqchi rosa mashhur edi.

Bir necha bor gastrollar bilan Rossiya bo‘ylab kezgan edi.

U Vladimir Putin bilan ham, Dmitriy Medvedev bilan ham …o‘pishgan!

Fransa ommaviy-axborot vositalari esa uni masxara qilib, Liviya rahbari Muammar Qaddofiy uchun ham qo‘shiq kuylaganini eslab turishadi.

2012 yilda u Moskvaga keladi va "Spasskaya Bashnya" festivalida yana qo‘shiq kuylaydi. O‘shanda pank guruh Pussy Riot "Ilohamiz, Putinni daf qil" nomli qo‘shiqni Iso Balogardon ehromida kuylashgan edi.

Mirey Mate buni "shakkoklik" deb ataydi, ammo keyinroq "bir nasroniy o‘laroq, ularni kechirdim" qabilida chiqish qiladi.

Xullas, G‘arbning aksar siyosatchilaridan farqli o‘laroq, yulduzlari orasida Putinning muxlislari ko‘proq ko‘rinadi...

BBC O‘zbek xizmati bilan Whatsapp, Telegram va Viber orqali bog‘lanishni istasangiz, telefonimiz: +44 78-58-86-00-02.

Instagram - BBC UZBEK

Twitter - BBC UZBEK

Odnoklassniki - BBC UZBEK

Facebook - BBC UZBEK

Google+ - BBC UZBEK

YouTube - BBCUZBEK (https://www.youtube.com/user/bbcuzbek)

Skype - bbcuzbekradio

Bu mavzuda batafsilroq